Xalqaro ona tili kuni: Qirg’izistondagi o’zbeklar o’z ona tilida o’qishni istamaydimi?

Posted February 21st, 2021 at 10:26 am (UTC-4)
Leave a comment

“Ulut bolsom, tilim menen ulutmun” (Millat boʻlsam, tilim bilan millatman), deydi qirgʻiz birodarlarimiz. Oʻsh shahri koʻchalariga shior qilib ilingan, taʼlim muassasalarining devorlariga osilgan mazkur misraning bir shoir sheʼridan olinganini yaqinda bildim. Masalan, oʻzbek tili va adabiyoti xonalarida ham buni ko’rsa bo’ladi – “Ulut bolsom, tilim menen ulutmun”.

“Facebook”ning Muratbek Mamadaliyev ismli foydalanuvchisi bir postida oʻrta “maktablarda foydasiz darslar chiqarilib, oʻrniga qirgʻizcha darslarni kuchaytirish kerakl”igini yozdi. U oʻzbek tilidagi darslarni 100 foiz foydasiz deb hisoblaydi.

Bu fikrni toʻlaroq oʻrganish uchun unga qoʻngʻiroq qildim.

Jalolobod viloyatiga qarashli Arslonbob qishlogʻida yashovchi bu yigit quruvchi-dizayner boʻlib ishlar ekan. Uning tushuntirishicha, Arslonbobda uchta oʻzbek maktabi bor va bu maktablardagi oʻquvchilar keyinchalik oliy taʼlim olishda, ishlashda qiynalmasligi uchun bu maktablarda taʼlim to’liq qirgʻiz tiliga o’tkazilishi kerak ekan.

Bu kabi tajriba 2010-yildan keyin Oʻsh viloyatining Novqat tumanida amalga oshirilib, yettita maktab shunday o’zgarishlarga yuz tutgan edi.

Maktablar uchun darslik chiqarish markazida ishlovchi adabiyotshunos Saidakbar Maxsumxonov yaqinda “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Qirgʻizistonda oʻzbek tilida taʼlim olayotgan oʻquvchilar borgan sari kamayib borayotganini, 2010-yili hukumat tomonidan 5-sinf o’quvchilari uchun “Oʻzbek adabiyoti” darsligi katta mablagʻlar evaziga 16-17 ming adadda nashr qilinganini aytgan.

“Ayni kitobning ikkinchi nashri esa 2018-yili Bishkekda chop etildi. Uning adadi sakkiz yarim mingga yetmaydi. Chunki bugun shahrimizdagi har 10 nafar oʻzbek bolasining toʻqqiztasi rus tilida taʼlim beruvchi maktablarda oʻqiydi”, — deydi u.

Qirgʻizistonlik yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi oʻzining “Facebook” sahifasida bolalar oʻz ona tilida oʻqishni toʻxtatsa, oʻsha til yoʻqolib ketishi mumkin deb, xavotirlanib yozadi:

“Qachonki bolalar oʻz ona tilida oʻqishni toʻxtatar ekan, oʻsha til yoʻqolib ketish arafasiga kelib qoladi. Tilni saqlab qolish shu xalq madaniyati, urf-odati, rasm-rusumlarining saqlanib qolinishini anglatadi. Biz oʻzbeklar farzandlarimizni rus sinflariga bermoqdamiz, goʻyoki ularning bilimi mustahkam bo’ladi, tilni o’rganadi deb. Biroq shu bilan bir qatorda milliyligimizni, til maʼnaviyatimizni unutib qoʻymayapmizmikin? Oʻzimiz sabab, oʻzbek maktablari qisqarib bormoqda. Nima deb oʻylaysizlar, balki bu katta yoʻqotishdir? Chunki xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bogʻliq. Til har bir millat madaniyatining oʻzagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi”, — deb yozadi Odiljon Dadajonov.

Qirgʻiziston Respublikasining konstitutsiyasida shunday yozilgan:

“Qirgʻiziston Respublikasi Qirgʻiziston xalqini tashkil etuvchi barcha etnik guruhlarning vakillariga ona tilini saqlab qolish, uni oʻrganish va rivojlantirish uchun sharoit yaratish huquqini kafolatlaydi”.

Qirgʻizistonda yashovchi oʻzbek yoshlari oʻz ona tilini qanday saqlab qolishi mumkin? Oʻz ona tili bilan birga davlat tili boʻlgan qirgʻiz tilini, rasmiy til boʻlgan rus tilini yaxshi oʻzlashtirishi uchun nima qilish kerak?

Bu savolga Saidakbar Maxsumxonovdan javob soʻradik. Uning fikricha, six ham, kabob ham kuymasligi uchun mamlakat maktablarida koʻp tilli va koʻp madaniyatli bilim berish tizimiga oʻtish kerak.

Qirgʻizistonda oʻzbek maktablari uchun darslik chiqarish markazining xodimi, adabiyotshunos Saidakbar Maxsumxonovning bu tizim haqidagi fikrlari bilan quyidagi video orqali tanishishingiz mumkin:

(Davron Hotam, O’sh)

Pandemiya AQSh yoshlariga qanday ta’sir qildi?

Posted September 10th, 2020 at 8:02 pm (UTC-4)
Leave a comment

AQShda ko’pchilik yoshlar ota-onasidan alohida yashaydi. Biroq COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan vaziyat ularni ota-onalari bag’riga qaytargan. Bunday yirik ko’rsatkich 1930-yillarda yuz bergan inqiroz davridan beri qayd etilmagan.

18-29 yoshli qatlamning aksariyati pandemiya, ishxona va ta’lim muassasalarining yopilishi, karantin yoki ishsizlik tufayli uylariga qaytgan, deyiladi Pyu tadqiqot markazi hisobotida.

Eng yuqori ko’rsatkich iyul oyida qayd etilgan bo’lib, yoshlarning 52 foizi uyga qaytganini ma’lum qilgan. AQShda koronavirus pandemiyasi boshlangan fevral oyida 47 foiz yoshlar ota-onasi bilan yashayotgani qayd etilgan edi. Ushbu ma’lumot Pyu tadqiqot markazining Aholini ro’yxatga olish hisobotlari tahlilidan kelib chiqqan.

Yoshlarning 52 foizi 26,6 million kishiga teng. U barcha irqiy va etnik guruh, har ikki jins, shahar va qishloq aholisi vakillarini o’z ichiga oladi. Tadqiqot mualliflariga ko’ra, pandemiyadan eng ko’p zarar ko’rganlar 18-24 yoshdagi oq tanli yoshlar bo’lgan.

1929-yilda iqtisodiy inqiroz poyoniga yetar ekan, yoshlarning 48 foizi ota-onalarining uyiga qaytgan. Biroq o’n yilga yaqin davom etgan inqirozning ayrim davriga tegishli ma’lumotlar saqlanib qolmagan.

“Ishini yo’qotish yoki maoshining qisqarishidan boshqa guruhlarga qaraganda yoshlar eng ko’p zarar ko’rgan. 16-24 yosh oralig’idagi fuqarolar ichida ishsizlar va ta’lim olmayotganlar foizi fevral oyida 11 foizni tashkil etgan. Bu ko’rsatkich iyun oyida 28 foizga yetgan” deyiladi hisobotda.

