O’sh: ushalgan va ushalmagan orzular

Posted September 8th, 2014 at 1:39 am (UTC-4)
2 comments

O’sh meni o’ziga sehrlab qo’ydi. O’zbek, qirg’iz yoki rus, kimning xonadoniga bormay o’zimni uydagidek, bolaligim o’tgan hovlidagidek his etdim.

2010-yilning iyun oyidagi qonli voqealardan astalik bilan o’ziga kelayotgan, minglab qalblar bir umrga jarohatlangan bu azim shahar horg’in. Lekin ortiqcha shikoyat qilmaydi. Dardini ichiga yutib, kunini ko’rmoqda.

O’shda hayot o’tgan to’rt yil ichida qanchalik o’zgardi deya so’radim. Ko’plab o’zbeklar, ayniqsa katta yoshdagilarning javobi shuki, tirikchilik bugun yanada qiyinlashgan. Ammo yo’qdan bor qiladigan xalq o’z mehnati va oz bo’lsa-da tashqi yordam, hukumat orqali ko’rsatilgan madad tufayli bugun ancha o’ziga kelib olgan.

Mahallalarni kezar ekanman, suratlari dunyo ahlini junbishga keltirgan vayronalar o’rnida yangi imoratlar qad ko’targanini ko’rdim. G’arbdagi uylarni eslatadigan uslubda, rang-barang tomli, baland ustunli. Osmono’par devorlar esa hovlini ko’rsatmaydi. Xonadonlar – qo’rg’onlar. Katta temir darvoza ochilib ichkariga kirsangiz, o’ziga xos bir dunyodasiz. Ko’chalarning ikki chetida uylarga suyangan ishkomlarda uzumlar pishayotgan bir paytda boribman. Ko’zimni uzolmadim bu go’zallikdan. Qay hovliga qadam bosmay ko’kalamzor va bog’. Qishda borganimda ko’z oldimdagi manzaradan bu qadar bahra olmagan bo’lar edim.

DSCN6790

Hamkasbim Alisher Soipovning onasi Zaynabxon opa va nabiralari bilan. Alisher 2007-yilda O’shda o’ldirib ketilgan. Qotil hamon topilmagan. O’rtadagi qizaloq Alisherning qizi Zulayho.

Yozgi ta’tilda meni u yerga asosan ikki maqsad yetakladi. Biri rahmatli hamkasbim, 2007-yilda O’shda ishxonasi oldida otib o’ldirilgan Alisher Soipov oilasi bilan diydor ko’rishish, ikkinchisi esa ko’rsatuvlarimizni har hafta efirga uzatib, bir millionga yaqin tomoshabinga yetkazadigan Keremet TV bilan yaqindan tanishish.

Bishkekdan O’shga kechki samolyotda yetib, shaharga yarim kechada kirib bordim. Bishkek singari O’sh ham zimiston. Mehmonxonam ham juda qorong’i ko’chalardan birida ekan. Ertalab umuman boshqa bir olamda uyg’ondim. Nur taralib turgan bog’istonda. To’rt tarafi devor bilan o’ralgan, o’rtasida olma va behidan tortib, atirgulu chamanzor gurkirab turgan hovlida.

O’shda xonadonlarda kichik mehmonxonalar ochib, uni yuritishni o’rgatadigan, bu bizneslarni quvvatlaydigan loyiha bor deb ko’p marta eshitgan edim. U bilan amalda tanishdim. G’arbda “Bed & Breakfast” – “Yotoq va nonushta” deya nom qozongan mehmonxonalarga o’xshash maskanlar. Oila uchun yaxshigina daromad, mehmon uchun esa katalak otel emas, mahalliy uy.

Birinchi kunim Alisherning ukasi Shohruh Soipov va oilasi bilan shaharning yangi mahallalaridan biridagi uyida tezgina tushlik qildimda, Keremet TV tomon ketdim. Meni kutib olgan jurnalistlar telemarkazga borishdan avval butun shaharni aylantirishdi. O’sh atrofidagi qir va bog’-rog’lardan tortib, Cheryomushka va boshqa gavjum mahallalar, markazdagi muhim manzillar. Ko’rib ko’zim to’ymadi, shiq-shiq qilaverib kameram…

Keremet TV ga kech soat 6 larda kirib bordim. Studiya oddiy, ammo obod mahallalardan birida ekan. Kanal asoschisi va egasi Omorbek Abdiraimov uzoq yillar jurnalistlik qilib, keyinchalik o’z telestansiyasini ochgan. Kanal asosan rus va qirg’iz tillarida materiallar beradi. Bizning “Amerika Manzaralari” ko’rsatuvimiz o’zbek tilida uzatiladigan yagona shou. Har dushanba, 18:30 da. “Amerika Ovozi” bilan 2006-yildan beri hamkorlik qiladigan Omorbek Abdiraimov aholi talabini biladi. O’zbeklar o’z tilida ham tomosha qilsin deydi.

