Jalol-Obod, Arslonbob va O’zgandagi bebaho lahzalar

Posted September 20th, 2014 at 12:35 am (UTC-5)
1 comment

Jalol-Obod, Qirg'iziston

JALOL-OBOD

O’sh singari Jalol-Obodga ham yarim kechada kirib bordim. Shahar markazidagi xonadonda mezbonlarimning ko’zi chaqnaydi, xuddi endi tong otib, yaqin bir tanishlari nonushtaga kelgandek. Katta zalda chiroyli dasturxon yozilgan, issiq ovqat tayyor. O’zimni koyidim – ertaroq yetib kelolmaganim uchun. Buning imkoni bormidi o’zi? Albatta yo’q, chunki mintaqamizda yarim soatlik uchrashuv aslida uch soat degani, uch soatlik uchrashuv esa yarim kun. Men tanishlarimning diydoriga to’ymayman, ular esa menga iloji boricha ko’proq narsa ko’rsatgisi, aylantirib mehmon qilgisi keladi.

Mezbon xonadonda ota va o’g’il Rossiyada ishlashadi. Uyda ona, kelin va nabiralar qolgan. Saranjom, did bilan bezatilgan koshona. Ota yozda vatanda dam olayapti. Pul topishga Rossiya, yashashga esa Jalol-Oboddan yaxshiroq joy yo’q ekani haqida gapirib beradi. Ko’chaning narigi tomonida ochiq tungi klub. Texno-musiqa ovozi butun mahallaga taraladi. Har kuni shu ahvol, qanchalik yoqmasin, chidaymiz, deydi suhbatdoshlarim, chunki bu klubga borib, musiqani o’chir deyishga hech kimning yuragi botinmaydi. Harakat qilishibdi, lekin befoyda. O’zbeklar kelib aql o’rgatmasin degan qabilda qo’pol javob olishibdi. Nahotki, shovqin odamlarga halal berayotganini anglab yetish shunchalik qiyin bo’lsa? Elatning nima ahamiyati bor bunga? Farosat qani? Qo’yavering, deydi mezbonlarim, o’zimiz haqimizda gaplashaylik. Hayotning shodon va achchiq damlari haqida suhbatga cho’mamiz.

Keyingi uchrashuv tun soat 2-larda. Suzoqda. Tanishim mashinada kelib meni o’z qishlog’iga olib ketayapti. Osh yeymiz, deydi. Okey. Shahardan 15 minutlik yo’l ekan. Choyxonadamiz. Suvning bo’yida. Kanal oqarkan, salqin. O’shda sovg’a qilingan ro’molni yelkamga tashlab, issiq choydan simiraman. Bu suhbatda ham ko’tarilmagan mavzuning o’zi yo’q. Ikki lagan tarvuz keladi. Yarim soat o’tar o’tmay katta laganda devzira guruchdan yog’li osh. Soatga qarayman, 3 dan o’tibdi. Qoyil, palovning erta kechi yo’q. Bahonam bor  – men Amerika vaqtidaman. U yerda esa endi kechki ovqat payti bo’layapti. Oldik.

Mehmonxona xuddi O’shdagidek xususiy uy. Jalol-Obod markazida, kishmish uzumlari yetilib turgan oddiy hovlidaman. Yerda uxladim, xonadon bekasining kelinlik sarposida kelgan ko’rpachalar va par yostiqlarda.

DSCN7177

ARSLONBOB

Bugungi reja – Arslonbob, qadim yong’oqzorlari va fusunkor buloq-sharsharalari bilan mashhur maskanni ko’rish.