Tadqiqot mualliflariga ko’ra, pandemiya tufayli uyga qaytgan yoshlarning 23 foizi ta’lim muassasi yopilganini, 18 foizi esa ishidan ayrilgani yoki boshqa moliyaviy muammolarni sabab qilib ko’rsatgan.

Mamlakatda asli osiyolik, qora tanli va Lotin Amerikasidan bo’lgan yoshlar oq tanli yoshlarga nisbatan ko’proq ota-onasi bilan istiqomat qiladi. Bu farq fevral oyidan beri sezilarli darajada qisqardi, deyiladi Pyu hisobotida.

Qishlogʻimizdagi eng oxirgi vrach nafaqa yoshida…

Posted June 27th, 2020 at 2:27 pm (UTC-4)
Leave a comment

Tojikistonda ishsizlik darajasi baland, ammo mutaxassis kadrlar tanqisligi ham mavjud. Xususan, qishloq joylarda. Ayniqsa, koronavirus inqirozi paytida shifokorlar yetishmasligi juda bilindi. Yana aniq fanlar, ingliz tili, rus tili oʻqituvchilari ham yetishmaydi. Bu holat chorak asrdirki, davom etib kelyapti. Aslida, buni bartaraf etish uchun davlat programmasi ishlab chiqilgan, ammo amalga tatbiq etilishida kamchiliklar koʻp.

Kadrlar taʼminoti va mintaqalar boʻyicha taqsimoti muammosini hal etish maqsadida 20 yillar oldin yoshlar uchun imtiyoz bilan oliygohlarga kirish va davlat hisobidan oʻqish imkonini beradigan maxsus dastur – prezident kvotasi tashkil etilgan. Asosiy sharti – bu kadrlar oʻz mintaqasiga qaytib borib ishlashi lozim.

Kvota juda oʻrinli tashkil etilgan. Chunki mamlakatda oylik maoshlar kamligi tufayli kadrlar bir mintaqadan boshqasiga borib ishlashni istamaydi (harbiy sohalar bundan mustasno). Xorijdan kadrlarni chaqirish haqida gapirish ham oʻrinsiz. Mavjud vaziyatda mintaqalarni kadrlar bilan taʼminlashning eng oson yoʻli mahalliy yoshlarni davlat kvotasi bilan oʻqitish.

Ammo kvotaning abituriyentlar orasidagi taqsimotida ham, oliygohni bitirgan kadrlarning oʻz zimmasiga olgan burchini bajarishida ham kamchiliklar kuzatiladi. Hatto kvota bilan bitirgan kadrlar ham aytilgan joyga borib ishlamaydi. Sababi yetarli darajadagi nazoratning oʻzi yoʻq. Qolaversa, mintaqalarda kadrlar tanqisligini keltirib chiqargan omil – kvotaning adolatsiz taqsimlanishi.

Avvalo prezident kvotasini tashkil etish mohiyatiga eʼtibor bersak, u yoki bu mintaqaga – u yoki bu shaxsga istisno tarzida imkoniyat berish. Shuning uchun ham kvota mamlakatning markaziy shaharlariga ajratilmaydi. Unga koʻra, har yili mamlakat oliygohlarida oʻrta hisobda 1246 nafar student uchun bepul oʻqish imkoniyati yaratiladi. Buning yarmidan koʻprogʻi qizlar, kamrogʻi oʻgʻil bolalar uchun.

Bu oʻrinlar viloyatlar: Xatlon 504 oʻrin, Sugʻd 302 oʻrin, Togʻli Badaxshon Muxtor viloyati 164 oʻrin va respublika boʻysunishidagi tumanlarga 276 oʻrin shaklida taqsimlanadi. Shu tarzda har bir shahar va tumanlarga ham 15-20 oʻrindan taqsimlanadi. Oʻrta maktabning 11-sinf bitiruvchilari orasida tanlov oʻtkazilib, har bir oʻrin uchun uch nafardan gʻoliblar viloyat bosqichiga chiqadi. Ular orasida yana tanlov oʻtkazilib, bir nafardan tanlab olinadi va oliygohga yoʻllanma beriladi. Toʻrt yoki besh yil davomida davlat hisobidan oʻqiydi. Oliygoh tomonidan stipendiya ham toʻlanadi.

1245 nafar kichik Tojikiston uchun ancha katta raqam. Qolaversa, buni 20 yilga koʻpaytirsak, qariyb 25 000 nafar yetuk kadr tayyorlab, mintaqalarda eng zaruriy kadrlar tanqisligini bartaraf etish mumkin edi. (Vaholanki, kadrlar bilan taʼminlash uchun kvotadan tashqari ham har yili minglab talabalar byudjet guruhlarga qabul qilinadi)

Ammo bunday boʻlmadi – haligacha kadrlar tanqisligi va adolatsiz taqsimoti davom etib kelyapti. Men tugʻilib oʻsgan qishloqda oʻtgan 20 yil davomida faqatgina bir qiz kvotaga ilina oldi, xolos. U ham na oʻzi istagan mutaxassislik va na qishloq uchun kerak boʻlgan sohada. Qolaversa, oʻqishni bitirguncha boshqa tumanga turmushga chiqib ketdi.

Muammo qayerda?

Tojikistonning geografik jihatdan murakkab – togʻli tabiati va maʼmuriy taqsimlanishi hamda aholining etnik jihatdan xilma-xilligini hisobga olsak, “xoʻroz hamma yerda ham birday qichqirmaydi”. Yaʼni, imkoniyatlar teng emas. Ammo prezident kvotasiga daʼvogar boʻlganlarning hammasiga talablar teng qoʻyiladi, imkoniyatlar yoki ehtiyojga qarab emas.

Aytaylik, tuman yoki shahar markazidagi maktabni bitirgan bola bilan markazdan 50-60 kilometr uzoqlikda joylashgan qishloq maktabidagi, ximiyani geografiya, tarixni adabiyot oʻqituvchisi oʻqitgan bola bellashadi. Kim gʻolib kelishini oldindan taxmin qilish qiyin emas. Yoki maktabni tojik tilida bitirgan oʻquvchi bilan qirgʻiz, oʻzbek, turkman yoki rus tilida bitirgan oʻquvchi davlat tili – tojik tilida bellashadi. Agar kadrlar tanqisligini hisobga olib u yoki bu mintaqaga imtiyoz berilmasa, uning kvotaligi qayerda qoldi?!

Shu oʻrinda aytish lozim, Oʻzbekistonning Soʻx tumani yoshlari uchun 500 ta kvota ajratilishi juda toʻgʻri ish boʻldi. Ammo bunday imtiyozlar doimiy berilishi kerak, faqatgina norozilik namoyishiga chiqqan paytda emas.

Aslida Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy test markazi (ntc.tj) tashkil etilganidan keyin prezident kvotasi uchun tortishuvlar biroz kamaydi. Haqiqatdan ham layoqatli boʻlgan yoshlar uchun kvotasiz ham oliygohga kirish imkoniyati paydo boʻldi. (Bungacha bilim birlamchi emas edi). Shuning uchun ham kvota qishloq bolasigacha yetib bormas edi. Milliy test markazi ochilish marosimida Prezident Emomali Rahmon taʼkidlaganidek, “yagona tizimlashtirilgan qabul yaratilishi bilan oliy maʼlumotga yetishishdagi tengsizlik va korrupsiya oradan koʻtarildi”. Ammo prezident kvotasi taqsimotidagi bu tengsizlik va adolatsizlik hozirgacha davom etib kelmoqda.

