Prezident nomi bilan yoki hukumat tomonidan e`lon qilinayotgan har bir qaror – ko’rsatmalar va fikrlarni mutlaq olqishlab, boshqaruv tarafida ekanliklariga ishora berishga intilayotgan faol ziyolilarimiz, “huquqbon”larimiz va jurnalistlarimiz harakatlari, mening nazarimda, samimiy emas. Ular, bu urinishlari bilan, prezidentga va xalqimizga xiyonat qilayotganlarini tushunishlari lozim. Keskinroq tuyilishi mumkin bo’lgan bu tezisni quyida, boshqa tahlillarda uchramagan, ikki holat bo’yicha sodda modelda asoslab beraman.

“Dunyo o’zbeklari” bosh muharriri Ismat Xushev o’z saytida “Osiyoning buyuk rahbari o’z vatanida madadga zormi? Nega?” sarlavhali tahliliy va tanqidiy maqolasini, qismlarga bo’lib, shu yilning 2, 3 va 13-yanvar kunlari e`lon qildi. Bu maqolaning sarlavhasini o’qiganimdayoq menda u sarlavhada aks etgan savolga javoban fikr bildirish niyati uyg’ongan edi. Bu maqola bilan tanishar ekanman, unda ko’tarilgan ko’pgina masalalar bilan ham men aytmoqchi bo’lgan fikrlarning daxldorligi ayon bo’lib, niyatim qat`iylashdi. E`tibor bergan bo’lsangiz, maqolam sarlavhasi ham, go’yo, Ismat Xushev maqolasi sarlavhasidagi savolga javobday bitilgan.

Aslida, oxiratni o’ylaydigan yoshdaman, ko’z nurini tejashga ham majburman. Biroq, vatanimning buguni-yu – ertasiga befarq bo’la olmasligim, yangilik bo’lmasa-da bugun ham dolzarb bo’lgan yuqoridagi tezisni eslatishga va o’z nuqtai nazarimdan asoslashga undadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 28-dekabr kuni O’zbekiston parlamentiga murojaati, yurtimizda bo’layotgan o’zgarishlarga befarq bo’lmagan hamma va hatto xorijlik jurnalistlar tomonidan sinchkov tinglangani aniq. Zero ko’p yurtdoshlarimiz Shavkat Mirziyoyev prezidentligining dastlabki bir yarim yilida xalq qalbida uyg’ongan umid uchqunlari qayta tiklanib so’nmas ishonchga aylanadimi yoki oxirgi yarim yilda eshitilayotgan shubhalar asosli ekani tasdiqlanadimi, degan halovatlarini yo’qotayotgan savollarga prezidentimizning bu chiqishidan javob topishga katta umid bog’lashgan edi.

O’zbekiston rahbarining parlamentga murojaati o’sha yig’ilishda gulduros qarsaklar bilan bo’linib turganiga barchamiz guvoh bo’ldik. O’zbekistonda yozuvchilar va jurnalistlar tomonidan bu voqea olqishlanganidan xabar topayotgan bo’lsak-da, uning qanchalik erkin muhokama qilingani haqida, tashqaridan turib, uzil-kesil fikr aytish men uchun qiyin. O’tgan ikki yilda amalga oshirilgan ijobiy o’zgarishlarni, murojaatning ijobiy tomonlarini tan olish barobarinda tanqidiy fikrlar ham aytilmoqda.

Jumladan, Ismat Xushevning O’zbekiston rahbarining parlamentga murojaatiga “nigoh tashlashi” shunday boshlanadi:

“Murojaatdan murojaatgacha o‘tgan yo‘l yetarlicha tahlil qilindimi? Kim qaysi sohani barbod qilgani aytildimi?

27 yil bir joyda depsinishning boisi nimada edi?

“Cho‘ntak” partiyalar, sun’iy madhiyalar bilan Prezident g‘oyalarini amalga oshirib bo‘ladimi? Yoki siyosiy islohotlar eshigiga qulf urilganmi?”

Ilk bor O’zbekiston respublikasi prezidentini saylagan Oliy Kengashning birinchi parlamenti yig’ilishlarining bevosita ishtirokchisi bo’lgan Ismat Xushev o’sha yig’ilishlardagi muhim bahs-munozaralarni hikoya qilar ekan, u parlament a`zolari qatag’onga uchramaganida, keyinchalik hurfikrlilik-demokratiya butkul badnom qilinmaganida, haqiqiy parlament yurtimizni tanazzulga yuz tutishiga yo’l qoymagan bo’lishini urg’ulaydi. U, birinchi parlament yig’ilishlaridagi demokratik muhit bilan bugungi qarsakbozlikni qoyilmaqom uddalayotgan Oliy Majlisdagi muhitni taqqoslar ekan, parlamentida sog’lom siyosiy bahs amal qilmagan mamlakatda ilgari siljish bo’lmasligini aytib, prezidentimiz parlament a`zolarini siyosiy faollikka chaqirmaganiga afsus bildiradi.