Aytish joiz, bir paytlar Qirg’iziston janubida bir necha o’zbek telekanallari mavjud edi. Bosim va tahdid ostida ular yopilib ketdi. Keremet TV, hozir mintaqadagi eng katta kanal, nafaqat O’sh va Jalol-Obod viloyatlarini qoplaydi balki signallar chegaraning narigi tomoniga ham yetib boradi, xuddi O’zbekiston kanallari Qirg’iziston janubiga yetib kelayotgandek.

Qirg’iz o’tovi shaklida bunyod etilgan studiyada amerikalik mehmon sharafiga dasturxon yozilgan. Jamoa meni keng quchoq ochib, hayajon bilan kutib oldi. Jurnalistlarning farzandlari oldimga yugurib chiqqani va mening muxlisim ekanini aytgani kaminani naqadar xursand qilganini tasavvur qila olmaysiz.

Kamtarinlikni ozgina chetga surib, bir narsani faxr bilan aytamanki, O’sh va Jalol-Obodda qayerga bormay odamlar oldimga kelib taniganini aytdi.

“Amerika ovozimisiz?” “Voy, siz anavi Navbahor Imamova emasmisiz?” “Voy, men sizning muxlisingizman”, “Siz anavi Amerikadan gapiradigan qizku, a?” kabi savollar tinimsiz yangrab turdi. Jilmayib, “Ha, men o’sha” deya javob qildim.

Muxlislarimiz ko’p ekanini oldindan bilar edim lekin ular bilan yuzma-yuz gaplashish, ijobiy va salbiy fikrlarini tinglash, savollariga javob berish mendek uzoq-uzoqlarda yashab ishlaydigan jurnalist uchun noyob imkoniyat. Ko’rsatuvlarimizni do’konlarda, jamoat joylarida, hovlilarda tomosha qilib o’tirishganiga guvoh bo’ldim. Ishimiz va mas’uliyatimiz naqadar muhim ekanidan dalolat bu.

Keremet TV jamoasi bilan o’tirib, “Amerika Manzaralari” ni tomosha qildim. Keyin kanal mendan intervyu oldi. Bilishimcha, u allaqachon efirga uzatilgan va videoni shu sahifaga joylashtirish umididaman. Hozircha suratlarni tomosha qiling.

 

Omorbek Abdiraimov va uning qo’li ostida ishlaydigan jurnalistlarning aytishicha, tomoshabinlardan tez-tez qo’ng’iroq bo’lib turadi. Bizning ko’rsatuvlarimiz qayta ko’rsatilishini, nima uchun ba’zida kechroq yoki ertaroq efirga ketganini bilishni  va uni olib boradigan qiz bilan bevosita aloqaga chiqishni istagan odamlar ko’p ekan.

Muxlislarga dil so’zlarim: azizlar, men shu yerdaman. Saytimiz yoki Facebookdagi sahifamiz orqali men bilan bemalol bog’lanish mumkin. Sizning mulohaza va takliflaringiz bilan jon deb tanishaman. Bu qiz o’zi qayerlik, Amerikaga qanday qilib borib qolgan degan savolga esa qisqacha javobim: O’zbekistonning oddiy bir qishlog’idan chiqqan qizman. Amerikaga ilm va imkoniyat izlab kelganman, o’zim xohlagan sohada mehnat qilaman. Lekin meni katta qilgan zaminni unutmaganman. Vashingtondan turib, o’z ona tilimda axborot uzataman. Mintaqada erkin jurnalistika hamon orzu ekani haqida hozir to’xtalmoqchi emasman. Imonim komilki, so’z va matbuot erkinligi mening ona yurtimda va butun Markaziy Osiyoda qanchalik cheklanganidan xabardorsiz.

Keremet TV dagi hamkasblarim bilan muloqot qilib, to’ymadim. Bir-birimizdan ko’p narsa o’rgansak arziydi. Hamkorligimiz davom etadi degan umiddaman. Chodir-studiyada o’tirib, Vashingtonga, boshlig’im Javdat Sayhon (Cevdet Seyhan) ga telefon qildim. Ish haqida gaplashdik albatta. Lekin asosiy maqsadim unga va hamkasblarimga “ishimiz, ko’rsatuv va eshittirishlarimiz egasini topayapti, auditoriyamizga yetib kelayapti, mana o’zim guvohman” deb qo’yish edi. Jurnalistlarning ishi doimiy stressdan iborat lekin material efirga ketishi yoki chop etilishi bu charchoqni tezda yuvib ketadi. Beixtiyor keyingi dastur, keyingi maqola, keyingi intervyu haqida o’ylaysiz.