Taklifim

Prezident kvotasini har bir qishloqqa oʻsha yerdagi kadr tanqisligini hisobga olgan holda taqsimlash kerak. Aslida kvotaning tashkil etilish mohiyati ham shunda-ku!

Kadrlar tanqisligi va taqsimotidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun prezident kvotasini samarali va adolatli amalga tatbiq etish zarur. Ayniqsa, aholining uchdan ikki qismi qishloqlarda yashaydigan Tojikiston sharoitida bu juda muhim.

***

Mening bolaligim oʻtgan qishloqda eng oxirgi vrach, allaqachon, nafaqa yoshida. Qishloqqa esa oxirgi 30-35 yilda yangi shifokor kelgani yoʻq. Demak, ahvol ogʻirlashib boryapti. Bir paytlar qirgʻizistonlik vrach ketib qolishini qishloq uchun fojia deb bilgan odamlar koʻnikib boryapti. Masʼullar masalaga panja orasidan qaraydi. Men oʻqigan maktabda bolalarga ximiya fanidan geografiya oʻqituvchisi dars beryapti. Bu oʻquvchilar talabot eng yuqori boʻlgan tibbiyot oliygohiga kira olmaydi. Ularga imtiyoz berish kerak.

Bolaligim qolib ketgan qishloqda oxirgi vrachlar ham oʻtib boryapti. Ximiyadan geografiya oʻqituvchisi dars beryapti!

 

Boʻlgan voqea:

I qism – ibtido

Toʻqsoninchi yillar, bolaligim oʻtgan chekka qishloqda bir shifokor vrachga odamlarning mehri boshqacha, ishonchi katta edi. Fuqarolar urushi ortidan taʼlim va tibbiyot juda nochor ahvolga tushib qolgach, haligi shifokor ota yurti – qoʻshni Qirgʻizistonga ketish taraddudiga tushdi. Yetti mingga yaqin qishloq ahli “bir yoqadan bosh chiqarib”, har bir kishi shu do’xtir uchun har oyi 10-20 diramdan mablagʻ ajratishga vaʼda berdi. Qishloq raisi shifokorga, istisno tarzida, sugʻoriladigan yerdan ikki hissa tomorqa ajratadigan boʻldi. Tasavvur qiling, butun boshli qishloq oʻz daromadining ozgina bir qismini qishloq do’xtiriga berish yoʻlida birlashdi. El ixlos qilgan shifokorni olib qoldi.

Ammo bu uzoqqa choʻzilmadi…

II qism – intiho

Do’xtir baribir ketdi…

Oradan bir necha yillar oʻtib, do’xtir uy-joyini sotib, el ishonchini qoldirib, baribir oʻz yurtiga koʻchib ketdi. Balki unga ham ketish oson boʻlmagandir? Balki borgan yerida bizning qishloqdagidek obroʻ topmagandir?! Balki ketganiga afsus ham qilgandir?! Ammo ketganligi fakt va qaytib kelmadi. Men uni qoralamoqchi emasman. U oʻz ota yurtiga ketdi. Aytadiganim, oʻzimizning farzandlarimizdan shifokorlar tarbiyalashimiz kerak. Mahalliy kadrlar yetishtirishga jiddiy eʼtibor qaratish lozim. Bizda ajnabiy kadrlarni koʻnglini ovlaydigan pul ham, imkoniyat ham yoʻq!

Ozod Meliboyev, Tojikiston

O’zbekistonda necha foiz talaba davlat granti asosida tahsil oladi?

Posted February 7th, 2020 at 1:09 pm (UTC-4)
Leave a comment

Oliy ta’lim – ta’lim tizimining muhim bosqichi. Mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan, jamiyatdagi turli soha va tarmoqlar bo‘yicha ixtisoslashgan mutaxassislar aynan shu bosqichda tayyorlanadi. Shu bois, jahonning ko’pgina rivojlangan mamlakatlarida ta’limning mazkur bosqichiga katta e’tibor qaratiladi.

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari qabul kvotasi qamrovi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga nisbatan 9 foizni tashkil etadi. Aniq raqamlarda aytilsa, YUNESKO tashkilotining hisobotiga ko’ra, O‘zbekistonda talabalik yoshidagi aholi (18-22 yosh) soni 3 075 782 nafar bo’lib, ularning oliy ta’lim bilan qamrab olinishi darajasi 2017-yilda 9,15 foizni tashkil etgan. Bu Markaziy Osiyoda va jahon miqyosida ancha past ko‘rsatkichdir. Masalan, Qozog’istonda bu ko’rsatkich 2018-yilda 53,25 foizni tashkil etgan bo’lsa, AQShda 2016-yilda 88,86, Janubiy Koreyada esa 93,78 foizni tashkil etgan.

Raqamlarga yanada aniqlik kiritsak, masalan, birgina AQShda yiliga millionlab o’quvchi maktab tamomlaydi. AQShning Ta’lim Statistikasi Milliy Markazining ma’lumotlariga ko’ra, 2017-yilda 3,59 million o’quvchi turli davlat, jamoat va xususiy maktablarni tamomlagan. Shundan 2.88 millioni turli kasb-hunar kollejlari yoki bakalavr darajasini beruvchi oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirganlar. Raqamlarni foizda hisoblasangiz, 80.22 foiz maktab bitiruvchisi o’rta ta’limdan so’ng o’qishni yana davom ettirgan. Ana shu 80.22 foizning yana qariyb 65 foizi to’rt yillik bakalavr darajasini beruvchi oliy ta’lim mussasasiga o’qishga kirgan. Boshqacha aytganda, jami 3.59 million bitiruvching 52 foizi to’rt yillik bakalavr darajasini beruvchi oliy ta’lim mussasasida tahsil olishni davom ettirgan. Eslatib o’tish joiz, Amerikada majburiy umumiy ta’lim 12 yillik tizimga asoslangan bo’lib, maktabdan so’ng ikki-uch yillik kasb-hunar kollejlari yoki 4 yillik “bakalavr” darajasini beruvchi oliy talim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin.

AQShda oliy ta’lim muassasasiga qabul miqdori nisbatan yuqoriligi yaratilganligi oliy ma’lumotli ziyoli qatlamning ko’payishiga olib kelgan.

AQShning “Pyu” (Pew) tadqiqot markazi mamlakatda 2017-yildagi jami 1364 ta to’rt yillik oliy ta’lim muassasalaridagi qabul miqdorini o’rganib, shunday xulosaga kelganki, mamlakatdagi 53 foiz oliy ta’lim muassasasi (OTM) hujjat topshirgan abituriyentlarning o’rtacha har uchtasidan ikkitasini o’qishga qabul qilgan.

Shu bilan birga, mamlakatda talabalar uchun federal hukumat, mahalliy shtat hokimiyati, OTM grantlari va boshqa kredit imkoniyatlari keng yaratilgani ham jamiyatda kishilarning umumiy ta’limdan keyingi ta’limni yana davom ettirishiga yordam beradi.

