21-27 avgust kunlari Tojikiston shimolidagi So’g’d viloyatida Tog’li Badaxshon muxtor viloyati madaniyat kunlari bo’lib o’tdi. Hukumat tashabbusi va moliyaviy ko’magi hamda ikki viloyat rahbariyati hamkorlikda o’tkazgan bu tadbir ko’hna Xo’jand aholisida katta taassurot qoldirdi.
Tog’li Badaxshon muxtor viloyati raisi Shodixon Jamshed boshchiligida So’g’dga tashrib buyurgan sakkiz yuzdan ortiq tog’liklarni vodiylik mezbonlar izzat-hurmat bilan kutib olishdi. Mehmonlarni viloyatning eng ko’rkam va obod joylarida sayr-sayohat qildirishdi, madaniy tadbilar uyushtirishdi.
Mustaqillik, abadiy do’stlik va milliy birligu-jipslikni targ’ib etuvchi bu ma’raka Xo’jand shahridagi “Istiqlol” tarixiy-madaniy majmuasi maydonidagi “Do’stlik oqshomi” deb nomlangan ulkan tadbir bilan yakunlandi.
Tojik Badaxshonining Ro’shon, Vanj va Murg’ob nohiyalridan tashrif buyurgan oltmishdan ortiq vakillari madaniyat kunlari rejasiga ko’ra, resbublikaning asosan o’zbeklar istiqomat qiluvchi Jabbor Rasulov nohiyasida ham bo’lib, mahalliy aholi turmush tarzi, madaniyati va erishayotgan yutuqlari bilan tanishdi. Aytish joizki, tojik Badaxsoni aholisining katta qismi bir umr So’g’dni ko’rmay o’tishlari mumkin, xo’jandliklar ham shunday.
Yuksak qorli cho’qqilar, o’tib bo’lmas dovonlar Badaxshonni respublika poytaxti va shimolidan yilning qariyb sakkiz-to’qqiz oyi mobaynida ajratib turadi. Mustaqillik yillarida poytaxt Dushanbedan muxtor viloyat markazi Xorug’ shahrigacha yangi to’g tunnellari orqali zamonaviy yo’l o’tkazilagn bo’lsa-da, ba’zida muxtor viloyat markazdan haligacha yo’gingarchiliklar sabab, ajralib qoladigan vaqtlar bo’lib turadi.
Faqat tog’li Murg’ob nohiyasi bilangina qo’shni Qirg’iziston orqali yil-o’n ikki oy bog’lanib turish mumkin.
Tojikistonning eski Qayroqqum shahridan Murg’obga kelin bo’lgan o’zbek qizi Xo’jand televideniyesida qilgan chiqishida bu kabi tadbirlar ikki o’lka aholisini o’zaro biriktiruvchi muhim qadam deb hisoblaydi.
“Gullab yashnayotgan diyorimiz xalqi bunday madaniy tadbirlarga tashna, juda ko’p odamlar biri-birini tanimay o’tib ketadi. Hukumatimiz ajoyib ish qilmoqda. Xalqlarni birlashtiruvchi bunday harakat olqishga sazovor. Istardimki orada millatchilik, mahalliychilik hech qachon bo’lmasa”,-deydi hozirda Bo’ston shahrida yashayotgan badaxshonlik o’zbek kelini.
Tojikistonning Tog’li Badaxshon muxtor viloyati respublikaning eng baland qorli cho’qqilar va abadiy muzliklar bilan qoplangan to’gli hududi hisoblanadi.
Tojikiston Badaxshoni Qirg’iziston, Xitoy va Afg’oniston bilan chegaradosh bo’lib, bir necha yil muqaddam respublika hukumati viloyatning ming kvadrat kilometrdan ortiq hududini qo’shni Xitoyga topshirgan. Bu holat ba’zilar nazarida jumhuriyat konstitutsiyasiga zid sanalsa-da, siyosiy-iqtisodiy jihatdan respublika tashqi siyosatidagi yutuq deb ham baholanadi. Qo’shni Xitoy nafaqat Tojikiston Badaxshoni, balki Hindiston, Afg’oniston, Nepal va Pokiston kabi g’arbiy qo’shnilariga territorial da’vo bilan qarashi hech kimga sir emas.
Tojikiston Badaxshonini tadqiqotchi olimlar qo’shni Afg’oniston Badaxshoni bilan etnik-geografik yaxlit hudud sifatida tahlil qilishadi.
To’gli o’lka Tojikiston hududining qariyb yarmi, 45 foizga yaqinini tashkil etsa-da, aholisi 300 mingdan sal ortadi, xolos. Viloyat mustaqillikdan so’ng ancha rivojlandi, hukumat bu yerda qishloq xo’jaligi, savdo-sotiq va turizm taraqqiyotiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Geografik joylashuvi va iqlim sharoitiga ko’ra, Tojikistonning rivojlangan g’arbiy va shimoliy hududlaridan tabiiy ravishda ajralib qolgan to’g’li Badaxshonda islomning shia mahzabiga kiruvchilar yashashadi, turmush tarzi va hatto tili ham voha aholisidan keskin farq qiladi.
Tog’li Badaxshon aholisining ayrim qismlari gapiradigan til o’z alifbosiga ega emas, u tilni aksar tojiklar ham tushunmaydi. Tog’li Badaxshon shialari ismoiliylar sektasiga mansub bo’lib, mustaqil qarashlari va jangariligi bilan ajralib turadi.
Muxtor viloyatning 60 ming kvadrat kilometdan ortiq yerlarining faqat 18 ming gektardan ortiqrog’i o’zlashtirilgan bo’lib, bog’dorchilik va poliz mahsulotlari yetishtirishga asoslangan.
Ravshan Shams
Xo’jand, Tojikiston
Tadbirdan suratlarni tomosha qiling: