Davlat departamentining bu chaqirig’i 3- may Xalqaro so’z erkinligi kuni munosabati bilan bildirilmoqda. Dilmurod Sayid tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan, kasbiy faoliyati uchun O’zbekistonda qamoq jazosini o’tayotgan mustaqil jurnalistlardan biri.
Dilmurod Sayid 2009-yilda tovlamachilik va ta’magirlikda ayblanib hibsga olingan edi. AQS nazarida tergov va sud jarayoni xalqaro me’yorlarja javob bermagan.
Korrupsiyani yoritgan Dilmurod Sayidning “Advokat press” nashrida e’lon qilingan “Yo’q haqida badiha” maqolasi nafaqat gazetaning sotuvdan olib qo’yilishi, balki jurnalistning ham ishdan haydalishi bilan yakunlangan.
Rahbarlarni yorqin kelajak to’g’risidagi va’dalarni shubha ostiga olgan va 2005- yilda e’lon qilingan bu maqola hozirgacha o’zbek matbuotidagi so’nggi tanqidiy chiqish bo’lib qolmoqda.
Bu vaqt mobaynida mustaqil jurnalist va nashrlarga nisbatan tazyiqlar kuchaydi. 2000-yillardan boshlab oyoqqa turushga harakat qilayotgan mustaqil jurnalistika repressiyalar to’lqinida yo’qqa chiqdi va tugatildi. Jurnalistlarning ayrimlari qamaldi, ayrimlari mamlakatni tark etdi.
Bugun O’zbekiston hibsdagi muxbirlar soni bo’yicha mintaqada yetakchilik qiladi. Bu qamashlarning aksariyati aynan shu davrga to’g’ri kelganini ko’rish mumkin.
2012-yilga kelib ham mamlakatdagi so’z erkinligi va mustaqil jurnalistlarga oid vaziyat o’zgarmagan, aksincha keskinlashgan. O’zbekiston chet el jurnalistlarini kiritmaydi, ayniqsa G’arb muxbirlarini. Ayni damda mustaqil jurnalistlar Elena Bondar va Viktor Krimzalovlarga nisbatan jinoiy ishlar qo’zg’atilgan.
Tazyiqlarning davomiyligi haqida mulohaza yuritayotgan mustaqil jurnalistlar uning sabablarini amaldagi hukumat bilan uzviy bog’laydi.
Bu mulohazalarga ko’ra, so’z erkinligi bo’g’ilgan, mustaqil jurnalistlar faoliyati keskin cheklangan bir sharoitda ham ular siyosiy muxolifatni butkul siqib chiqargan, jamiyat ustidan mutlaq nazoratni qo’lga olgan rejim uchun asosiy muxolif sifatida qolmoqda.
O’zbekiston hukumati xalqaro maydonda “so’z erkinligi dushmani” deb ta’riflanadi. Tuzum erkin so’zni, haqiqatni naqafat qabul qilmaydi, balki bu so’zni aytgan, yozgan jurnalistni qamaydi va jazolaydi. Bu qonun va mantiq yuzasidan qanchalik g’ayritabiiy ko’rinmasin, mamlakatdagi oddiy haqiqatga aylandi. Achinarlisi esa bu haqiqatga xalqaro jamoatchilik ham ko’nikmoqda.
Dilmurod Sayid matbuot haqidagi tanqidiy shiqishlaridan birida Guantanamodagi qiynoqlarni yoritayotgan o’zbek matbuoti mamlakat qamoqxonlaridagi avholdan xabarsiz deya yozgan edi. Bu tanqidlar natijasi o’laroq jurnalistning o’zi qamoqxonada azob-uqubatlarga mahkum etildi.
29 aprel kuni Dilmurod Sayyid 50 yoshini qarshiladi.Son’ggi xabarlarga ko’ra, sil kasalligi bilan og’rigan jurnalistning salomatligi og’ir.
Malik Mansur, Germaniya