Ismat Xushev zikr etilgan tahliliy maqolasida, “Nega Mirziyoev ko‘targan juda ko‘p masalalarning bir qismi xom ekanligi bugun oshkor bo‘la boshladi?” degan savol qo’yib, shunday holatlarga qator misollar sanab o’tgan va bu borada o’z nazarini bayon etgan.

Men prezidentimizning Oliy Majlisga taqdim etgan murojaatini tahlil qilish yoki uning tahliliga bag’ishlangan maqolalarni sharhlash niyatida emasman. Maqolam maqsadi Ismat Xushevning tahlili sarlavhasiga javoban uyg’ongani tufayli biroz chekinish qildim.

Demak, mazkur maqolada “Oliy rahbariyat ilgari surgan har bir “fikr”ni MUTLAQ olqishlash – xiyonatdir”, degan tezisni tushintirishga harakat qilaman.

  • Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimizni rozi qilishga, mamlakatimizni rivojlangan demokratik mamlakatlar qatoriga olib chiqishga sidqidildan bel bog’laganiga shubha bo’lishi mumkin emas. Mirziyoyev bosh vazir bolib hukumatni boshqargan 13 yil davomida respublikamizning barcha mintaqalaridagi, iqtisodiyotning hamma sohalaridagi ahvol uning ko’z o’ngida bo’lgan. U nihoyatda ko’p narsani biladi. Hech bir mulozim, hech bir mutaxassis, O’zbekistondagi umumiy ahvolni prezidentimiz darajasida tasavvur qilolmasligi aniq. Biroq prezident, uning imzosi bilan chiqayotgan, u ilgari surishi uchun tayyorlangan barcha “fikr”larni, har bir soha yo’l xaritalarini va hokazo minglab hujjatlarni tahlil qilish imkoniga ega emas. Shu bilan birga, bu hujjatlarni tayyorlovchi komandadagi barcha mulozimlar saviyasini birday yuqori deyish ham qiyin va bu haqiqat ayrim holatlarda oshkor bo’layapti. Avval boshdan “xato fikr”(“xom fikr”)ni ilgari surib prezident roziligiga erishgan mulozim soyada qolib, “xato fikr” prezidentimiz nomidan e`lon qilinadi. Ayrim mulozimlar o’sha “fikr”ning xatoligini (xomligini) xatto payqasalar-da, qandaydir “andisha” tufayli, shubhalarini “xato fikr”ning tashabbuskoriga yoki Prezidentga aytmasliklari mumkin.

Ziyolilarimiz prezidentimiz nomidan yoki hukumat tomonidan e’lon qilingan har qanday “fikr”ni olqishlashar ekan, oqibatda, “xato fikr” (“xom fikr”) to’g’risida ham mutasaddi mulozimlarda ijobiy taasurot mustahkamlanadi va “xato fikr” ham respublikamiz bo’yicha ijroga kiradi. Alal oqibat, bu “xato fikr” iqtisodimizga ulkan zarar keltirishi yoki qaysidir sohani, qisqa ravon yo’l qolib, “borsa-kelmasga” yoinki “changalzor”ga boshlashi mumkin. Bu kabi holatlarga misollar kamyob emas, ularga to’xtalishga zarurat yo’q, deb o’ylayman.

Agar o’sha “xato fikr”ni anglagan ko’plab yurtdoshlarimiz uning xato (xom) ekani haqida “jar solsalar”, ayrim mutasaddi mulozimlar “xato fikr” to’g’risidagi shubhani prezidentimizga yoki hukumatga yetkazishi va “xato fikr”ga tuzatish kiritilib, iqtisodimizga keladigan katta zararning oldi olinishi mumkin. Tashqi siyosat ham o’ta murakkab. Bu yo’nalishda prezidentimizga oson emas. Asoslamoqchi bo’lgan tezisimning bu jabhaga taaluqli qismini quyidagi sodda modelda bayon etaman.

