“Amerika Ovozi” o’quvchilaridan biri bizga quyidagi maktubni jo’natdi. Unda muallif O’zbekistonda ro’mol o’ragan o’quvchi va talaba qizlarga ko’rsatilayotgan tazyiqqa qarshi o’z fikrlarini bildiradi hamda mamlakat rahbariyatiga, Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qiladi. Maqolani o’zgarishsiz e’tiboringizga havola qilamiz.

 

Dehqoncha, “qirg’izcha”, ochiq, ro’yi-rost, boricha yozaman; xafa bo’lish yo’q.

Universitetda o’qib yurgan paytlarim qabul komissiyasida ishlashga yordamga chaqirishdi. Shunday kunlarning birida Andijon shahridan bir singlimiz ko’zida quvonch bilan kelib men Andijon shahridan keldim, shu universitetda mukammal ilm olib, xalqaro darajadagi olima bo’lmoqchiman, bu mening azaliy orzuim deb faxr bilan aytib qoldi. Juda xursand bo’ldim va hujjatlarini bir qur ko’zdan kechirib, qabul komissiyasiga kirgizib yubordim.

Oradan o’n minut o’tar-o’tmas muslima singlim ko’zida bir tasvirlab berish qiyin bo’lgan holatda tashqariga chiqib kelardi, qatra-qatra oqib turgan, ko’zidan toshib chiqayotgan limmo-lim yosh, sinay-sinay degan, lekin haliyam mag’rur ko’zlari, shu atrofdagi barchadan nafratlanib ketgan, lekin tashqariga bilintirmasdan, yuzi qizarib tez-tez nafas olib, men tomonga yurib kelardi. Men hayron qolib hujjatlari joyida edi-ku, dedim ichimda va “Singlim tinchlikmi o’zi”- dedim? Toxtadi va men tomonga qayrilib qarab, o’sha holatda xohlab xohlamay jilmaydi va” Ro’mol o’ramayman degan tilxat yozib berishimini so’rashdi”,- deb ro’molcha bilan 3-4 minut ichida xuddi soatlab yig’laganday, holatdan ezilib ketgan yuzini arta boshladi. O’sha yerda birinchi marta yuragim parcha-parcha bo’lib bo’linib chars-chars yorilib ketdi, hechnarsa deya olmadim; o’zimdan, ishimdan, domlalardan, rahbariyatdan o‘sha paytdagi prezidentimizdan nafratlanib ketdim.

Shu ishlarda faqat prezident aybdor deb o’yladim, oradan bir necha soat o’tib ish bilan Islom Universiteti (hozirgi Xalqaro Islom Akademiyasi) ga bordim. Ne ko’z bilan ko’rayki, o’sha singlim u yerga ham bir imkon bo’lib qolar degan umidda hujjat topshirgani borgan ekan. U yerda ham bir xil holat, ya‘ni tilxat haqida gapirishgan…

Ming afsuski, yana o‘sha yuz, yana o’sha ma’yus ko’zlarni guvohi bo’ldim; hech narsa qila olmadim (bitta student nima ham qila olardi?!) Bunday holatga o’sha yili juda ko’p marta guvoh bo’ldim…

Xullas, maktab, litsey, kollej va ko’plab oliygohlarda boshiga bir parcha “latta” tashlab olgan singillarimiz yoki yigit ko’rki soqol degan o’zbek xalq maqoliga amal qilib, soqolni ko’rk sifatida yoki shunchaki sal o’stirib yuradigan yigitlarimizga har xil repressiv harakat qilinishi allaqachon ko’z yumib bo’lmaydigan haqiqiqatga aylanib bo’lgan edi…

Hozir davlat rahbari o’zgarib, O’zbekiston yangi tug’ilgan chaqaloqday sof, musaffo, islohatlarga to’la, xalqparvar, adolatlik yurtboshini topdi. Minglab beayb qamalganlar oqlandi, Qur‘on, hadis musobaqalari ommaviy tusda televideniyelarda namoyish etildi, qo’shnilar bilan aloqalar juda yaxshilandi, rivojlanish strategyalari tuzildi, valyuta siyosatida hali kuzatilmagan liberallashuv, xalq bilan muloqot tizimlari yo’lga qo’yildi.

O’zbekistonni islom sivilizatsiyasi o’chog’i qilamiz, yurtimizdan o’tgan ajdodlardek zabardast yoshlarni tarbiyalaymiz, buni hatto bog‘cha yoshidan boshlaymiz, deyildi va minglab xususiy bog’chalar ishga tushdi, turizmni rivojlantirish natijasida allaqachon minglab turistlarning tashrifi yuz berdi, ko’p narsa shu qisqa bir-ikki yil ichida O’zebekiston tarixida birinchi marta deb yozildi.

