http://4.bp.blogspot.com/-YB-_B-xUsMo/UGsnnApQ12I/AAAAAAAAB_M/ApieNLPWpuo/s320/blocked+websites.pngO’zbekistonda jurnalistlar biroz bo`lsa-da o`zlarini erkin his qilishi mumkin bo`lgan maydon – blogchilar faoliyatiga ham chang solindi.

Senatning yalpi majlisida ma`qullanib, 5-sentabrdan kuchga kirgan qonun blogdagi yozuvlar uchun jinoiy javobgarlikdan ogoh etadi.

Rasman belgilanishicha, blogerlar ijtimoiy-siyosiy hayotga taalluqli noto`g`ri, asosiz axborot tarqatsa, davlat sirini fosh etsa javobgarlikka tortilishi mumkin.

Gap shundaki, O`zbekistondagi vaziyat bilan tanish jurnalist hukumat nazarida noto`g’ri va asossiz axborot nima ekanligini yaxshi biladi. Mamlakatdagi mavjud muammolar – diktatura, korrupsiya, ishsizlik, qashshoqlik yoki jurnalistni bezovta qilgan boshqa illatlar haqida yozish hukumat nazarida noto’g’ri va asossiz axborot tarqatishdir.

Butun dunyo uchun allaqachon yaqqol haqiqatga aylangan fakt – O`zbekistonda so`z erkinligi yo`qligi haqida yozish ham hukumat nazarida asossiz, jinoyat.

Blog aynan axborotga erkin yondashuv imkoniyatini berishi bilan, ijtimoiy hayot, siyosatdagi voqelikka nisbatan jurnalist shaxsiy kuzatuvlari, mushohadasi bilan munosabat bildira oladigan janr. “Xalq so`zi” dagi dabdabali matnlarni blogga ko`chirish ancha qiyin.

Qolaversa, jurnalist hukumat nashridagi zo`rakilikni  “zamon talabi“ sifatida qabul qilishi mumkindir, ammo ijtimoiy siyosiy vaziyatga shaxs sifatida qarar ekan, atrofdagi muammolarga ko`z yumishi, mushohada qilmasligi va yolg`on yozishi qiyin.

Achinarlisi shuki, prezident devoni senzurasi matbuot tilini allaqachon qolipga tushirib, sayozlashtirib bo`ldi. Rasmiy nashrlardagi biron bir maqolani o`qish bugun azob. Ular bungungi matbuot tili va uslubi haqida noxush bir taassurot qoldiradi. Bu cheksiz muammo qarshisida blogerlik  tilni, usulni jonlantiruvchi bir imkoniyatdek edi.

Ammo yer ostidagi ilonning qimirlashini ham avvaldan biluvchi hukumatimiz o`zbek jurnalistikasida hali o`z qaddini tiklashga ulgurmagan bu janrga ham bolta urmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo`yicha vakili Dunya Miyatovich fikricha O`zbekiston hukumatining bu qarori shundoq ham og`ir bo`lgan vaziyatni yanada salbiylashtiradi.

Hukumat erkinlikni yanada kishanlar ekan, ertaga bu choralarni albatta qo’llaydi. Biladiki, kimdir bu qoliplarga chidamasligini, ko`rib-sezib turgan haqiqatni baribir yozadi.

MALIK MANSUR