Islom Karimov Jizzax viloyatiga tashrifi davomida xorijda ishlayotgan o’zbekistonliklarni “dangasa” deb atadi. Uning bu gaplari prezidentlik saylovlaridan uncha uzoq bo’lmagan bir paytda yangrashi odamni mulohaza qilishga undaydi.
Chunki, bu bayonotdan haqorat tuygan mehnat muhojirlari ortida „farroshlik“ evaziga orttirilgan puldan tirikchilik qilayotgan millionlab o’zbekistonliklar borligi ayon.
Ehtimol, buni Jirinovskiyga o’xshash biror populist siyosatchi aytganda e’tiborsiz qoldirish mumkin bo‘lardi, ammo bu gap muhojirlar qismatiga bevosita javobgar shaxs – prezident og’zidan chiqyapti.
Gap bayonotning qo’polligida, ishsizlik muammosiga atayin ko’z yumilganida ham emas, balki bu fikrning haqorat sifatida qabul qilinishiga shubha bo’lmaganidadir.
Prezident mehnat muhojirlari soni 5 million atrofida ekani, ular yuborayotgan mablag’ miqdori va bu mablag’ kimlarning kuniga yarayotganidan xabarsiz deyishga esa asos yo’q.
Qolaversa, mamlakatda kutilayotgan prezidentlik saylovlari ostonasida saylovchilarning asos qismini tashkil etuvchi muhojirlarga yo’naltirilgan bunday „salom“ g’alati ko’rinadi.
Bu sabablardan qat‘i nazar, prezident anchadan buyon yetilib kelgan muammo yuzasidan o’z fikrlarini oshkor etdi. Ammo bu safar avvalgisidan ko’ra keskinroq, tahqirliroq chiqdi.
Mamlakatdagi siyosiy muhitni belgilashi mumkin bo’lgan kuchga nisbatan bunday munosabatni, shunchaki, kaltabinlikka yo’yish qiyin. Karimov bu toifadagi siyosatchilardan emas, buning sabablari bir qadar murakkabroq, nazarimda.
Albatta, birinchi mulohaza aynan shunga – tashqarida yurgan mehnat muhojirlari va ular ortidagi millionlab odamlarning siyosiy sahnaga chiqishidan xavfsirashiga borib taqaladi.
O’zbekistonda ko’pchilik umid bilan kutayotgan prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, bu muammo yanada dolbzarblik kasb etib boradi. Karimovning hozirgi chiqishi shu ehtimolliklar inobatga olingan ogohlantirishdek ko’rinadi.
Bu bayonotning mehnat muhojirlarni aksilhukumat kayfiyatga yetaklovchi qaltis bir shaklda ifodalangani esa xavotirli. Go’yo prezidentlik saylovlarida xalq ovoziga nisbatan ortiqcha umid yo’qligidan, bu bilan hech kim hisoblashib o’tirmasligidan dalolatdek. Shu bilan bir qatorda hukumatning o’zi mehnat muhojirlari qatlami aniq bir siyosiy kuch sifatida qalqishi mumkinligini e’tirof etgandek.
Islom Karimov mehnat muhojirlariga qarata murojaat qilar ekan, „qizim senga aytdim, kelinim sen eshit“ qabilidda ish tutgandek.
Mehnat muhojirlaridan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanishga o’rganib qolgan Kremldagi doiralarga qaratilgan bu ishora bundan keyin ham muhojirlar taqdiri rasmiy Toshkent uchun mutlaqo farqsiz qolishini ifodalaydi.
Karimov Moskvaning bunday bosimlarga tayyor ekanligini bildirmoqda. Agar bu qarashlar haqiqatga yaqin bo’lsa, kelajakda tashqi siyosatda kutilmagan burilishlarga ham guvoh bo’lishimiz mumkin.
Nima bo’lishidan qat’i nazar, bir narsa aniq: o’zbek muhojirlari o’z qadr-qimmatlarini tiklovchi aniq bir kuch sifatida yuzaga qalqmas ekan, bu vazifani boshqa hech kim uddalamaydi. Islom Karimovning mehnat muhojirlariga yo’llagan murojaati shunday kuchning shakllanishiga poydevor qo’ydi, degan umidlar ham yo’q emas.
Malik Mansur,
Germaniya