Qrim bosqini bu faqat qrim tatarlari boshidagi fojea emas, balki inqirozni diqqat bilan kuzatib turgan mintaqaning boshqa davlatlari, xususan, O’zbekiston uchun ham tahlikali xabardir. Ammo shu paytgacha bildirilgan munosabatlarga e’tibor beradigan bo’lsak, tahlika ko’lami yaxshi anglanmagandek.
Qrim bosqini butun dunyo bo`ylab muhokama qilinar ekan, nafaqat mintaqa rasmiylarining, balki turkiy dunyo birligi haqida bong uruvchi ziyolilarning ham masala yuzasidan sukut saqlashni afzal ko’rayotgani achinarli hol.
Turkiya Qrim majorasi bo`yicha o`z pozitsiyasini bildirdi, imkon qadar muzokaralarda ishtirok etishga urinmoqda. Ayni paytda u Rossiya bilan munosabatlarni buzmaslik uchun ehtiyotkorlik qilayotgani sezilib turibdi.
O`zbekiston va Qozog`iston esa mujmal bir bayonot bilan cheklandi. Achinarlisi shundaki, Qrim tatarlari boshiga kulfat olib kelgan bu bosqin haqida dadil gapirish rasmiy Toshkentning majburiyati, ma`naviy burchi edi.
O’zbekistonda hozir ham 100 mingdan oshiq Qrim tatarlari yashaydi. Ular uchun O`zbekiston qanchalik vatan bo`lsa, Qrim ham shunchalik aziz. Qrimdagi tatar jamoatchiligi ham O`zbekistonni ikkinchi vatan deb biladi.
Afsuski, rasmiy Toshkent o`z bayonotini hatto Tashqi ishlar vazirligi darajasida bildirishga ham jur`at etmadi. Agar Moskva bu mojaroni kelajakda O`zbekistonda ham takrorlash niyatida bo`lsa, rasmiy Toshkentning hozirgi yumshoqligi bu qarorni to`xtatib qola olmasligi aniq.
Mayli, davlatlarning rasmiy yondashuvi o`z yo`liga, lekin vatanda turkiy dunyo birligi tushunchasi bilan yashovchi ziyolilar ko`p. Nega ular jim?
Ukrainadagi yevromaydon voqealari bo`yicha sukutni tushunsa bo`lar, o`zbek hukumati inqilob sharpasidan qo`rqadi. Ammo Qrim voqeasida vatani tortib olinayotgan qardosh xalqqa yupanch beruvchi oddiy so`zlarni aytishi mumkin edi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ketayotgan munozaralarda ayrimlar tomonidan Rossiya bosqinining qo’llab-quvvatlanayotgani 90-yillarda urfga kirgan atama – manqurtlik tushunchasini beixtiyor yodga tushiradi. Bu cho`kishda sukutdagi o`zbek ziyolilarining-da hissasi bor.
Bu sukut qarshisida rasmiy Toshkentning yuzaki pozitsiyasi ham odamga yupanchdek tuyuladi, har holda unda Ukrainani yaxlit ko`rishga ishora bor. Bu ishora, avvalo, qardosh xalq taqdiri uchun emas, o`zining ertangi taqdiridan tug`ilgan xavotirga asoslangan bo`lsa ham.
Shunisi aniqki, Ukraina va Qrim taqdiri bo`yicha ketayotgan munozaralar millatda xunuk bir og`ish, og`ir bir yo`qotish boshlanganidan darak bermoqda.
Qrim tatarlari bizga qardosh, yaqingacha bizga vatandosh bo`lgan xalq. Ayrimlar buni unutgan, anglamagan taqdirda ham, kimningdir vatani bosqin qilinayotganini yoqlash noto’g’ri.
Agar rus xalqi bor joyda bosqin uyushtirish mumkin bo`lsa, bu bosqin ertaga Qozog`iston, so`ng O`zbekistonga yetib kelishi ehtimoli yuqori. O`shanda buni ham oqlovchilar topilsa ajab emas.