AQShning Ta’lim Statistikasi Milliy Markazining ma’lumotlariga ko’ra, mamlakatda 2016-2017 yillarda ikki yillik kasb-hunar kollejlari va to’rt yillik OTMga (kunduzgi ta’limga)  2.49 million talaba qabul qilingan bo’lsa, mazkur talabalarning 2,06 millioniga, boshqacha aytganda 82.8 foiziga ta’lim kontrakt pulini to’lashga grant ajratilgan. Shuning 42.2 fozi AQSh hukumati tomonidan ajratilgan grant bo’lsa, 31.9 foizi mahalliy shtat hokimiyati, 44 foizi 44.7 foizi oliy ta’lim muassasasi va 46.1 foizi talaba kreditlari hisobiga to’g’ri keladi.

O’zbekistonda esa, Davlat statistika qo’mitasi hisobotiga ko’ra, 2017-2018-o’quv yili boshida bakalavriat bosqichiga jami 80 822 nafar talaba qabul qilingan bo’lsa, shundan 18 439 nafari davlat grantlari asosida (22%), 623 83 tasi (77,1%) esa shartnoma asosida kirgan. Magistraturaga esa jami 4857 nafar qabul qilingan talabalardan 34,8 foizi (1690 nafari) davlat granti asosida, 65,2 foizi (3167 nafar) to’lov shartnoma asosida o’qishga kirgan.

Shu o’rinda, aytib o’tish kerakki, keyingi ikki yil ichida oliy ta’lim sohasida bir qator islohotlar olib borildi. Masalan, so’nggi ikki yilda mamlakatda OTMlar soni keskin oshgani, oliy ta’lim muassasalariga real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etish huquqi berilishi, 2019/2020 o‘quv yilida OTMlarga qabul kvotalari qariyb 20 foizga oshirilib, 120 mingdan ortiq abituriyentlar talabalikka qabul qilinishi, abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan barcha bosqich talabalariga o‘z xohishlariga ko‘ra to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi berilishi shular jumlasiga kiradi.

Shunday bo’lsa-da, tug’ilish surati tez oshib borayotgan, aholi yoshi tarkibi jihatdan “yoshlar mamlakati” sanalgan O’zbekistonday mamlakatda qabul kvotasini hamda davlat va boshqa turdagi ta’lim grantlari miqdorini oshirish maqsadga muvofiq. Xususan, kvota miqdorini bilan talabalikka talabgorlarning foiz ko‘rsatkichlarini bir-biriga muvofiq darajada belgilash O‘zbekistonda yoshlarni oliy ta’lim bosqichiga qamrab olinishi ko‘rsatkichini sezilarli darajada ko’taradi. Zero, oliy ma’lumotli ziyoli qatlamning kengayishi jamiyatda ilm-fan rivojlanishining – poydevori, desa mubolag’a bo’lmaydi.

Oydin Sa’dullayeva

Afg’onistonda yurak porogidan har yili 650 bola nobud bo’ladi

Posted February 2nd, 2020 at 12:25 pm (UTC-4)
Leave a comment

Qizil Yarim oy jamiyatining ma’lum qilishicha, ushbu idorada davolanish uchun navbatda turgan, yurak porogidan aziyat chekayotgan bolalarning 30 fozi vafot etmoqda.

Jamiyat rasmiylarining ta’kidlashicha, ro’yxatdan o’tgan barcha bolalarni davolash uchun yetarlicha byudjet mavjud emas.

Biz Qazil Yarim oy jamiyatining Juzjon viloyati, Shibirg’on shahridagi idorasiga borib, ushbu idora raisi bilan suhbatda bo’ldik.

“Har yili 80 dan ko’proq bolalarda bizda yurak porogi aniqlanib, ro’yxatdan o’tadi. Biz ularni Kobuldagi markaziy idoramizga beramiz. Odatda har bolaga to’rt oyda navbat yetadi”, – deydi Ahmad G’ani.

O’tgan yillarga qaraganda ushbu turdagi yurak xastaligi hollari ko’p uchraydi. Ilgari bu kasallik vaqtida aniqlanmas edi. Hozir hamma bu haqda biladi.

“Vaziyati juda og’ir bo’lgan bolalarni zudlik bilan davolashga harakat qilamiz”, – deydi G’ani.

U qurbi yetadigan insonlardan Qizil Yarim oy jamiyatini qo’llab-quvvatlab, bolakaylar hayotini qutqarishda yordam berishni so’raydi.

Tashkilot rasmiylariga ko’ra, 2009-yildan beri ushbu idorada yurak porogidan aziyat chekayotgan 17 ming bola ro’yxatdan o’tgan. Ularning 10,5 mingtasi davolangan, qolgan qariyb 6,5 ming bola hayotini yo’qotgan.

Rossiyadagi hayot: O’zbekistonlik yosh muhojir hikoyasi

Posted December 15th, 2018 at 10:59 am (UTC-4)
Leave a comment

Muhammad Zokirov Moskva Davlat madaniyat universitetining 3-bosqich talabasi. U Rossiyaga qanday kelib qolganidan tortib, o’zbek jurnalistikasi, Rossiyadagi firibgarliklargacha bo’lgan turli mavzular haqida “Amerika Ovozi”ga so’zlab berdi.

“2012-yilda otam bilan yo’lga chiqganimizda samolyotga mablag’imiz yetmagan edi, poyezdda ketishga pulimiz bor edi, lekin chiptalar qolmagani tufayli keta olmaganmiz. Otam ana shu payt qaror qabul qildi va avtobusda ketishimizni aytdi. Qozog’iston orqali chegaradan o’tib boradigan bo’ldik. Avtobus juda ham eski, yo’lovchilar uchun noqulay, o’rindiqlar esa standart o’rindiqlardan ancha kichkina edi. Afsuski, Qozog’istondan faqatgina shunday avtobuslar qatnaydi. Bir necha oylar avval 52 nafar o’zbeklar avtobus ichida halok bo’lganini hali hanuz eslayman. Mana shunday o’rindiqlar va me’yordan oshiq yo’lovchilarni olish oqibatida, avtobus ichidagi odamlar yong’in paytida chiqa olishmagan bo’lishlari ham mumkin”, – deydi Muhammad.

Haqiqatan shu yilning 18-yanvarida sodir bo’lgan mudhish voqeada 52 nafar o’zbekistonliklar vafot etgan edi. 2017-yilda Vladimir shahrida mehnat muhojirlarini olib ketayotgan avtobus poyezd yo’liga turib qolgan, buning oqibatida esa poyezd avtobusni urib yuborgan hamda 20 kishi vafot etgan.

O’zbekistonlik muhojirlar Rossiyaga borish uchun Qozog’iston orqali o’tib boradigan avtobuslarni tanlashadi, chunki bu transport boshqalariga qaraganda ikki barobar arzon. Lekin avtobuslarning asosiy qismi eski, nosoz hamda noqonuniy tarzda yo’lovchilarni tashish bilan shug’ullanadi.

Muhammad bilan to’liq suhbatimizni tomosha qiling:

O’zbekiston va Tojikiston  yosh ijodkorlari tarixiy birlikni tiklashmoqda

Posted July 25th, 2018 at 11:53 am (UTC-4)
Leave a comment

O’zbekistonning Samarqand viloyatidan bir necha yil muqaddam Grin karta sohibi bo’lib, AQShga ko’chib ketgan havaskor shoira Marziya Sodiqova yoz faslida ona vataniga tashrif buyurar ekan, Facebook tarmog’i orqali tanishgan mintaqa ijodkorlarini  diydor uchun Toshkentga taklif etdi.

Poytaxt viloyatining Parkent nohiyasidan Sobir Jalolov, Qashqadaryoning Chiroqchi nohiyasidan Rasul Ro’ziyev va Sirojiddin Asqarov singari ijodkorlar  Toshkentning Bo’rijar arig’i sohilidagi salqin “Sokin Diyor” kafesida diydorlashdi. Yig’ilishga tojikistonlik yosh ijodkorlar ham kelib qo’shildi.

Iyul oyining eng issiq jazirama kunida Chilonzordagi Bo’rijarning  bahovo qirg’og’ida ikki qardosh respublikaning  o’ttizga yaqin yosh ijodkorlari  diydorlashuvi  o’ziga xos she’rxonlik, ijodiy bahs oqshomiga aylandi.

Samarqandlik shoiralar Marziya Sodiqova, Marhabo Shodmonova,  Jizzaxdan Dilfuza Umirova, Ozoda Umarova, Qashqadaryodan Sanobar Qulmirzayeva, Rasul Ro’ziyev, Sirojiddin Asqarov singari ijodkorlar o’z tengdoshlarining ijodlaridan namunalar o’qibgina qolmay, o’zaro yangi ijodlari bilan ham tanishdilar, muhokama etdilar. Ijodkorlardan samarqandlik Marhabo Shodmonova va AQShdan tashrif buyurgan Marziya Sodiqovalarning badiiy o’qishlari,  Sanobar Qulmirzayevaning “Jannatdan uzib keldim…”, Iroda Umarovaning “Jinoyat ko’chasidagi ishq” kitoblari muhakamasi har qanday rasmiy  ilmiy-amaliy forumlardan qiziqarliroq  o’tdi.

Tojikistonning Xatlon, So’g’d va O’zbekistonning Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan yosh adabiyot ixlosmandlari diydor uchrasuvini she’rxonlik-mushoira oqshomiga aylantirishdi. Bu tadbirda ishtirok etgan yosh ijodkorlarning fikricha, o’lkadagi millat farzandlarining bu kabi tabiiy va norasmiy ijodiy uchrashuvlari natijasiga ko’ra, ba’zi davlatlararo erishilgan rasmiy qarorlardan balandroq turishi mumkin.

“Rostdan ham bu kabi fikrga qo’shilaman, chunki ijodiy faoliyatim davomida juda ko’p rasmiyatchiliklarga duch kelamanki, ba’zida xit bo’lib ketaman, idoralar eshigini buzib yuborgim keladi, ba’zi rahbarchalar o’zaro almanax kitobimiz chopiga xalaqit ham berib keladi, bahonalar ko’pu, amaliy ish kam. Nomi ulug’ uyushmalar esa haligacha mudrab yotibdi. O’tgan ikki yil orasida O’zbekiston va Tojikiston shoir va shoiralaridan ellikdan ortig’i  ijodlaridan terib,  “Iste’dod uchqunlari” va “Mehrigiyo” deb nomlangan  almanax-kitoblarni chop ettirdim, ikki mamlakat yoshlari birlashib, biron-bir davlat nashriyoti rejasida yo’q  ishni bajardik.  Ehtimol, rejalarida bordir, u rejalar fahmimcha, qog’ozlarda yillab qolaveradi. Biz ishni o’z kuchimiz bilan amalda qildik, hech bir idora yoki tashkilotning yordamiga  qarab qolmadik, ularga umidning  o’zi qolmagandi. Ishimizda xatolarimiz bordir, kamchiliklar ko’rinar, albatta, ammo hozir qoqilmasdan yurishning  o’zi bo’lmaydi. Hozircha bizni qo’llovchi bir vallomatni ko’rmadim”, – deydi shoira Zilola Xoliqova.

Tojikistonning Xatlon va So’g’d viloyatlaridan Toshkentdagi diydorga oshiqqan yosh ijodkorlar norasmiy ijodiy kecha va O’zbekiston poytaxti bilan tanishuvdan mamnun ekanliklarini izhor etadi.

“Oramizda tanilib qolgan  shoira opamiz Zilolabonu Xoliqova  Toshkentda nafaqat kitobimizni chop etishga bosh-qosh bo’ldilar, balki navqiron poytaxtlari bilan ham tanishtirib chiqdilar, shaharning markaziy xiyobonlaida miriqib sayr qildik, taniqli publisist yozuvchi, ustoz Dadaxon Nuriy bilan hamsuhbat bo’ldik, mintaqamizning dolzarb masalasida yozilgan yangi kitoblarini muhokama ham qildik”, – deydi Tojikistonning  Yovon nohiyasidan yosh shoir Karomatullo G’oziyev. Unga hamrohlik qilgan hamyurti, agronom-shoir Roziqul Alimardonov  yosh o’zbek  ijodkorlari bilan uchrashuv va Toshkent bilan tanishuvni hayotidagi muhim sana deb hisoblaydi.

“Hozir O’zbekistonda katta o’zgarishlar bo’lmoqda. Ikki qardosh respublika liderlarining bahorgi uchrashuvlari natijasi o’laroq biz Toshkentdamiz, doim bu shaharni ko’rishni, muqaddas joylarni ziyorat etishni orzu qilardim, niyatimga erishdim, mashhur Ko’kaldosh madrasasini, Chorsu bozorini,  mintaqamizdan yetishib chiqqan adib va san’atkorlarimiz abadiy qo’nim topgan Chig’atoy qabristonini ziyorat qildik, ulug’larimiz ruhlariga tilovatlar tushirdik”, – deydi u.

“Ilgarilari chegarani kesib o’tishning o’zi bir azob edi,  hamma biladi, Toshkentga yetguncha Amerikaga borib-kelardik, vaziyat shu tariqa edi, endi yo’llarimiz ochiq va tinch, ortiqcha qiyinchiliklar yo’q, orada avtobuslar qatnamoqda, juda xursandmiz.  Ikki mamlakat prezidentlari Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevning do’stlik rishtalarini qayta bo’glayotganlarini munosib baholaymiz. Yaqinda har ikki davlatlar Bosh vazirlari  Qohir Rasulzoda va  Abdulla Aripov Farg’onada uchrashdilar, endi esa Tojikiston prezidenti Toshkentga safar qiladi, rishtalar yanada qattiq bog’lanadi deb umid qilamiz”, – deya qo’shimcha qiladi Roziqul Alimardonov.

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi  xodimlaridan birining aytishicha, yoshlarning  stixiyali tarzda bunday uyushishlari bugungi kun talablariga javob beradi.

“Biz hali hozirgacha davlatimiz rahbarining zamon talabiga mos ravishda har narsaga tez javob qilish talabiga javob berolmay qolyapmiz, goh u, goh bu rasmiy tadbirlar bilan bo’lib, mintaqa yoshlarining uyushishga tabiiy ehtiyojlarini qondirolmayotirmiz, bizning o’rnimizga ular o’zlari bu ishga bel bog’laganlari, uzoq Amerikadan turib, bunga bosh qo’shganliklari aslida bizni sergak qilishi lozim. To’g’ri, respublika miqyosida yoshlar ishtirokida katta-katta tadbirlar o’tkazilmoqda, mintaqa yoshlarining orzu-tilaklari inobatga olinmoqda, respublikalararo xalqaro forumlar o’tkazilmoqda. Nazarimda, Bo’rijar sohilida o’zbek va tojik yosh ijodkorlarining samimiy diydorlashuvi har qanday rasmiy tadbirlardan ta’sirliroq bo’lgan, chunki unda rasmiyatchilik bo’lmagan, dil rishtalari samimiy bog’langan. Yoshlarning u uchrashuvidan biroz kechikib xabardor bo’ldim, uni uyushmaga birlashtirolmaganimizdan taassufdaman, zotan bunday tadbir vazifamizning shoh ustuni bo’lishga arziydigan uchrashuvdir”, – deydi o’zbek shoirlaridan biri.

Ushrashuvda ishtirok etgan yoshlar aytishadiki, ayni paytda o’lka ijodkorlari bunday tadbirlarda davlat ko’magiga katta ehtiyoj sezsalar-da, byurokratiya, “ulug”larning nopisand munosabatlari rasmiy idoralardan uzoqlashuvlariga sabab bo’ladi.

“Biz katta-katta muhtasham zallaru-mehmonxonalarga muhtoj emasmiz, kichik bir imkoniyat, yo’llarning ochilishi, ozgina daldaning  o’zi kifoya qiladi, intilishlarimizni qo’llab tursalar, barchasini o’zimiz bajara olamiz, ishtiyoqimiz zo’r. To’g’ri, ijtimoiy qiyinchiliklar sabab, bepoyon hududlarga tarqalib ketgan yoshlarning ko’pida qo’l qisqaligi bor, moliyaviy imkoniyatlar cheklangan, hozir hech kimga oson emas. Aynan shuni inobatga olib, hozir rasmiylar ijtimoiy tarmoqlar orqali  qobiliyatlilarni tanlay olishlari zarur, bizlar bormiz va faolmiz.  Bundan yuz yillar oldin ijodkor ahli Toshkentdan Qo’qonu Samarqandgacha, Buxorodan  Xo’jandu-Andijongacha necha kunlab ot aravada yo’l bosib borishgan, biz ana o’shalarning farzandlarimiz, intilishimizning cheki yo’q”, – deyshadi ular.

Matn va rasmlar muallifi Ravshan Shams

Bo’rijar sohilidagi Sokin diyor restorani

Tojikistonning Xatlon va O’zbekistonning Qashaqadaryo viloyatlari ijodkorlari

Marziya shoira Sanobarning she’rlaridan o’qidi.

Yangi she’rlar o’qilmoqda.

Samarqandlik shoira Marhabo Shodmonovaning badiiy o’qishlari hech kimni befarq qoldirmadi.

Bo’rijar sohilida she’rlarni sel bo’lib tinglashdi.

Ko’ngillarga she’riyat, dasturxonga esa osh tortildi.

Yosh o’zbek shoiralari Marziya va Iroda muxlisi bilan

Yangi ijod muhokamasi

Yosh o’zbek ijodkorlari diydorlashuvi

Toshkentda yig’ilgan yosh ijodkorlarning bir guruhi

Ko’hna va navqiron Toshkent bilan tanishuv

Tojikistonlik ijodkorlar Toshkendagi Sharq ziyokori kitob do’koni direktori Umidjon Xoliqov bilan

Chorsudagi kitob do’konlari rastasida

O’zbekiston qahramoni, shoir Abdulla Oripov qabri ziyorat etildi.

O’zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov qabri boshida

Tojikistonlik shoir Roziqul o’zbek xalq shoirlari ruhiga tilovat qilmoqda.

Qirg’izistonliklar nafaqa olish uchun navbat kutishdan charchadi

Posted June 23rd, 2018 at 2:14 pm (UTC-4)
Leave a comment

Qirg’izistonlik qariyalar uchun har oygi nafaqani olish bosh og’rig’iga aylangan. Pensiyalar har oyning o’ninchi kunidan boshlab beriladi. To’lovlar pochta hamda bank bo’limlari orqali amalga oshiriladi. Naqd pul yetishmasligi bois pochta bo’limlarida navbat besh-olti kunga cho’ziladi. Yozning jazirama issig’ida  yoshi bir joyga borib qolgan insonlarning soatlab termulib o’tirishlari yurakni ezadi.

Qirg’izistonda o’rtacha nafaqa olti yarim ming so’mga yaqin bo’lib, bu salkam yuz AQSh dollari demakdir. Bu choy-non, kommunal xizmatlar-u, dori-darmonga yetib-yetmasligi hammaga ma’lum.

Lekin aksar qariyalar boshqa narsalardan noliydi.

“Allohga shukr – bur burda nonga qorin to’yadi. Hovli-tomorqa ham ozmi-ko’pmi boqadi. Yolg’izlik, keraksizlik hissi, bekorchilik nuratib yuborar ekan odamni. Farzandlar ish izlab olisda, yoningdagilar ham har kim o’zi bilan ovora – yaqinlaringning, odamlarning diydoriga to’ymaysan kishi”, – deydi bir suhbatdosh.

“Yaxshi kasbim bor, salomatligim durust, qani edi ish bo’lsa”, – deydi boshqasi.

Xorijda qariyalar nafaqa yillarini sayohatda o’tkazishadi, qabilidagi gap-so’zlarga ham ma’noli javob berishadi:

“Bizning “sayohat” – bu uyning to’ri, to’y-ma’raka, masjid-ibodat, choyxona”.

Keksalar qanday  yashamoqda? Qanday muammolar ularni tinchsizlantiradi? Qariyalar borasida davlat va jamiyat g’amxo’rligi qay darajada? Katta avlod tajribasi, intilishlari, imkoniyatlariga talab bormi? Keksalar bilan ishlovchi idoralar salohiyati zamon bilan hamnafasmi?

Savollar ko’p. Javoblardan har doim ham ko’ngil to’lmaydi…

Qarilik ham bir sinov, katta sinov, deyishadi.  Jamiyat munosabati ham o’ziga xos bir sinovdir balki…

Suratlar va matn muallifi Muhiddin Zarif

 

 

Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi: yangi davrda – yangicha harakat

Posted March 18th, 2018 at 9:48 pm (UTC-4)
Leave a comment

Markaziy Osiyoning olti mamlakati (Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) xalqlari birdam bo‘lib yashashi va umumiy sa’y-harakatlar bilan rivojlanishi kerakligi haqidagi fikr – yangilik emas. Ko‘p o‘qimishli va obro‘li odamlar bunday fikrni ilgari surganlar. Ammo, ma’lum sabablarga ko‘ra, shu paytgacha bunday bunyodkor fikr shirin umidligicha qolib kelgan.

