Qirg’izistonning Issiqko’li bejizga Markaziy Osiyo durdonasi, marvaridi, deb aytilmaydi. Shimoliy Tiyonshon tog’ tizmalari orasida joylashgan suv havzasi kurramizning 25 yirik ko’llari sarasiga kiradi. Chuqurligi bo’yicha oltinchi o’rinda turadi. Suvi tozaligi, juda tiniqligi bilan esa tengi yo’q – yaqin atrofda kattaroq sanoat korxonalari, tevarak-muhitni bulg’ovchi inshootlar yo’q.
Issiqko’lni o’rab turgan tog’ tizmalari yam-yashil ulug’vor o’rmonlar bilan qoplangan.
Noyob tog’ va dengiz iqlimi ushbu shifobaxsh maskanga yuz minglab sayyoh hamda dam oluvchilarni jalb qiladi.
Keyingi yillarda ko’l qirg’oqlarida katta-kichik sanatoriy, pansionat, xususiy dam olish uylari ko’paygan. Narxlar har kimning cho’ntagiga yarasha. Mavsum chog’ida (iyun – sentabr) eng arzon boshpana – kuniga 250 -300 qirg’iz so’mi (taxminan 4 AQSh dollari, biroq yemak-ichmak hisobga kirmaydi), o’rtachasi – 2100-2200 so’m (ovqatlanish, davolanish bilan).
Dam oluvchilarga xizmat ko’rsatish tizimlari – ko’l va tog’lar bo’ylab sayohat, o’yingohlar, ovqatlanish tarmoqlari – asta-sekin rivoj topmoqda.
Issiqko’lning shaydolari orasida Cho’lponota va Qorako’l shaharlari, Bo’steri, Sari O’y, Cho’ktol kabi oromgoh qishloqlar, Barsko’o’n, Jetio’guz, Grigoryevskoye va Semyonovskoye tog’ daralari, ko’l atrofidagi tabiiy-tarixiy yodgorliklar ma’lum va mashhur.
Bo’steri bozorida turli-tuman tabiat ne’matlari, yakka xo’jaliklar mahsulotlari ko’zni qamashtiradi. Arzon, ekologik jihatdan toza, salomatlik uchun foydali.
Dam oluvchilar aytishicha, negadir Issiqkolda ishtaha ochilib ketar emish.
Sayohatchilar mahalliy aholi va davlat xazinasiga yahshigina daromad keltiradi. Ko’plab horij o’lkalarining fuqarolari uchun Qirg’izistonga tashrif buyurishga viza talab qilinmaydi. Poytaxt Bishkekdan Issiqqo’lga eltuvchi 220 chaqirimli avtomobil yo’li yangilanmoqda. O’tgan yili “Tomchi’ aeroporti qayta qurilib, halqaro maqomga ega bo’ldi.
Issiqqo’lda dam oluvchilarning asosiy qismi Qirg’iziston, Qozog’iston, Rossiya Federatsiyasi fuqarolaridan iborat bo’lib, joriy yil, Toshkent – Tomchi aviayo’nalishi ochilishi ortidan, o’zbekistonliklar safi ham ko’paya boshladi.
Muhiddin Zarif
Qirg’iziston