Jurnalistlar “suvga cho’kib yo’qolishi”, “geyga aylanib qolishi” mumkinligi haqida tahdid qilgan Toshkent shahri hokimi bir necha kundirki munozaradan tushmayotgan bu voqea yuzasidan izoh bermagan, uzr ham so’ramagan.
Jamoatchilik esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning voqeaga nisbatan munosabatini kutmoqda. 20-noyabr kuni poytaxtdagi bir qator inshootlar bilan tanishgan prezidentga, an’anaga muvofiq, Toshkent shahar hokimi hamrohlik qilmagani kuzatiladi. Yoki tasvirlarda uning ko’rinmasligini ta’minlashgan.
Mirziyoyev poytaxtdagi Axborot texnoligiyalari parkida, “O’zekspomarkaz”dagi ko’rgazmada va Islom sivilizatsiyasi markazida bo’lgan. “O’zekspomarkaz”da jurnalistlarga gapirgan prezident ko’rgazmaga qo’yilgan mahsulotlarga xaridor topish muhimligini ta’kidlagan.
Prezident Toshkent shahar hokimi tahdidlari bilan bog’liq vaziyat yuzasidan biror izoh bergani hozircha ma’lum emas.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayev jamoatchilikka haqoratlari va zo’ravonligi bilan tanilgan o’zbek hokimlari safiga qo’shildi. Ammo hozirgacha zo’ravonligi bilan tanilgan bu hokimlarning birortasi jurnalistlarga ochiq tahdid qilishga jur’at etmagan edi.
Jahongir Ortiqxo’jayevning tahdidi bevosita jurnalistlar va matbuotga qaratilgani bilan hokimlar tomonidan kuzatilgan boshqa tahdid va zo’ravonliklardan keskin farq qiladi.
Viloyat hokimlarining jamoatchilikka ma’lum haqorat va zo’ravonliklari asosan hokimiyatdagi rasmiy majlislarda qilingan, Toshkent shahar hokimining jurnalistga tahdidi esa yopiq uchrashuvda kuzatilmoqda.
Ortiqxo’jayevning jurnalistlarga tahdidi jamoatchilik uchun yopiq qolishi ehtimoli ancha yuqori edi, har holda bu uchrashuvning avgust oyida o’tgani inobatga olinsa.
Kun.uz qanday maqsadda bu tahdidlarni ichiga yutib kelgani noma’lum, tahririyatning “shahar hokimining obro’siga putur yetkazmaslik uchun ommaga oshkor qilish fikridan voz kechgani” haqidagi izohi esa ancha bahsli, ayniqsa, jamoatchilikda bu nashrga nisbatan ishonch ancha kuchli bo’lgani, hokim manfaatlari jamiyat manfaatlaridan ustun qo‘yilayotgani inobatga olinsa.
Tahdidlar oshkor bo’lishi ortidan tahririyat va shahar hokimi o’rtasida o’zaro murosa bitimi imzolanishi, bu kelishuvning davlat rahbari, boshqaruv idoralari, huquq-tartibot organlari sukuti soyasida amalga oshayotgani mamlakatda avtoritetlar davri qaytayotgandek taassurot uyg’otadi.
Kun.uz hokim bilan suhbatning, dastlab, 14 daqiqasini, tanqidlar kuchayishi ortidan 17 daqiqasini e’lon qildi, ammo bir soatga cho’zilgani aytilayotgan bu suhbatda hokim yana nimalar degani, qanday tahdidlar qilgani, jurnalistlar, xususan nashrni tark etgan Bahodir Ahmedov nimalar degani jamoatchilikka noma’lum qolmoqda.
O’zbekistonda hokimlarning aholiga nisbatan zo’ravonlik qilishi, haqoratlashi, urib-so’kishi muntazam uchrayotgan holatlardan, ammo davlat rahbari, huquq tartibot idoralarning keskin munosabatiga sabab bo’lgani kuzatilmagan.
Har holda zo’ravonligi, haqoratlari bilan tanilgan bu hokimlar hamon o’z lavozimida, hatto ularning ayrimlari prezident tomonidan rag’batlantirilgan, fidoyi xizmatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Toshkent shahar hokimi tahdidlari ochiqlanishidan bir kun oldin Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyev yana tadbirkorning soqolini oldirishga doir ko’rsatmasi bilan jamoatchilik diqqatiga tushdi.
Avvalroq soqol qo’ygan va ro’mol o’raganlarni javobgarlikka tortish haqidagi bayonoti uchun masalasi Senatning odob va axloq qo’mitasida muhokama qilingan senator, hokim Shuhrat G’aniyevga uch oylik sinov muddati berilgan edi.
Ammo Toshkent shahar hokimi, senator Jahongir Ortiqxo’jayevning tahdidlari, jurnalistlarni haqoratlashi masalasida hozircha Senat ham, zo’ravon hokimlarni o’ziga, siyosatiga nisbatan xiyonatda ayblagan Prezident Mirziyoyev ham sukutda.
Mamlakatdagi eng boy odamlardan biri sanalgan Toshkent shahar hokimi, senator Jahongir Ortiqxo’jayev hokimiyat vakillari tomonidan bildirilayotgan tahdidlar chegarasini yanada kengaytirdi.
Mamlakatda yuqori lavozimdagi amaldor, senatorning jurnalistlarga izsiz yo’qotish bilan tahdid qilayotgani ilk bor kuzatilmoqda. Tahdidlar qamrovi kengayib borayotganiga qaramasdan bu borada davlat idoralari tomonidan hozirgacha bildirilgan munosabatlar o’ta bosiq ko’rinadi.
Aynan shu bois ham jamoatchilik mojaro yuzasidan Prezident Mirziyoyevning xulosasini kutmoqda.