Yollangan haydovchi dunyoning istagan nuqtasida uchrashi mumkin bo’lgan kishi: qora ko’zoynakda, qo’lida ikkita mobil telefon, tagida zamonaviy mashina. Yonida o’tirarkanman, atrofdan ko’zimni uzmayman, tinimsiz suratga olaman, hamrohimni savolga tutaman. Haydovchimiz esa biznesi bilan band. Mashina sotarkan. Bir paytning o’zida uchta davlatdagi hamkorlari bilan gaplashayapti. WhatsApp, Telegram va Viberda. Bandligi uchun boshida gapimiz qovushmaydi. Gaplaridan taqvodor ekanini anglab, balki nomahram ayollar bilan uncha gaplashmas degan xayolga boraman. Lekin ishi bitdi shekilli menga yuzlanib, so’zlasha ketadi. Bir-ikkita savoldan keyin oramizda qizg’in muloqot boshlanadi. Xalqaro hayotdan tortib, O’zbekiston va Gulnora mashmashasi, hayot ikir-chikirlari…

Muhokamani manzilga yetganimiz uchun to’xtatdik. Uch soatda shu yerda uchrashamiz deb haydovchini Arslonbob markazida qoldirdik-da, o’zimiz piyoda ketdik.

Yopiray. Men tog’ bag’riga keldik desam, bozorning o’rtasidamiz-ku… Baqir-chaqir, tirband, kela qoling, olib qoling degan hayqiriqlar quloqqa chalinadi. Nimadir yetishmayapti menga. Voy, kofe. Ertalab kofe xohlaydigan vujudim intiq. Hamrohim bilan kofe qidiramiz. Aylanib-aylanib, topdik. Kichkina paketga solingan Nescafe. Bilaman, sifati yaxshi emas lekin nachora. Atrofga qarab o’ylayman, kim nima g’amda… Odamlar hayot uchun kurashayapti, men esa qayoqdagi kofe dardidaman.

Somsaxonada to’xtaymiz. Xizmatda bolalar, bo’lsa 12 yosh. Yozda shu yerda ishlab pul topishadi, deydi hamrohim, aslida u qadar yosh ham emas, bu yerda tez yetilishadi. Ko’kko’z bolani chaqirib, qaynoq suv so’radik. Epchilgina ekan, bir zumda olib keldi. Kofe damlab, yostiqqa suyanib, sopol piyolada uni xo’plar ekanman, mendan baxtli odam yo’q.

Atrofni ko’zdan kechiraman. Ilohiy manzara. Musaffo osmon. Moviy tog’lar. Bozori qiziyotgan sotuvchilarning va sayyohlarni talashayotgan haydovchilarning ovozlari aralashib, o’ziga xos bir jo’shqinlik hosil bo’ladi.

Sharsharaga ketdik. Buning uchun esa oldin biz ham avtomobil gaplashishimiz kerak. Tezgina kelishdik. Kichik yuk mashinasidamiz. Tor ko’chalar juda notekis, toshli, suv bosgan. Haydovchi menga qarab hayajon bilan “sizni tomosha qilamiz har hafta” deydi. Men esa uni so’roq qilaman. Hazilkash yigit ekan. Yo’llarni tuzatishsa bo’lmaydimi degan savolimga “kim tuzatadi?” deya javob beradi. “Menga baribir”, – deydi rulni burar ekan, “o’rganib ketganmiz, tuzatsangiz yana buziladi”.  Eng muhimi hozir pul ishlab olish. Daromad shu ikki oyda keladi o’zi, sayyohlar ko’p paytda. Keyin esa bu yerda hech vaqo yo’q. Qish uzun, qalin qor yog’ib, yo’llar yopilib qoladi. Arslonbob dunyodan uziladi.

Kichkina bozor oldida tushamiz-da, sayrni boshlaymiz.

Har qadamda to’xtab odamlar bilan gaplashaman, suratga tushamiz. Muxlislarim ko’p ekan bu yerda. Keremet TV Jalol-Obodni ham qoplaydi va “Amerika Manzaralari” Arslonbobda ham efirda. Ichimga sig’may quvonaman, shunday tog’li joylarda ham minglab odamlar bizni tomosha qilar ekan.

_MG_2779

_MG_2839

Arslonbob mahalliy turistlarga to’la. Yozgi ta’tilda odamlar chiroyli kiyinib, shu yerga kelishar ekan. Cho’qqidagi uylar ijaraga olinadi. Qarindoshlar birga kelib, bu hovlilarda o’choqda osh, tandirda kabob qilib yeb ketishadi. Erkaklar karta o’ynaydi, askiyaga beriladi; ayollar aylanib, bozor qilishadi. Erkaklarning ham suhbatini oldim, ayollar bilan ham dardlashdik. Amerika ham qolmadi, O’zbekiston va Rossiya, Qirg’iziston iqtisodi, qirg’iz-o’zbek rishtalari, shaxsiy hayot, xullas, qop-qop gap. Onam meni gapga tuqqan.

Sharsharalar tagida odam boladek sakragisi keladi. Muzdek suv sachrar ekan, sergak tortasiz. Ko’nglingiz yorishadi. Cho’qqidagi kafeda sharbat ichamiz. Hammaning ko’zi menda. Kiyimim har holda ularni o’ziga qaratayotgandir. Ayollarning aksariyati bu yerda o’rangan. Men esa yozgi ko’ylakdaman. Qarshimdagi stolda o’tirgan bir guruh erkaklardan biri gap otadi. “Siz anavi Amerikadagi qiz emasmisiz?” Jilmayib, “Ha, o’shaman”,- deyman. Tamom, suhbat o’z-o’zidan davom etaveradi. Suratlarga tushamiz.

Tog’dagi katta xonadonda osh yeymiz. Hovlini aylanar ekanman, atrofimda bolalar girdikapalak. Jiddiy-jiddiy savollar berishadi. “Otishni bilasizmi?” Yo’q. “O’rgataymi? Mana miltig’im bor!” Qani… “Qo’rqmang, hech kim o’lmaydi baribir.” Shunaqa degin. Eh, bolalik…

Uch soat degan edik, butun kun shu yerdamiz. Tabiat bag’rimdan ketma deydi, lekin ilojim yo’q.

Bozorda tadbirkor haydovchimiz kutib o’tirgan ekan. Jalol-Obodga aslida bir-yarim soatlik yo’l lekin bizniki cho’zilib ketdi. Amerikalik mehmon qiz ko’p to’xtatdi.

Atrof shu qadar go’zalki, qarab to’ymaydi odam. Soylar, yaylovlar, kichik qishloqlar… Bu yerda har xil elatlar bor, deydi haydovchi, ahil yashashadi. Uylarning tepasida antennalar. Har holda jahonda nima bo’layotganini sal bo’lsa ham bilishadi.

DSCN7446

DSCN7451DSCN7366DSCN7362JALOL-OBOD

Jalol-Obod shahrining o’zida ko’rishga arzigulik joy ko’p emas, deydi hamrohim. Mahallalarni aylanaylik, deyman. Kun botayotgan payt, hovlilarga suv sepib supurilgan. O’shdagidek bu yerda ham ichkarini tashqaridan ko’ra olmaysiz, chunki devorlar baland qurilgan. Har ikkinchi yoki uchinchi uyda qurilish ketayapti. Dang’illama inshootlar qurilayotgani aniq. Ko’pchilikning daromadi chetdan keladi, bu ham aniq. Kichik bizneslar yaxshigina pul qiladi, lekin bugun bor, ertaga yo’q. Oilani boqish mumkin, lekin mashina olaman yo uy quraman desangiz qo’shimcha moliya kerak. Dunyoning ko’p joylarida ahvol shunaqa deya hikoya qilaman. Oylikka yashash oson emas. AQShda ham mashina yoki uy aksariyat hollarda kreditga olinadi. Jalol-obodlik tanishim: “To’g’ri, lekin u yerda barqarorlik bor, bu yerda yo’q”.

Shahar markazi qop-qorong’i lekin gavjum. Fontanlarning oldi va kafelarda yoshlardan tashqari oilalarni ham ko’rasiz, bolalari bilan hordiq chiqarishayapti. Diskotekalardan taralgan musiqa sabab bolalarning ovozini eshitmaysiz. Orada yigitlarning hayqiriqlari ham quloqqa chalinadi. Soat 9 lardan oshganda biz ham sekin ovqatlanish uchun joy qidiramiz.

