Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida birdamlik va hamjihatlikda ish tutish davr talabi.
O’tgan yillarda Tojikiston va O’zbekiston o’rtasida tijorat ancha ortgani kuzatiladi, shu bilan birga, madaniy almashinuvlar ham. Ziyolilar va ijodkorlar orasida hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Joriy yilning 15-16-aprel kunlari Tojikistonning Xo’jand shahrida o’zbek adabiyotining asoschisi Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag’ishlab o’tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman buning isbotidir.
Yig’in So’g’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi, O’zbekistonning Dushanbedagi elchixonasi, Tojikiston xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik va madaniy aloqalar jamiyatining So’g’d viloyat vakilligi bilan hamkorlikda o’tkazdi.
“Bugungi zamon Markaziy Osiyo davlatlarining integratsiyasini taqozo etadi. Bu o’rinda ziyolilar, ijodkorlarning hamkorligi harakatning negizi bo’lishi zarur”, – deydi qirg’izistonlik o’zbek shoiri Avliyoxon Eshon.
Uning fikricha, zamonlar osha o’z ijodi bilan xalqlar do’stligini mustahkamlayotgan ulug’ bobomiz – Alisher Navoiy hayoti bugungi rahbarlar uchun mayoq bo’lib xizmat qiladi.
“O’tgan yili biz, bur guruh tojikistonlik ijodkorlar Toshkentda mintaqa integrasiyasida o’zbek tilining o’rni va ahamiyati masalalariga bag’ishlab o’tkazilgan xalqaro anjumanda ishtirok etgan edik. Endi, bu gal biz mezbonlik qilayotgan bo’lsak, allaqachon Toshkentdan bizga yangi bir chaqiriq yetib keldi. Bizning faollarni O’zbekiston mustaqilligining 25 yilligi tantanalariga rasman taklif etishmoqda. Mana shuning o’zi keyngi yillarda oramizda ozmi-ko’pmi yaqinlik qaytadan tiklanayotganing ko’rsatadi”, – deydi Tojikistondagi o’zbeklar markazi nashri bo’lgan “Ma’naviyat” gazetasi bosh muharriri Hakim Zokir.
Xo’jandda o’tkazilgan “Amir Alisher Navoiy va tojik adabiyoti” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumanga Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti navoiyshunos olimlari, professorlar Boqijon To’xliyev va Ergash Ochilovlar rasman tashrif buyurishib, konferensiyada o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Anjumanda, shuningdek, Dushanbedan Milliy universitet tojik filologiyasi kulliyoti professori Badriddin Maqsudov Navoiyning shu vaqtgacha noma’lum bo’lgan yangi qo’lyozma nusxasini aniqlagani haqida so’z yuritib, adabiyotshunoslik tarixida iz qoluvchi kashfiyot bo’layotganini ta’kidlab o’tdi.
Anjumanga, shuningdek, Afg’oniston, Pokiston, Turkiya, Eron, Germaniya va qirg’izistonlik olimlar ham o’z ma’ruzalarini jo’natishgan. Ular So’g’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi nashri bo’lmish “Sharqnoma” jurnalida chop etiladi.
Qo’shni Qirg’izistonning Jalolobod viloyatidan o’zbek shoiri Dilkash – Muhammad Turg’un, shoir Mirzakarim Ahmedov hamda Bozorgo’rg’on nohiya meri o’rinbosari Yunusjon Teshaboyevlar ishtirok etib, o’z ijodlari haqida so’zlab berdilar. Ular fikricha, bugungi kunning dolzarb mavzusu – mintaqaviy birlik, ziyolilar esa uning avangard kuchi.
Ravshan SHAMS