Bugun biz Markaziy Osiyoda yangicha kayfiyatni kuzatyapmiz. Asrlar davomida bir mintaqada yashab kelgan xalqlar go‘yoki bir-birlari bilan qaytadan do‘stlashishga urinmoqdalar. Bunday urinishlar hukumatlar darajasida bo‘lib, xalq bunga asta-sekin ergashyapti.

Biz – Markaziy Osiyoning turli mamlakatlaridan chiqqan bir guruh yoshlar – xalqlar orasidagi do‘stlik va birdamlik g‘oyasi oddiy odamlarga ham begona emasligini tushungan holda, yangi ijtimoiy harakat boshlashga qaror qildik. Bu yangi harakat alohida bir mamlakat emas, balki barcha mamlakat vakillari bo‘lgan yoshlarning umumiy tashabbusidir.

Harakatga Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi (ingliz tilida Youth League of Central Asia) deb nom berildi. Qarorimiz “Liga” so‘zida to‘xtashiga sabab – uning shijoat va g‘ayrat hislarini uyg‘otishi bo‘ldi. Biz “ittifoq” so‘zidan foydalanmaslikka qaror qildik – chunki bu so‘z barcha xalqlarda salbiy xotiralar uyg‘otadigan Sovet Ittifoqiga ishoradek tuyuldi.

Nomni barcha ma’qullagach, biz e’tiborimizni harakatning markaziy hujjati – Xartiyasiga qaratdik. Biz aynan qanday harakat tuzmoqchimiz, bizning asosiy qadriyatlarimiz nima, biz nimalarga erishmoqchimiz degan katta savollarga javob tariqasida ushbu hujjat yaratildi. Uni yaratishda Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi, Gummanistik manifest, Yevropa Ittifoqi xartiyasi kabi umuminsoniy qadriyatlar bayon qilingan xalqaro hujjatlar tajribasiga tayandik.

Xo‘sh, bizning qadriyatlar nima? Biz insonlar yashab, baxtli bo‘lishga haqli deb bilamiz. Markaziy Osiyoda yashayotgan har bir inson tinchlikda, do‘stlikda va farovonlikda yashashga haqli. Hech kim boshqalardan o‘zini ustun hisoblamasligi, hech kim ayirmachilik qilmasligi kerak. Biz o‘z g‘oyalarimizni targ‘ib qilish bilan, odamlarda (ayniqsa, yoshlarda) boshqalarga hurmat bilan qarash, elat-u din ajratmaslik – tenglik va bag‘rikenglik madaniyatini kuchaytirishni istaymiz.

Bizning maqsad nima? Asosiy maqsad – odamlarda oddiygina tushuncha paydo qilish: yon qo‘shnilarimiz bilan birdam va hamkor bo‘lsak, qanday yutuqlarga erishishimiz mumkin? Mana shu savolni yoshlar fikriga yetkaza olsak ham – katta yutuq. Chunki bugun yoshlarimiz, masalan, Rossiya va AQSh bilan qiziqmoqdalar, ammo yon-berimizda nimalar bo‘lyapti, qo‘shni xalqlar qanday yutuq va tashvishlar bilan yashamoqdalar – bundan bexabarlar. Biz shu vaziyatni o‘zgartirmoqchimiz: yoshlar Markaziy Osiyo davlatlari haqida ham bilsalar, birodar xalqlar bilan ham qiziqsalar – ertaga yana-da yaqin hamkorlik o‘rnatiladi.

Bu maqsadga erishish uchun avvalo millatchilik, diniy va etnik ayirmachilik kabi illatlardan holi bo‘lishimiz kerak. Bunday odatlar ozmi-ko‘pmi hammamizda bor: buni ochiq tan olib, shu kamchiliklarni bartaraf etishga kirishish payti keldi, menimcha. Mamlakatlarimizda milliy o‘zlik tushunchasi asosiy etnik guruhni ulug‘lash hisobiga qurilib kelindi shu paytgacha. Mustaqil O‘zbekiston o‘z davlatchiligini “o‘zbek” etnik guruhini buyuklashtirish evaziga barpo qilishga intildi. Xuddi shunday harakat boshqa yangi mustaqillikka erishgan respublikalarda ham kuzatildi. Natijada, asosiy etnik guruh va boshqa kichik etnik guruhlar o‘rtasida ziddiyatlar va ayirmachilik holatlari kelib chiqdi. Etnik asosga ega milliy o‘zlik tushunchasi nafaqat ichki bo‘linishlarga – balki, qo‘shni xalqlar bilan ham noholis munosabatda bo‘lishga sabab bo‘ldi.

Bizningcha, bunday yondashuvdan kechish payti keldi. Biz o‘z ijtimoiy harakatimiz doirasida fuqarolikka asoslangan milliy o‘zlikni targ‘ib qilishni ko‘zlaganmiz. O‘z faoliyatimizni mana shundan boshlamasak – avval xalqlardagi ichki bo‘linishni davolamasak, mintaqaviy hamkorlik o‘rnatish qiyin. Fuqarolikka asoslangan milliy o‘zlik – juda oddiy va odil tushuncha. Unga ko‘ra, bir mamlakat fuqarosi bo‘lgan har bir odam, etnik kelib chiqishidan qat’iy nazar, ana shu millat vakili. Masalan, mening etnik kelib chiqishim o‘zbek bo‘lsa ham, millatim – o‘zbekistonlik. Bugun menga hamyurt bo‘lgan tojik yigiti ham o‘z etnik kelib chiqishidan qat’iy nazar – o‘zbekistonlik. Xalq va millat tushunchasini ajratmaslik – bir xalq vakillari bir millat deb qabul qilinishini ta’minlash joiz.

Etnik milliy o‘zlik tushunchasi faqat Sovet Ittifoqida mavjud bo‘lgan. Aynan, sovetlar “xalq” (“нация”, “народ”) tushunchasidan “millat” (“национальность”) tushunchasini ajratib olganlar. Ular etnik va lingvistik belgilarga qarab O‘rta Osiyo mamlakatlari chegaralarini belgilaganlar. Lekin xaritadagi chegaralar – muammoning bir qismi edi, xolos. Ular etnik asosga ega o‘zlik yordamida bizning ongimizda ham bo‘linish hosil qildilar. Bizni etnik kelib chiqishimizga qarab ajratib qo‘ygan o‘sha siyosiy qarorlarning ayanchli asoratini haligacha his qilib kelmoqdamiz.

Bu gaplar bilan men o‘tib ketgan qaysidir tuzumni qoralamoqchi – ayblamoqchi emasman. Tarix oq-u qora bo‘lmaydi – tarix xolis bo‘ladi. Kimnidir aybdor qilish yoki kimgadir gina saqlashni oqlash uchun tarixni o‘rganmaydilar. Tarixni avvalgi xatolardan xulosa chiqarish va ularni qaytarmaslik uchun bugun to‘g‘ri qarorlar qabul qilish uchun o‘rganadilar.