Alisherning oilasi Sulaymon tog’iga tutash mahallada yashar ekan. Uchrashuvlarim cho’zilib, bu aziz xonadonga kech soat 11 lardan keyin kirib bordim. Osh damlangan. Butun oila uyg’oq.

Alisher bilan 2001-yilda “Amerika Ovozi” dagi yangi hamkasblar sifatida internetda tanishgan bo’lsam, 2007-yilgacha, ya’ni u o’ldirilgan paytgacha, faqat telefon yoki global tarmoqda gaplashganman. Bir kun ko’rishamiz, yuzma-yuz o’tirib uzoq suhbatlashamiz deya orzular qilgan edik. Armon bo’lib qoldi.

Alisherdan ayrilganimizda, uning yaqinlari, do’stu birodarlari singari biz ham aza tutdik. Jamoamiz shokda yurdi. Yig’ladik, g’azabga to’ldik. Alisher endi yo’q ekanini tan olish, o’lim haq degan haqiqatga ko’nikish uchun oylar, yillar ketdi.

Soipovlarning mo’jazgina hovlisiga kirib borarkanman, ko’zimda yosh, vujudim titraydi. Alisherning onasi, o’rta yoshlardagi mushtipar ayol men tomon yurarkan, ikkalamiz ham ho’ngrab yig’lab yubordik.

“Sizni ko’rib, Alisherni ko’rgandekman, xuddi o’g’lim kirib kelgandek”, – deydi Zaynabxon opa.

Alisher men haqimda gapirgan, meni Vashingtondagi yaqin hamkasbi, do’sti deb bilgan. Uning o’limidan keyin bu oila bilan muloqotni yo’lga qo’ydim lekin muntazam ravishda aloqa qilish qiyin…

Alisherning ukalari va jiyanlari, qizi Zulayho va bu xonadonning kelinlari, jumladan Nazokat bilan yaqindan tanishdim. Nazokat bu oilaning qizidek bo’lib qolgan. Birga yig’ladik, chaqchaqlashdik, Alisherni esladik. Uning suratlari va kitoblarini tomosha qildim. Uzoq gaplashdik, tilga olinmagan mavzu qolmadi.

Bolalar hayqirig’i yangrab turgan hovlida Alisherning ruhi tirik. Hamkasbimning yuzi uning ukalarida, asaltoy jiyanlarida, qizida. Alisherning otasi Avaz aka kasal ekanlar, ular bilan ko’rishish imkoniyati bo’lmadi. Kutilmaganda yoshgina o’g’lidan, sal keyinroq esa onasidan ayrilgan bu insonning sog’lig’i keyingi yillarda ancha zaiflashgan. Lekin shifokorlar tuzalib ketishiga umid bildirmoqda. Dardi cheksiz Soipovlar bu sinovga ham chidaydi.

Zaynabxon opa bilan Sulaymon tog’iga sayrga bordik. Hamrohim yoshlik davrlarini esladi, farzandlari go’dak paytidagi kechinmalar haqida gapirib berdi. Quyoshda kuydik, lekin yuragimiz yozildi. Yig’layverib ko’zlari qurib ketgan ayolning chehrasida paydo bo’lgan kamtarona tabassumni ko’rib, quvondim. “Alisher, xavotir olmang, oilangiz sizsiz qiynalib qolmagan. Lekin tunu kun xayolidasiz. Hayot esa davom etmoqda… Mana ayangizning oldidaman”, – dedim ichimda.

Tog’dan turib, O’shning serjilo manzarasini tinimsiz suratga oldim. Eh, nimalarni ko’rmagan, kimlar o’tmagan bu yerlardan. Sulaymon tog’idan turib, atrofga ko’z tikib, o’z hayoti, oldidagi qiyinchiliklar va noma’lum kelajak haqida o’ylagan son-sanoqsiz avlodlar ko’z oldimga keldi. Alisher singari adolatparvar insonlardan qanchasini ko’rgan bu zamin…

1990 va 2010-yildagi xunrezliklarda o’z uyida chavaqlangan, yondirilgan, zo’rlab o’ldirilgan insonlar O’shning qayerlaridadir yotibdi. Abadiyat ularni o’z bag’riga olgan.