Nafaqat O’zbekiston, balki butun dunyo guvohi bo’lib turgan islohotlar juda tezlik bilan hammani lol qoldirdi, chet elliklar hayron, chet eldan investorlar oqib kelishni boshladi. O’zbekistonga qiziquvchilar oldin mingta bo’lgan bo’lsa, hozir millionga yetdi, butun dunyo yoqasini mum tishlab qoldi, dushman qaysi sohani tanqid qilishni hatto bilmay qoldi.

Shuncha yillik zulmdan xalq, “Endi boshimizga quyosh tegdi, xalqning mana endi o’zingga kelding o’zbegim…. bo’larkanku, bizda ham shunaqa zabardast yurtboshi bo’lsa, yaratgan o’zi sizni asrasin, siz islohat qiling biz siz bilan yelkadoshmiz, butun jonimiz sizga fido, faqat mahkam bo’ling”,- kabi duolar qilib, xotirjam va xursand bo’lganimizdan avvalgi zulmlar shu qisqa vaqt ichida hatto yodimizdan ham ko’tarilib ketdi.

Ammo, lekin, biroq hozir nima bo’lyapti o’zi? Yo’q, menga sal tushuntirib beringlar, o’zi O’zbeksitonda nima bo’lyapti? Qanday qilib, qaysi aql, qaysi mantiq bilan aholisi deyarli 90% musulmon bo’lgan, ming yillardan beri sof islom diniga e‘tiqod qilib kelgan, ayollari ro’molni boshidan tushirmagan xalqni bitta qachonlardir, kimlardir chiqarib qo’ygan “nizom”ni bahona qilib yechintirish mumkin?! Qanday qilib? Nega butun rivojlangan davlatlardagi kabi emin, erkin vijdon erkinligini ta’minlaydigan maktab formasini qila olmaymiz? Dizaynerlar yetishmaydimi? Yoki xohlaganlarga ro’molli holda maktab forma qilishga aqlimiz yetmayaptimi?! Hech kim tushunmayapti, rahbarlar “yuqoridan shunday buyruq kelgan” deyishdan boshqaga yaramayapti, hamma ishni “yuqori”ga to’nkayapti…

Biz bugun o’ta tarixiy, o’ta muhim, o’ta nozik kunlarda turibmiz. Bir tarafda globallashuv muhitida chidab bo’lmaydigan nozik, o’ta qiyin vaziyat, ikkinchi tarafda ichki iqtisodiyotni ko’tarish, byudjetni defitsitdan chiqarish, oliy ma‘lumotlilik qora xalqni Rossiyada emas, o’zimizda ish bilan ta‘minlash, O’zbekistonni xalqaro miqyosda oqlash, biz totalitar, byurokratik, diktatorlikka asoslangan repressiv davlat emas, balki mustaqil, demokratik, qonunlari ustuvor bo’lgan davlat ekanligimizni namoyish qilish o’rniga, qayerdagi na iqtisodga, na siyosatga, na byudjetni o’stirishga, na ishsizlikning oldini olishga foydasi tegadigan SOQOL va bir parcha LATTAni yechishga o’ralishib qolmadikmi?

Nahot shu ikkita narsadan boshqa qilishimiz, o’ylashimiz kerak bo’lgan muhim ishlar bo’lmasa?! Nahot faqat shu ikkitasidan boshqa “muammo” bizda umuman bo’lmasa, biz eng rivojlangan davlatga aylansak? Xo‘p, ayollarni yechintirib, erkaklarni besoqol qildik ham deylik, bundan davlatga, jamiyatga nima foyda, nima zarar? Bu bilan qachongacha yuramiz?! Axir, soqol o’zi tabiiy o’sadigan narsa bo’lsa, bir-ikki kun olmasang tabiiy sal qorayib qoladi-da, nima qilish kerak shunga?! Yoki jahon davlatlari ichida mana O’zbekiston ayollarning ro’molini yechish va erkaklarni besoqol qilish bo‘yicha eng rivojlangan davlat deydigan biror o’rin, jahon reytingi bormi?!

Hamma ajdodlarimiz haykallarini besoqol qilib, soqolsiz qaytadan haykal qilaylikmi?..

Axir, og’zimizni ko’pirtirib gapirib, g’ururlanib yuradigan barcha ajdodlarimiz soqol qo’yishgan-ku? Qani kim xolis, butun dunyoga nomi ketgan birorta ajdodimizning besoqol bo’lganiga misol keltira oladi? Bizga bugun soqol qo’yma, masjidga chiqma, ro’mol o’rama deysizlar, lekin Buxoriy, Temurlarga mos avlod bo’l deysiz, qani bu yerda mantiq? Yurtimizdan, ichki tartib qoidalarimizni deb soqolda yuradigan diplomatlar, elchilar, ro’molda yuradigan konsillik vakilalarini haydab chiqaraylikmi?