Xo‘sh, tariximizdan xulosa nima? Juda oddiy: bir-birimizni etnik yoki boshqa jihatlarga qarab ajrataversak, bizga osilgan yorliqlarga mahkam yopishib, boshqalarni hurmat qilishni o‘rgana olmasak, tarqoq va noahil yashashda davom etsak – birlasha olganlardan orqada qolib yuraveramiz. Markaziy Osiyo xalqlarining har birida birdamlikda foyda ko‘pligini ta’kidlaydigan maqollar bor: bizniki “bo‘linganni bo‘ri yer, ayrilganni – ayiq“. Shunday ekan, xalqaro raqobat tobora keskinlashib borayotgan ushbu zamonda kichik farqlarimiz tufayli birlasha olmasligimiz, o‘xshash jihatlarimiz va umumiy maqsadlarimiz juda ko‘pligini ko‘ra bilmasligimiz – biz uchun yutqazishdir.

Albatta, bu maqsadlar katta va ezgu. Lekin ularni amalga oshirish uchun mablag‘ zarur. Biz ijtimoiy harakatni boshlashda bu masala ustida ham ancha bosh qotirdik. Chunki, tan olishimiz kerak, mamlakatlarimizda tashqi (ayniqsa, g‘arblik) homiylar yordami bilan faoliyat olib boradigan notijorat tashkilotlarga bo‘lgan ishonch jiddiy emas. G‘arbdan olingan pullar hisobidan ish ko‘radigan tashkilotlarning yashirin maqsadlari bor degan shubha odamlarda mahkam o‘rnashgan. Ba’zi hollarda bu shubha asosli – boshqalarida asossiz. Shuni hisobga olgan holda biz moliyaviy yordamni faqat Ligaga a’zo bo‘lishni tanlagan shaxslardan olishga qaror qildik.

Bugun Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida ishbilarmon va faol yoshlar juda ko‘p. Ba’zilari chet ellarda ish-faoliyatlarini olib boradilar (ularni xalqaro jargonda “ekspatlar” deb atashadi). Biz ana shunday yoshlardan kelgan yordam hisobiga ishlaymiz kelajakda. Hozircha, harakatni tashkil qilgan bir guruh a’zolar bu loyihaga o‘z kuchimiz, vaqtimiz va mablag‘imizni sarflayapmiz. Liga saytini yaratishga shaxsan o‘zim vaqt va pul ajratdim. Bizga moliyaviy yordam berish istagini bildirganlar bo‘ldi – lekin halicha biz bunday tizimni yo‘lga qo‘ymadik. Biz avval u mablag‘larni qanday qabul qilishimiz, ulardan qanday mas’uliyatli foydalanishimiz, mablag‘lar qanday maqsadlarga yo‘naltirilayotgani haqida ommaga ochiq va shaffof hisobot berish mexanizmini ishlab chiqishimiz kerak. Bunday mexanizmsiz bizga ishonib berilayotgan pullar nimalarga va qanday sarflanayotgani haqida keraksiz shubhalar va taxminlar paydo bo‘lishi – natijada esa, Ligaga bo‘lgan ommaviy ishonch eng boshidan yo‘qqa chiqishi mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytishim mumkinki, Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi – eski muammolarga yangicha yondashishga urinayotgan navqiron ijtimoiy harakat. Biz hali oyoqqa turib ulgurmadik – biz hozircha o‘rganish bosqichidamiz. Ammo niyatlarimiz ezgu, umidlarimiz katta. Bizga mintaqa taqdiriga befarq bo‘lmagan yoshlarning yordami kerak. Hozirgi paytdagi eng zarur yordam – g‘oyalarimizni qo‘llab-quvvatlash va ularni imkon qadar ko‘pchilikka yetkazishdir. Bizning fikrlarga qo‘shilgan va ularni qo‘llab-quvvatlashga ahd qilgan yurtdosh va mintaqadoshlarimizni Ligaga a’zo bo‘lishga chorlab qolamiz: https://ylca.org/join

Javlon Juraev

Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi asoschilaridan biri

Qirg’izistonda milliy bosh kiyim – Oq qalpoq kuni

Posted March 5th, 2018 at 1:23 pm (UTC-4)
Leave a comment

Qirg’izistonda milliy bosh kiyim – Oq qalpoq kuni nishonlandi. Mahalliy faollar tomonidan ilk bor 2011-yil otkazilgan tadbir norasmiy bayram tusini olib, har bahor 5-mart kuni, tabiat uyg’ona boshlagan paytda o’tkazilayotir.

Shahar-qishloqlarda millat qadriyatlarining ramzi bo’lmish libosga bag’ishlangan tanlovlar, konsertlar, bayram yurishlari, xalq hunarmandlari asarlarining ko’rgazmalari bo’lib o’tdi.

Aytish joizki, bu kun mamlakat parlamentining majlisiga milliy bosh kiyimda kelish odat bo’lmoqda.

Xalq ustalari aytishicha, oq qalpoq qorli choqqilardan andoza olgan. Sof matodan ishlangan qalpoq qishda inson boshini sovuqdan saqlaydi, yozda – issiqdan.

Mustaqillik yillari milliy bosh kiyim keng tarqala boshladi. Kattayu-kichik oq qalpoqni iftixor bilan kiyib yuradi. Hurmatli mehmonlarga, jumladan, rasmiy safar bilan kelgan xorij arboblariga, qadrli sovg’a sifatida aynan oq qalpoq taqdim etiladi.

Mahalliy bozorlarda tabiiy toza materialdan tayyorlangan qalpoq 700 somdan 1500 somgacha (taxminan 10-20 AQSh dollari) turadi, sintetik matoligi esa o’n baravar arzon.

Bayramlar, to’y-hashamlar uchun alohida bezatilgan, qimmatbaho qalpoqlar tavsiya qilinadi.

Quyidagi suratlar O’sh shahrining ayyomlar maskanlari, saylgohlari va ko’chalarida olingan.

Suratlar va matn muallifi Muhiddin Zarif

BLOG HAQIDA

“Yoshlariston” blogi haqida

Ushbu blog – ijodkor, shijoatli va qiziquvchan yoshlar uchun o’zlari yashayotgan jamiyatda ro’y berayotgan muhim voqealar, qolaversa dunyodagi o’zgarishlar haqida fikr va mulohaza bildirish maydoni. Qay yurtda yashamang, bu yerda eksklyuziv surat va videolar ulashib, ularni tomosha qilishingiz mumkin.

Bu sahifani “Yoshlariston” deb bejiz atamadik. Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Afg’onistonda aholining aksar qismi yoshlardir. Zamonamiz muammolari va yutuqlarini ular boshqalardan ko’ra yaxshiroq biladi.

Blog rang-barang mavzular uchun ochiq. Siyosatdan tortib, iqtisod va madaniyatgacha… Istagan masalani yoriting, muhokama qiling. Yagona iltimosimiz – bir-birimizni hurmat qilaylik va fikr bildirganda qo’pol so’zlar ishlatmaylik, toki bu maydon hammamizga ma’naviy ozuqa bersin.

Surat, video yoki boshqa turdagi material va xabarlar bo’lsa, biz bilan bog’laning. Siz bilan hamkorlik qilishdan bag’oyat mamnun bo’lamiz. Manzilimiz: uzbek@voanews.com

“Yoshlariston” – yoshlar maydoni. Blogimiz sizga muntazir.

Bo’limlar

Taqvim

March 2024
M T W T F S S
« Feb    
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031