(Rauf Parfining 70 yilligi munosabati bilan)

Rauf Parfi (1943-2005) timsol edi… Tutqinlikda ham ozod, hur yashash mumkinligini ko’rsatgan, kishanlangan erkning ramzi edi.

Bugun shoir o’limidan so’ng o’tgan vaqt oralig’ida ortga qarash bu timsolning o’rni diqqinafaslikdagi ijod ahliga, ayniqsa, yoshlarga nechog’lik yetishmasligi ko’rinmoqda.

Biz, bir guruh yoshlar, hali Rauf Parfi tirikligidayoq unga vatandagi so’nggi tirik shoir nomini bergan edik. Atrofdagi turg’un bir muhitda, havosi so’rilgan bir bo’shliqda millat, jamiyat va she’riyat haqida gaplashish, tortishish mumkin bo’lgan tirik shoir edi Rauf Parfi biz uchun.

Albatta, bu ko’proq yoshlik ehtiroslari o’laroq qalqqan ta’rifdir. Ammo, negadir, u paytda bizda jamiyatdagi turg’unlik uchun amaldagi hukumat va siyosatchilar emas, ko’proq shoirlar mas’ul degan tushuncha ustun edi. Biz shoirlarga millat oldida javob beruvchi eng old qatlam sifatida qarardik, har holda Rauf Parfi misolida biz shuni ko’rardik. Biz hali hech narsani uddalamagan, go’r, ammo dimog’i osmonda, ayovsiz, sur yoshlar edik.

Biz mahkum hissiz bo’shliqdagi najot yo’li Rauf Parfi edi. Biz buni ba’zan asabiylik bilan, ba’zan qanoat va shukr bilan qabul qilardik. Biz uning ortiqcha kamtarligidan ranjirdik, uning she’r o’qishdagi qiroatidan mast bo’lardik. Sayozlashib qolgan o’zbek tilining shoir suhbatidagi jarangidan, chegaralarni kengaytirishi, jilolanishidan zavq olardik, umidlanardik.

Shoir biz uchun ayovsiz cho’ldagi ojiz yashillikka o’xshardi, biz uni qanday himoya qilishni bilmasdik. Uni yurtdan tashqarida ko’rishni tasavur qilolmasdik, o’lmasidan turib so’nggi tirik shoirdan ajrashni istamasdik.

Rauf Parfi Turkiston uchun tug’ilgan va Turkiston uchun yashab o’tgandek go’yo. Uning charxlangan satrlaridan shu so’z oqadi.

Rauf Parfi bilan bosilgan qisqa yo’l bizga og’ir bir yuk qoldirdi. Yo’q, bu ijod mas’uliyati emas, bu oddiy insoniylik, erkka, ozodlikka intilishning tabiiyligi, millat ozodligisiz shaxs ozodligi haqida ham, vatan ozodligi haqida ham gapirish o’rinsizligi haqidagi oddiy haqiqat edi.

Bugun bu yukning og’irligidan bizning qaddimiz egik…

Malik Mansur

P.S.: Rauf Parfining 70 yilligini xotirlash maqsadida Toshkentda o’tkazilishi rejalangan tadbirlar qoldirilgani haqida xabar topdik. Bu narsa safdoshlari, muxlislari qalbidan allaqachon muqim o’rin egallagan shoir xotirasi oldida nochor va ayanchli ko’rinadi. Aslida Rauf Parfi hukumat ehtiromiga hech qachon muntazir bo’lmagan. Aminman, shoir tirik bo’lganida buni ham bir paytlar hukumat unvoniga ko’rsatgan mashhur “iltifoti” kabi qabul qilgan bo’lardi.