Yuqori lavozimda ishlaydigan, oilalarimiz qadrdonlashib qolgan, bir qo’shnim yoki tutingan og’am, bizning oilamizga hayrihoxligini va yordam berish niyatidaligini ta’kidlab, menga, maqbulligi ishonchli bo’lmagan bir taklif kiritdi, deylik. Qudratli qadrdonimga hurmatim tufayli, “andisha” qilib, uning taklifini darhol rad eta olmadim, albatta. Men, qadrdonimizning bu yordam rejasi haqida oilamga e`lon qildim, deylik. Shunda ikki hol ro’y berishi mumkin.

Oilam a`zolari taklifni e`lon qilishimni, oila boshlig’i bu taklifni ma’qullagani sifatida xotirjam bo’lishib, yordamning oqibati to’g’risida bosh qotirmay, bizga yordam qo’li cho’zayotgan qadrdonimga rahmatlar ayta boshlashlari, hatto u qadrdonimning oila a`zolariga minnatdorchiliklarini eshittirishlari mumkin. U holda, menga ma`qul tuyulmagan yordamni rad etishim yanada mushkullashadi.

Ikkinchi holda, oila o`zolarim bu yordam oqibati shubhali ekanini tushunib, qat`iyat bilan norozilik bildirishlari mumkin. Bunday vaziyatda men, oilamda norozilik bildirishayotgani, oilam buzilib ketishga kelayotganini, shu sababdan, o’ta hijolatda qolganimni aytib, ming bor uzr so’rab, qudratli qadrdonim taklif qilayotgan yordamni qabul qila olmasligimni unga aytishga o’zimda qat`iyat topishimga to’g’ri keladi.

Men oliy rahbariyat ilgari surgan “xato fikrni” ayrim yurtdoshlarimiz ham, o’z tafakkurlari darajasida, to’g’ri deb hisoblashlari mumkinligini inkor etmoqchi emasman.

Men tafakkur darajasi yetarli bo’lgan ziyolilarimizning, “fikr” xato ekanini bilaturib yoki “fikr”ga “tishi o’tmayotganini” his qilgan holda uni olqishlashlari xiyonat ekani haqida da`vo qilayapman.

Kimlardir, avvalgi davrdagi maddohliklarini yashashning zarurati bo’lgan deb o’zlarini oqlashar. Biroq bugungi kundagi maddohlik va oliy rahbariyat fikrini olqishlash harakatlari “manfaat ilinji”dan o’zgacha talqinga ega emas. Manfaat ilinjidagi nosamimiylikning ziyolilar orasida yana avj olayotgani xavotir uyg’otuvchi holdir.

Misol tariqasida, tafakkur darajasi hurmat-e`tiborga loyiq bo’lgan ikki ziyoli yurtdoshimizning pozitsiyalaridan namunalar keltirmoqchiman.

  • O’zbekiston xalq shoiri, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, Davlat mukofoti sohibi Sirojiddin Sayyidning, 3-yanvar kuni O’zbekiston Milliy axborot agentligida e`lon qilgan, “Bugungi davr shiddatini qog’ozdagi zamonlar qolipi bilan o’lchab bo’lmaydi” sarlavhali maqolasi ham prezident murojaati “tahlili”ga bag’ishlangan. “Tahlil”da murajaat yuksak siyosiy zakovat va tafakkur… mahsuli ekani, ko’p fazilatlar borasida bizning xalqimizga teng keladigan xalq bo’lmasa kerakligi madh etiladi. O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yangi raisi Murojaatnomani “sinchkov tahlil” qilish jarayonida, uning har tomonlama to’kisligini, har lahza uyg’oq yurak bilan yashamoq, mehnat qilmoq davri kelganini, o’z maqomi darajasida, so’zlar shoir tilida jumlaga go’zal qovushishini namoyon etib, madh etadi.
  • Dadil tanqidiy chiqishlari bilan ko’pchilik mehrini qozongan jurnalist Sharof Ubaydullayevga lavozim berilishi va uning O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zoligiga qabul qilinishini aksariyat yurtdoshlarimiz ijobiy qabul qildi, jumladan, men ham. U kishi, o’sha kundan o’zlari prezidentimiz komandasiga qo’shilganlarini e`lon qilishdi. U kabi insonlar prezidentimiz komandasida bo’lishlari, albatta, ijobiy hol. Biroq, nahotki o’zini prezident komandasida hisoblovchi yurtdoshlar oliy rahbariyat ilgari surgan “fikr”larni olqishlashni, o’zlari uchun “burch” deb bilishsa?