Mayli hammasiga ko’z yumsa bo’lar, lekin yurtimizda eng asosiy, yagona, eng oliy islom dargohida ham ayollarni akademiyaga kirganda, yechinib, chiqqanda yana kiyinib olishiga nima deysiz?!

Xalqaro Islom Akademiyasi rektori janob Shuhrat Akmalevich Yovqochevga ochiq xat.

Tarixdan hozirga qadar butun islom olamida dong’i ketgan ulamolarning deyarli yarmi aynan mana shu soqol va ro’mol muammo bo’layotgan bizning yurtimizdan chiqqan! Xalqaro Islom Akademiyasi deganda har birimiz, yosh bola ham biladi, bu joyda islomdan, Qur‘on, hadis, fiqh, islom tarixi, islom iqtisodiyoti, islom huquqi kabi fanlar o’qitiladi, soha bo’yicha kadrlar tayyorlanadi. Endi unda xalqaro degan so’zning bo’lishi, bu yerga xalqaro darajadagi professor o’qituvchilar, turli davlatlardan olimlar, boshqa islomiy, va arab davlatlardan magistratura va doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydigan talabalar keladi, ilm oladi. Endi unda akademiya so’zi bo’lishi bu dargoh eng oliy islomiy xalqaro, ya‘ni butun dunyo musulmon davlatlari tan olgan, eng oliy islomdan ta’lim beradigan dargoh tushuniladi.

Xuddi shu dargohga, asli sharqshunos, sof islom aqiydasi haqida o’rtacha bilimga egan bo’lgan inson rektor qilib tayinlandi, va‘da beraman 99% akademiya o’qituvchilari bundan xursand emas, 99% talaba boshqa iloji yo’qligidan jim o’qishga majbur, holat shunaqa. Bu odam “yuqori” dan tayinlangan, lekin yuqori kimligi hech kimga ma‘lum emas.

Endi juda qisqa muddat, bir necha kunlar ichida Xalqaro Islom Akademiyasida o’qiydigan ayollarni yechintirish bo’yicha tanilgan Shuhrat Akmalevich Yovqochev, sizga oddiy va ochiq savol:

Rektor bo’lib tayinlanganingizga sanoqlik kunlar bo’lishiga qaramay, lekin faoliyatingizning birinchi daqiqalaridan boshlab, akademiyada sof, musaffo islomni o’rganaman deb o’qishga kirgan, o’qiyotgan muslima ayollarimiz, bo’lajak islomshunos kadrlar, kelajakda Buxoriy, Ibn Sinolarni bizga yetishtirib beradigan muslima qizlarimizni nega yechintirishdan boshladingiz? Nega islomshunos kadr o‘sha o’zi o’rganayotgan din buyurgandaqa kiyina olmasligi kerak axir?! Sizni ham ilmiy darajangiz bordir, nega shu oddiy narsaga aqlingiz yetmaydi?! Sizga kim, qaysi qonun bunga ruxsat va huquq berdi?!

Yaqinda yurtimizda o’tgan Qur’on musobaqasi sohibalari ham akademiyada tahslil olyapti, mayli boshqalarni qo’yaylik, shu mushtipar singlimizning ham boshidagi ro’molini tortib olishga uyalmadingizmi?! Siz yaxshi huquqshunos sifatida xolis ayting, kimning boshida ro’moli bo’lsa, darsga umuman kirgizmay, siz o’qishdan noqonuniy chetlashtirgan ojiza singillarimiz dardini kimga aytishini bilmay yuribdi, ro’mol sabab oliygohdan chetlatishga sizga kim huquq berdi? Qaysi qonun, qaysi nizomda bunga ruhsat berilgan? Siz, endi ToshDSHI (Sharqshunoslik instituti) da ishlamayapsiz, bu dargoh XALQARO ISLOM AKADEMIYASI, aka yana qaytarib aytaman XALQARO ISLOM AKADEMIYASI!!!

Bu yerga kelgan xalqaro darajadagi mehmon professor o’qituvchilar, ulamolar delegatsiyalari siz boshidan ro’molini tortib olgan qizlar, ayollar nega islomshunos bo’la turib ro’mol o’ramayotganiga qiziqadi, ajablanadi. Bu hodisalarni eshitsa na yig’lashini, na kulishini biladi… Iltimos bizni butun dunyo musulmonlari va nomusulmonlari oldida sharmanda qilmang! Hech bo’lmasa, shu dargohda muqaddas, sof islom haqqoniy to’g’ri xalqaro darajada o‘qitilsin. Eplay olmasangiz shartta keting, domlaligingizni qiling, sessiyalarda “mazza qilib” ishlang! Sizdan iltimos, hech bo’lmasa, shu dargohda muslima ayollarga zulm qilmang!