_MG_2936_MG_2934

DSCN7453

(Jalol-Obod, Arslonbob va O’zgan suratlarda… Facebook foto albomni tomosha qiling)

Sokin bir mahalladagi choyxonadamiz. Bizdan boshqa hech kim yo’q. Osmonga qarab yonboshlab yotsam ham hech kim hech narsa demaydi. Choyxona o’zbeklarniki lekin ishchilar qirg’iz qizlar. Hamrohim Jalol-Oboddagi diniy-ijtimoiy manzara haqida hikoya qilib beradi. Shahar o’tgan o’nyillikda qanchalik o’zgarganini tushuntiradi. O’zi Suzoqda katta bo’lgan bu yigit umidga to’la. Real muammolarni tan oladi lekin ularga yechim bor deya ishonadi. Masalalar tubida etnik kelib chiqish emas, ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik yotibdi, deydi. Huquq-tartibot tizimlari mas’uliyatini oshirish, korrupsiya ildiziga bolta urish bilan hayotni ancha yaxshilash mumkin, deydi u. Darhaqiqat, bu gapni Qirg’izistonda hamma joyda eshitdim. Bishkek va O’shda ham kim bilan gaplashmay muammolar va ularning yechimi haqida shunday mulohaza bildirishdi. Boshqa bir hamrohim yengilroq mavzular haqida gaplashishga harakat qiladi. Buning esa iloji yo’q, hayot bu siyosat, har qanday mavzu baribir real vaziyat va siyosatga borib taqaladi. Kulamiz.

Zimiston ko’chada suzoqlik hamrohimga taksi tutib, kuzatamiz. Mehmonxonaga qaytib, internetga ulanaman. Facebook va Twitterda bir dunyo xat. Aksariyati O’sh va Jalol-Oboddan. Eng so’nggi maktubda bir yosh yigit dadasi meni hozirgina taksida ko’rganini yozibdi. Do’stimni uyiga olib ketgan haydovchi… Boshqa xatlar men bilan Arslonbob va Jalol-Obodda gaplashgan odamlar va ularning yaqinlaridan. O’shda ko’risholmagan tanishlarim mendan xafa. Bu yerlarda yurganimni o’zi hech yerda ayon qilganim yo’q lekin bu zamonda biror narsani yashirib bo’ladimi?! Mayli, omon bo’lishsin.

Hayotni ko’rmoqchimisan, bozorga bor, deyishadi. Jalol-Obodning bir-biriga ulanib ketgan bozorlaridaman. Darrov oladigan narsa topdim – ikkita ko’ylak. Qirg’iziston janubida hamma ayollar uyda desangiz adashasiz. Bozorchilarning aksariyati xotin-qizlar. Ular orasida ham muxlislarim bor ekan. 2-3 daqiqada butun hayotlarini tasvirlab bera oladigan zukko ayollar. Men ham onam bilan dehqon bozorida savdo qilib, ulg’ayganman, deyman. Oila a’zolarim hali ham bozorda tirikchilik qilishadi.

DSCN7466DSCN7481DSCN7549

Tushlik Suzoqda. Lekin undan oldin hamrohimning ishxonasiga o’tamiz, salomatlik markaziga. U idorasida band ekan, yonma-yon joylashgan tibbiy maskanlar va dorixonalarni ko’zdan kechiraman. Toza lekin juda eski binolar. 1950-yillarda qurilgan ekan. Navbatda o’tirgan ayollar menga qaraydi, men ularga. Tepada UZI deb yozib qo’yilgan. Xotinini olib kelgan otalar bolalarini ko’tarib, gulzorni aylanib yurishibdi. Hech kimni gapga solgim kelmadi. Bu yerga kelganlarning dardi o’ziga yetarli.

