Poytaxtda bayram munosabati bilan prezident Mirziyoyev ishtirokida tantanali tadbirlar davom etar ekan, Surxondaryoda, Farg’onada aholi poytaxtga eltuvchi yo’llarni to’sib, gaz va elektr-energiya talabi bilan norozilikka chiqqan.

O’zbekistonda markaziy yo’llarni to’sish norozilik bildirishning asosiy vositasiga aylanmoqda, hozirgacha gaz va elektr-energiya yetishmovchiligiga qarshi noroziliklarning aksariyati aynan shu tartibda o’tgani kuzatildi.  

Kuni kecha Surxondaryoda elektr va gaz uzilishiga qarshi o’tgan noroziliklar esa markaziy ko’cha nafaqat to’sib qo’yilgani, balki norozilikka chiqqan aholi tomonidan avtomobil shinalari namoyishkorona yoqilishi bilan ham ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qo’zg’adi. 

Surxondaryodagi bu norozilik ortidan mahalliy hokimiyat muammo hal qilingani, elektr uzatmasi qayta tiklangani haqida hisobot berdi.

Qo’qonda bir guruh ayollar gaz berilishini talab qilib hokimiyat oldidagi markaziy yo’lni to’sib qo’yishidan so’ng ma’muriyat muammo bartaraf etilganini bildirdi. 

Qish kelishi bilan keskinlashgan energetika inqirozi mamlakat, xususan bu inqirozni bartaraf etish va’dasi bilan hokimiyatga kelgan prezident Mirziyoyev uchun jiddiy sinov bo’lishi kutilmoqda.  

Bu Mirziyoyevning o’zi tomonidan ham ta’kidlangan edi:

“Bu yil sovuq erta tushgani qish mavsumiga tayyorgarligimiz past ekanini ko‘rsatib berdi. Joylarda ko‘mir, gaz, elektr-energiyasi ta’minoti bo‘yicha e’tirozlar keskin oshgan. Yaqinda benzin narxi ham ko‘tarilgani aholi o‘rtasida jiddiy muhokamalarni keltirib chiqarmoqda”, – degan edi  dekabr oyi boshida o’tkazilgan majlisda Shavkat Mirziyoyev.

Qishga tayyorgarlik muhokama qilingan bu majlisda prezident tomonidan yana bir muhim bayonot qilingan, gaz masalasida tashqi eksport hajmini qisqartirib, avvalo ichki ehtiyojni to’liq qoplashga ko’rsatma berilgan edi.

Prezidentning bu bayonoti noyabr oyi oxirida havo keskin sovishi, mamlakatda noroziliklar kuchayishi, ijtimoiy tarmoqlarda, matbuotda gazsiz, chiroqsiz qolgan aholining nochor ahvoliga doir tanqidlar ko’payishi ortidan kuzatilgan edi.

Mamlakatda gaz va chiroq yetishmovchiligiga doir noroziliklar davom etayotgani, aksincha aholi norozilik bildirishning boshqa choralariga o’tayotgani, xususan shinalarni yoqishga majbur bo’layotgani prezidentning keskin tanqidi ortidan ham sohadagi vaziyat o’zgarmaganidan darak beradi

Mutaxassislar mamlakatda energetik inqiroz chuqurlashganini tizim o’z imkoniyatlarini sarflab bo’lgani, soha modernizatsiyasiga yotqizilgan mablag’larning samarasiz ishlatilgani, talon-toroj qilingani bilan izohlaydi.

Hukumatning mamlakatdagi inqiroz yuzasidan bergan izohi ham shunga yaqin; aholiga gaz yetkazuvchi quvurlar imkoniyati cheklangan, elektr bilan ta’minlovchi transformatorlar quvvati iste’mol hajmi keskin oshishiga bardosh bermayapti.

Gaz va chiroq muammosi nafaqat prezident Mirziyoyev, balki Senat Kengashida ham muhokamaga chiqqan, Senat raisi Tanzila Norboyeva aholini gaz va chiroq bilan ta’minlash masalasi Senatning alohida nazoratida bo’lishi, o’z vazifasiga mas’uliyatsiz yondashgan tizim rahbarlari jazolanishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.  

Energetik inqirozga doir vaziyat rivoji esa ogohlantirishlarga tizimdagi mutasaddilar, mansabdorlar emas gaz-chiroq muammosini yoritgan matbuot nishon bo’lganini ko’rsatdi.

Energetik inqiroz bilan bog’liq noroziliklarni, sohadagi muammolarni  faol yoritib kelgan ayrim nashrlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ogohlantirishlar oldi. Natijada esa so’nggi noroziliklar haqida sukut saqlash holati kuzatiladi.

O’zbekistonda aksariyat aholi, ayniqsa qish oylarida gaz va chiroqsiz yashab kelayotgani turg’unlik davridan mavjud. Muhokamasi taqiq ostida bo’lgan muammolardan biri sanaladi.

Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, davlat xalqning xizmatida bo’lishini e’lon qildi, uzoq tumanlardagi aholi turmush darajasini ko’tarish, uzluksiz gaz va elektr chirog’i bilan ta’minlash va’dasini berdi.  

Davlat boshqaruviga kirishganiga to’rt yildan oshgan prezident Mirziyoyevning turmush farovonligini ta’minlanish uchun avvalo aholining uyida gaz va chiroq bo’lishi lozimligi haqidagi va’dalari hozirgacha to’liq amalga oshmadi.  

Mamlakatda yuz ko’rsatgan energetik inqiroz ortidan hukumatdagi mutasaddilar bilan qish mavsumiga tayyorgarlik masalasini muhokama qilgan prezident to’rt yil avval berilgan va’dalarini eslagani yo’q.

 

“Amerika ovozi” uchun Malik Mansur