http://gdb.voanews.com/7BD18F01-28E5-414B-8759-E832B703C63D_w640_r1_s.jpg

Nihoyasiga yetayotgan yilning muhim voqeasi, shubhasiz, bosimga uchrab, mol-mulki va maqomidan ajragan Gulnora Karimovaning hukumatdagi ziddiyatlarga doir ayrim ma`lumotlarni jamoatchilikka oshkor etgani bo`ldi.

Mojaro hali tugamadi, Gulnora Karimova qismatining yangi yilda kutilayotgan ehtimoliy xotimasi “Twitter” doirasidagi oshkoraliklarni bir qadar kengroq maydonga ko`chirishi ham mumkin.

Har holda, Turkiyaning “Hurriyat” nashriga berilgan intervyu so`nggi oylar davomida Gulnora mahkum vaziyatga doir birinchi chiqish desa bo`ladi. Bu kabi chiqishlarni davom ettirish uchun Gulnora Karimovada hozir sabablar ham, ehtiyoj ham yetarli.

2013-yil hukumatdagi ayrim ziddiyatlarni ochiqlantirdi. Bu ziddiyatlarga turtki beruvchi omillar aslida yakunlanayotgan yildagiga nisabatan yaqinlashayotgan 2014-yilda ko`proq.

Islom Karimovning parlament vakolatini kengaytirishga qaratilgan kechagi bayonoti kelasi dekabrda kutilayotgan Oliy Majlis saylovlari arafasida bildirilmoqda.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilingan nutqida Islom Karimov siyosiy partiya yetakchilarini prezidentlik maqsadini ko`zlashga chaqirdi. Karimovning bu chaqirig`i yaqin 10 yil qudratda qolishiga doir ishorati bilan kuzatilganini ham e`tibordan soqit qilib bo`lmaydi.

Ammo, o`n yildan so`ng 83 yoshli Islom Karimovni forumlar saroyida o`tirib parlamentdagi islohotlarga doir hisobot qabul qilayotganini tasavur qilish qiyin. Buni prezidentning o`zi ham yaxshi tushunadi.

Bugun siyosiy vorislik masalasi muhokamada ekan, bu avvalo hukumat ichkarisida tug`ulgan ehtiyoj bilan bog`liq. Bu ehtiyojni esa Karimovning o`z ham rad etolmaydi.

2014-yil bu savollarga aniqlik kritadi, garchand bu aniqlik mamlakatdagi tuzumda hech narsa o`zgarmasligidan dalolat bersa-da, uning ahamiyati hozirda siyosiy vorislik masalasida hukm surayotgan mavhumlikka chek qo`yilishidan iborat bo`ladi.

Bu mavhumlikning yo`qolishi mamlakatdagi vaziyatga real ko`z bilan qarash uchun kerak. Hukumat  vaziyatni real baholashdan manfaatdor emas.  Mavhumlik pardasi favqulodda kutilayotgan o`zgarishlarga bo`lgan samarasiz  va so`ngsiz umidlarni saqlash uchun ham muhum.

Yallig`langan umidlar davri qanchalik ko`p davom etsa,  reallik ham bizdan shuncha ko`p uzoqlashib boradi.

Malik Mansur