Do’stimning ishxonasi oddiy lekin zamonaviy. Divan, kompyuter. Internet bor, tezligi ham yaxshi.

Piyoda yana bozor tomon ketamiz. Taksi olib, Suzoqqa suramiz. Haydovchi yoshgina yigit. Bir zumda olib bordi, lekin gaplashishga ulgurdik. Chet elga ketish dardida ekan. Lekin dunyoda bundan yaxshi joy yo’q, deydi qat’iy ishonch bilan. Amerikadan kelganlarga bu yerda hamma va hamma narsa nochor ko’rinayaptimi, deb so’raydi. Yo’q, umuman unday emas, deya javob qilaman va oldimizda ketayotgan qimmat mashinalarga va yo’l chetidagi baland uylarga ishora qilaman. Qolaversa, deya qo’shaman, Amerikada ham qashshoqlar bor. “Bilaman, ko’rsatasizlar-ku”, – deydi u, jilmayib.

Suzoq markazida tushamiz va kichik bozor tomon yo’nalamiz. Ko’zimga yoqqan narsalardan olaman, o’zim uchun, Vashingtondagi uyimga. Plastmassa obdasta. Klassik shaklda yasalgan. Ko’k va yashilidan bittadan. Sotuvchi onaxon bir qopini olib chiqib, oldimga sochadi. “Ovorasi bormi, oling qizim, buyursin”,- deydi u, kamtarona.

Mehmonga ketayapman, quruq bormay deb ochiq rastalarga qarayman. Sotuvchilardan biri oppoq kiyingan otaxon, “Golos Amerikimi?” deya ajablanadi. Darrov tanishamiz, chaqchaqlashamiz. Kimyoviy muhandis bo’lgan ekan, bir o’zbek tadbirkor ochgan konserva zavodida bosh mutaxassis bo’lib ishlagan ekan. Inshoot 2010-yildagi notinchliklarda vayron bo’lgach, bu sohani tark etgan. Zavodda 1 million dollarga teng texnologiya bor edi, deydi u ko’ziga yosh olib, hammasini maydalab tashlashdi, shunga achinadi odam. Mana endi bog’larda mevalar chirib yotibdi, ulardan biror mahsulot tayyorlaydigan kombinatlar qolmagan. “Bizning ham dardimizni eshitinglar, iltimos”,- deydi otaxon. “Albatta, eshitamiz va shu yerdamiz”, – deyman. Biznes kartochkamni qo’liga tutqazib, bu inson bilan uzoq gaplashish umidini ko’nglimga tugib, hamrohim bilan mahallalarga kirib ketaman.

Mezbonlarim – ikki kelini bilan yashaydigan ziyoli oila. Ota Toshkentda bilim olgan, o’zbek maktabi direktori. Katta o’g’li, mening do’stim, salomatlik markazida ishlaydi. Ukasi Dubayda. Kelinlardan biri ham o’qimishli. Ikkinchisi uyda. Ikkalasining ham emizikli bolalari bor. Qaynona kiyimidan katta ko’rinsa-da, yosh ekan. “Biz uydamiz, erkaklar ishda… Ro’zg’or ishlaridan bo’shamaymiz, lekin televizor ko’rishga vaqt bor, sizni tomosha qilamiz haftada bir, seriallar ko’ramiz”.

Oldimdagi dasturxon – o’zbekning yuzi, g’ururi. Issiq non, somsa, shirinliklar, toza meva, yangi salatlar… Bir zumda manti keladi, uning ketidan kabob. Tirikchilik qiyin ammo bu insonlarning yuzidan nur taraladi. Ruhan tetik odamlar ekani har bir so’zida namoyon. Nabiralar tizzamizda.

Bir soatda turishim kerak. Do’stimning o’g’li ketma deb yig’laydi, ko’zlari jiqqa yosh bizni kuzatadi.

Bizni Arslonbobga olib borgan tadbirkor yigitning mashinasida Jalol-Obodga qaytamiz. U yerdan esa O’sh tomon yo’lga tushamiz. Orada meni yarim kechasi Jalol-Obodda kutib olgan oilanikida to’xtaymiz. Cheksiz minnatdorchilik bildiraman ularga. Suzoqlik do’stim bilan ham shu yerda xayrlashaman. Endi mening ko’zimda yosh.

DSCN7629IMG_3102DSCN7653O’ZGAN

O’zimga kelgunimcha bir necha daqiqa o’tadi. O’sh viloyatiga kirib kelayapmiz. O’zganga yaqinlashayapmiz. Albatta, to’xtaymiz. “Bu men uchun farz… Mahalliy, tarixiy obidalarni ko’zdan kechirmay ketsangiz bo’lmaydi axir”,- deydi haydovchi. Bir soat aylanamiz. Oftob urib turibdi, mening esa hech qayoqqa jilgim yo’q. 9-13 asrlarda hukmronlik qilgan qoraxoniylar davridan qolgan obidalar ostonasida o’tiraversam…

Lekin har bir daqiqa g’animat. O’shga qaytib, oqshom Bishkekka uchishim kerak.

Yo’ldagi suhbatimiz global… Yoshlar, munosabatlar, muhabbat, vafo va baxt haqida fikr almashamiz. Oila, ota-onalik, farzand tarbiyasi, o’zbeklar va dunyo. Men o’zbekman, siz esa butun dunyo ekansiz, deydi haydovchi. Yuzimizda tabassum.

Aytgancha, Qirg’iziston janubida qayerga bormay, o’zbekcha yozuvlar qidirdim, hech yerda ko’rmadim. Suzoqdagi bozorchada muxlislarim bilan gaplashayotib, tasodifan bir joyga ko’zim tushdi: “Колхоз бозори”. Eski darvozaning qoshida, temirga o’yilgan. O’tmishdan nishon. Qancha turishini hech kim bilmaydi.

Navbahor Imamova

Jalol-Obod, Arslonbob, O’zgan

Avgust, 2014

P.S. O’sh va Bishkek taassurotlarini ham o’qing. Qozog’istonning eng katta shahri Almati haqida ham hikoyam bor.

 

One response to “Jalol-Obod, Arslonbob va O’zgandagi bebaho lahzalar”

  1. Shohruh says:

    Suzoqlik do’stingiz Shermuhammad bo’lsa kerak, menimcha. Twitterdagi rasmida siz unga posilka ham jo’natganingizni aytgan edi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

“Yoshlariston” blogi haqida

Ushbu blog – ijodkor, shijoatli va qiziquvchan yoshlar uchun o’zlari yashayotgan jamiyatda ro’y berayotgan muhim voqealar, qolaversa dunyodagi o’zgarishlar haqida fikr va mulohaza bildirish maydoni. Qay yurtda yashamang, bu yerda eksklyuziv surat va videolar ulashib, ularni tomosha qilishingiz mumkin.

Bu sahifani “Yoshlariston” deb bejiz atamadik. Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Afg’onistonda aholining aksar qismi yoshlardir. Zamonamiz muammolari va yutuqlarini ular boshqalardan ko’ra yaxshiroq biladi.

Blog rang-barang mavzular uchun ochiq. Siyosatdan tortib, iqtisod va madaniyatgacha… Istagan masalani yoriting, muhokama qiling. Yagona iltimosimiz – bir-birimizni hurmat qilaylik va fikr bildirganda qo’pol so’zlar ishlatmaylik, toki bu maydon hammamizga ma’naviy ozuqa bersin.

Surat, video yoki boshqa turdagi material va xabarlar bo’lsa, biz bilan bog’laning. Siz bilan hamkorlik qilishdan bag’oyat mamnun bo’lamiz. Manzilimiz: uzbek@voanews.com

“Yoshlariston” – yoshlar maydoni. Blogimiz sizga muntazir.

Bo’limlar

Taqvim

September 2014
M T W T F S S
« Aug   Oct »
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930