Hozirgi fikrlash jarayoni bunday ehtimollikni yo`qqa chiqarmaydi, dahshatlisi ham shunda.
Bu ayanch manzilga yetib kelishimiz sabablari esa oddiy. Nochorlik, aksariyat odamlarning tirikchiligi Rossiyaga taqalayotgani, yurtda erk yo`qligi, mustaqil so`z, fikr aytishning ta’qibda ekanligidir.
O`zbek matbuotining qumga suqilgan boshi ko`tarilmas ekan, boshqa natija kutish ham mumkin emas.
Salom, maqolangizni o’qib, yumshoq qilib aytganda, juda taajublandim 🙂 Qiziq, qaysi asosda barcha O’zbek ziyolilarini manqurdga chiqarishingiz m-n. Sizni yozgan maqolangiz, bu faqat sizning fikringiz, uni umumiylashtirishga, yani barcha O’zbeklar nomidan fikrlashga yoki aynan to’g’ri pozitsiya ekanligiga davo qilish uchun asos yo’q, deb xisobliyman. Man Rossiyani xech xam qo’llab-quvatlamiyman, ammo AQShga xam xech xam yon bosa olmiyman. Xar doim obyektiv yoki real fikrlashga odtlanganman. Agar Rossiya Qrimni bosib olgan bo’lsa (xali rasmiy buni isbotlab bo’lmaydi), AQSh Kosovani bosib olgan ekande. Agar NATO AQSh boshchiligida Rossiya milliy manfaatlari bo’lgan yerlarga ko’z olaytirvotgan bir paytda, AQShning Monroe Doktrinasi xaqida nima deysiz? O’zbekiston xozirgi kunda o’zini pozitsiyasini bildirmagan davlatlar orasida yagona emas. Shunday ekan manqurd, deb tashga asos yo’q. Dunyo xali xam o’zgargani yo’q – o’sh-o’sha – zamon zo’rniki. O’rmonda sherning qorni ochib, ovga chiqsa, kuchsiz bo’lgan xayvonlarga unga xamkor bo’lgani yaxshi yoki umuman ko’ziga ko’rinmiy turgani ma’qulroq. Shu b-n birga yana bir ikrni bayon qilmoqchi edim. Yanukovich qanchalik ablax bo’lmasin, uni prezidentlikdan tushurishning rasmiy, demokratik yo’li tanlanmadi. Xozirgi rasmiy Kiyev, aslida asossiz va qonuniy yo’l b-n xokimiyatni qo’lga kiritdi. Buni orqasida esa demokratiyani o’ziga bayroq qilib olgan davlatlar turibdi. Qani aytingchi, aziz muallif, demokratiyada ikki standartlik bor narsami? Sizga yana bir savol – shu kungacha AQSh boshchiligidagi olib borilgan Arab baxorlari voqealari qaysi davlatga xaqiqiy demokratik jarayonlarni yoki barqarorlikni olib keldi?! Man xam radikallardanman, demokratiya, so’z erkinligi, qonun ustuvorligi, matbuot va televideniyani erkinligi tarafdoriman, ammo M.Gandi amalga oshirganidek, tinchlik, kuch ishtlatmaslik yo’li bilan amalga oshirishni istayman …
Bu yerda farqi yo’q Tatarlarmi, Kosovoliklarmi, O’zbek yoki Qozoqlarmi, manfatlarga kelib taqalganda, xech narsa xisobga olinmiy realistlarning yondashuvi, yani kuch kimda zo’r bo’lsa, zamon xam o’shaniki qo’llaniladi. Xar qanday millat yoki ellat manfaatlar kurashi qurboni bo’lishi m-n. AQSh va NATO onsongina Ukrainani qo’lga kiritaman, deb o’ylashgani puchga chiqdi xolos. Putinni qo’llamiyman, ammo Rossiyani milliy manfaatlarini juda to’g’ri ximoya qilmoqda. Bir paytlar Amir Temur xam xech narsaga qarab o’tirmay, o’z davlati va xalqi manfaatlarini ximoya qilgandek. Afsuski dunyo xali xam o’sha-o’sha …