Fermerlar va kichik mulozimlarni tahqirlagani uchun vazifasidan ozod etilgan sobiq Bosh vazir o’rinbosari Zoyir Mirzayev rayon hokimi etib tayinlandi. Sharof Ubaydullayev hukumatning bu qarorini ma’qullab intervyu berdi. U o’z fikrini asoslash uchun sobiq bosh vazir o’rinbosarining katta tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiqligini argument sifatida keltirdi. Zoyir Mirzayev shunday noyob mutaxassis bo’lsa, vatan oldidagi katta xizmatlari tufayli uni sudga tortish noo’rin topilgan bo’lsa, unga jamoani boshqarmaydigan kasbiy lavozim berish lozim emasmidi? Albatta, har kim o’z tafakkuri darajasida fikrlashi tabiiy. Biroq xizmat lavozimi bo’yichagina o’ziga bo’ysunishi kerak bo’lgan insonlarni quldek tahqirlagan janobning bir tuman aholisini boshqaradigan rahbar lavozimiga tayinlanishi mutlaqo mantiqsizlik, insonlar haq-huquqini mensimaslik ekanini Sharof Ubaydullayev tushunmagandir, deb o’ylash o’ta soddalik bo’lur edi. Qolaversa, kechagi “oyoq ostida” tahqirlangan rahbarchalar bilan tahqirlagan rahbarni, bo’ysunishlik bo’yicha, o’rinlari almashganda sog’lom ishchanlik muhiti hukm surmasligi ayon-ku. Bu oddiy haqiqatni tushunish uchun katta iqtidor sohibi bo’lish shart emas-ku.

Ko’plab yurtdoshlarimiz, okean va dengiz qirg’oqlarida joylashgan davlatlar ham yaqin yillarda atom elektr stansiyalaridan butunlay voz kechish loyihasi ustida faol ish olib borayotganlarini, bizning mintaqada atom elektr stansiyasi qurish o’ta xatarli ekanini, uning o’rniga quyosh elektr stansiyasi bizning serquyosh mintaqamiz uchun mos ekanini aytib tashvish bildirishayotgan, intervyularida ochiq qarshi fikr ayta olmagan mutaxassislar ham atom elektr stansiyalari bizning mintaqada maqsadga muvofiq emasligiga ishora qilib turishgan bir vaqtda, janob Sharof Ubaydullayev hukumatning atom elektr stansiyasi qurish rejasini olqishlab chiqdi.

Albatta, so’zamol shoirlarimiz, yozuvchi va jurnalistlarimiz, qalb amri yo’l qo’ysa, har bir holatni ham ijobiy, ham salbiy baholashni uddasidan chiqishlari mumkin. Biroq, asoslashlari qanchalik mantiqli chiqishi, haqiqatga qanday yondoshishlariga bog’liq bo’ladi.

Endilikda hukumat mulozimi va O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a`zosi bo’lgan, taniqli jurnalistimiz Sharof Ubaydullayev yanada yuqori lavozimlarga ko’tarilsalar, albatta, arziydi. Biroq mulozimning bu prinsipi, xalqimizning u kishiga bo’lgan mehrini qay darajaga ko’tarishini vaqt ko’rsatadi va tarix muhrlaydi.

Maqola yakunida, mavzuga taaluqli bo’lmasada, bir eslatmani keltirishni lozim topdim.

Har bir inson o’z millatini, o’z xalqi liderini qadrlashi tabiiy. Biroq millatimizni qardosh millatlarga nisbatda ulug’lash maqbul bo’lmagani kabi liderimizni qardosh xalqlar lideriga nisbatda maqtash maqbul emasligini unitmaslik kerak.

Sobir To’laganov, AQSh

14-yanvar, 2019-yil

Muallif haqida:

Hozirda 75 yoshda boʻlgan fizika-matematika fanlari doktori Sobir Toʻlaganov 1943-yili Toshkentda tugʻilgan. U 1967-yili Toshkent Davlat Universitetining Mexanika-matematika fakultetini “Sonlar nazariyasi” mutahassisligi boʻyicha tugallab, aspiranturaga kirgan. “Multiplikativ funktsiyalar qiymatlari yigʻindilari” va “Sonlar nazariyasida ehtimollar nazariyasi uslublari” yoʻnalishlarida ilmiy izlanishlar olib borgan. Sobir Toʻlaganov 1972-yili nomzodlik dissertatsiyasini, 1993-yili doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1983-yilgacha ToshDUning Matematika fakultetida, 1983-yildan 2003-yilgacha Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Matematika institutida faoliyat olib borgan. 2001-yildan 2005-yilgacha OʻzMUning Iqtisodiyot fakultetida kafedra boshqargan. Oralik yillarda boshqa universitetlarda ham professor lavozimida dars bergan.