Tiriklarga qiyin. Ertangi kun nima olib keladi? Bilamiz deymiz, lekin bilamizmi? Xoh Qirg’izistonda yashang, xoh Amerikada. Hayotimiz bebaho lahzalardan iborat. Baxt ham, dard ham o’sha lahzalarda. Ba’zida yillarning tashvishini qilib,  ayni lahza g’animat ekanini unutamiz.

Alisher atigi 26 yil yashadi lekin undan o’chmas iz qoldi. Ma’naviy meros qoldi. “Tasavvur qiling”, – deya yupataman onaizorni, “og’lingiz odamlar 100 ga kirib qila olmagan ishlarni amalga oshirdi. Ziyo ulashdi atrofdagilarga, ularni nima uchun va qanday qilib deya o’ylashga undadi. O’zbekning dardini yoritdi. Yashaganida edi… Qaniydi, yashaganida. Yuzma-yuz hech qachon ko’rishmagan bo’lsak-da, Alisher hayotimizga muhrlandi. Uni cheksiz hurmat va mehr bilan tilga olamiz”.

O’shda men kunlar, oylar va yillar haqida o’ylamadim. O’sha lahza, o’sha soniyada yashadim. Mendek betoqat, shoshqaloq, har bir minutim konkret natija berishi kerak deb yashaydigan inson bunday holatga qanday kirib qoldi, ruhiyatim nega bu qadar taskin topdi, aniq aytolmayman.

Balki O’sh ahliga qarab, inson baxtli yashashi uchun ko’p narsa kerak emasligini yana bir bor tushungandirman. Balki mendek talabchan odam gohida juda ko’p narsani istab yuborib, noshukurlik qilishini anglagandirman. Umrida vatanidan tashqariga qadam bosmagan lekin dunyoni kitoblar va axborot orqali tanib, har qanday mavzuda miriqib suhbatlasha oladigan; kuni bilan hovlidan chiqmasa-da, bir necha minutlik ko’rsatuvlarimizni ko’rib, kurrai zaminni aylanib chiqqandek bo’lgan yoshu qarilarning so’zlari va mehri meni kayf qilgandir. Amerikadan berayotgan dasturlarimiz, mehnatimiz mahsuli bu insonlar uchun qadrli ekanini ko’rib, ichimga sig’may quvonib, haqiqatan orom olgandirman.

Maqsadimga yetdim, cheksiz ilhomga to’ldim. Lekin juda ko’p insonlar bilan ko’risha olmadim. Vaqt yetmadi. Ular kimligini biladi. Bu safar bir qoshiq qonimdan kechasiz degan umiddaman. Kelgusi safar o’zim sizni topaman.

Navbahor Imamova

O’sh, Qirg’iziston

Avgust, 2014

P.S. Jalol-Obod, Arslonbob va O’zgan taassurotlarini ham o’qing. Qozog’iston metropolisi Almati va Qirg’iziston poytaxti Bishkek haqida ham yozganman. 

 

2 responses to “O’sh: ushalgan va ushalmagan orzular”

  1. […] Newer: O’sh: ushalgan va ushalmagan orzular […]

  2. […] O’sh va Bishkek taassurotlarini ham o’qing. Qozog’istonning eng katta shahri Almati haqida […]

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

“Yoshlariston” blogi haqida

Ushbu blog – ijodkor, shijoatli va qiziquvchan yoshlar uchun o’zlari yashayotgan jamiyatda ro’y berayotgan muhim voqealar, qolaversa dunyodagi o’zgarishlar haqida fikr va mulohaza bildirish maydoni. Qay yurtda yashamang, bu yerda eksklyuziv surat va videolar ulashib, ularni tomosha qilishingiz mumkin.

Bu sahifani “Yoshlariston” deb bejiz atamadik. Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Afg’onistonda aholining aksar qismi yoshlardir. Zamonamiz muammolari va yutuqlarini ular boshqalardan ko’ra yaxshiroq biladi.

Blog rang-barang mavzular uchun ochiq. Siyosatdan tortib, iqtisod va madaniyatgacha… Istagan masalani yoriting, muhokama qiling. Yagona iltimosimiz – bir-birimizni hurmat qilaylik va fikr bildirganda qo’pol so’zlar ishlatmaylik, toki bu maydon hammamizga ma’naviy ozuqa bersin.

Surat, video yoki boshqa turdagi material va xabarlar bo’lsa, biz bilan bog’laning. Siz bilan hamkorlik qilishdan bag’oyat mamnun bo’lamiz. Manzilimiz: uzbek@voanews.com

“Yoshlariston” – yoshlar maydoni. Blogimiz sizga muntazir.

Bo’limlar

Taqvim

September 2014
M T W T F S S
« Aug   Oct »
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930