 

Aziz RAHBARLAR, axir insof bilan, yo’q do’ppini tasavvur qilib bo’lsa ham “stolga” qo’yib bir o’ylang, BIZ QAYSI SOHADA BUTUN DUNYO REYTINGLARIDA OLDINDAMIZ? Anchadan beri jahon reytinglarni qaraganda eng oxiridan yuqoriga qarab, tekshiradigan bo’lib qolganmiz, ko’p reytinglarda eng qoloq Afrika davlatlari bilan bir qatorda turamiz. Bularning asosiy sababi sizning qo’rqoqligingiz, shartta o’ringizdan turib, ey Baraka topgurlar, men Xalq ta’limi vaziriman, mening qo’l ostimda bo’lgan maktablarga ro’mol o’rab kirmasin deb qaror chiqaryapsizlar, axir bu o’zimiz yozgan qomusimiz, konstitutsiyaga qarshi-ku, deb ayta olmaysiz, yoki oliy ta‘lim vaziri sharta turib, ey Baraka topgurlar, axir oliygohga kirgan inson mustaqil bo’lsa, o’zining vijdon erkinligi bor, boshiga bitta latta tashab olgan bo’lsa, u nimani o’zgartiradi, bunday erkinliklarni cheklamasligimiz kerak deya olmaysiz. To’g’risi, sizlarga qancha yozsam, gapirsam baribir kam, sababi qaysi tashkilotga borsangiz, “yuqoridan buyruq -shu”, deyiladi. O’zbekistonda eng yuqori odam prezident hisoblanadi…

Muhtaram Shavkat Miromonovich,

Men hech qachon prezidentlarga maktub yozmaganman, lekin sizga yozaman, maktubimdagi kamchiliklarim uchun oldindan ma‘zur tutgaysiz, chunki sizning adolatingiz, mard, xalqparvar, va‘dasida turadigan inson ekanligingizdan haliyam umidimni uzmadim. Men siz tayinlagan rahbarlar aytayotgan “yuqori”dagi odam siz emasligingizga chin qalbdan ishonaman. Sizning atrofingizdagilarni bular sizdan ham yuqori qilib olganligini his qilib turibman, bu rahbarlar “yuqori” deb kimni aytadi bilmadim, lekin oddiy qora xalq “yuqori” deb faqat sizni bilishadi, demak yana eski davrdagi kabi hamma ayb, nuqson, kamchilik sizga to’nkalaveradi, to’nkalaveradi, to’nkalaevradi. Aynan mana shu fakt siz va siz qilayotgan islohotlarga qarshi turgan klanlar uchun ayni muddao deb hisoblayman.

Ya‘ni xalq sizni yomon ko’rsin, natijada yana o’sha 1991-yildan buyog’i gaplar, buni o’zingiz juda yaxshi tushunasiz. Masalaning eng nozik joyi bu klanlar bizning o’ta nozik joyimizdan ushlashdi, og’riqlik nuqtamizga zarba berishyapti, orimiz, g’ururimiz, faxrimiz bo’lgan muhtarama ayollarimizni yechintirishi bizga hech tinchlik bermayapti. Mayli, soqolsiz yura olamiz, har kuni bir marta soqolni olib yurish uncha qiyin emas, lekin o’zini shunchaki begona erkaklar ko’zidan to’sgan, o’zi e’tiqod qiladigan dini buyurgan buyruqqa vijdonan labbay deb itoat qilgan, faqat oilasi bilan bemalol ochiq-sochiq yura oladigan muhtarama ayollarimiz, singillarimizni ko’chada yechintirishlariga yo’l qo’ymang, sizdan o’tinib so’rayman. Bir og’iz buyrug’ingiz bilan har qanday qaror, nizom, farmon o’zgaradi. Faqat, bir o’g’iz “shu nizomni xalq fikrini hisobga olib qayta yozinglar” deb qo’ysangiz bo’ldi, butun xalqning o’la o’lgunicha duosiga qolasiz. Tarix hech qachon sizni unutmaydi. Mayli biz yaxshi yashamaylik, mayli yangi ish joylari ham kerak emas, Xudo o’zi beradi, lekin muslima ayollarimizni xo’rlashlariga yo’l qo’ymang, iltimos sizdan!

Hurmat bilan,

Bekzod Musayev