Nima bizga Amerika?

Posted February 28th, 2011 at 9:46 pm (UTC-5)
Leave a comment

O’tmish va bugun

Zukko talabalarimizga bosh sarlavhadagi antiqa gap tanish ko’ringan bo’lsa ajab emas. Iste’dodli o’zbek shoiri Hamid Olimjon o’tgan asrning 30-yillari boshida Amerikaga qarshi kommunistik propaganda ruhi bilan yo’g’rilgan ayni shu nomda bir she’r bitgandi.

“Amerika bizga kim bo’pti? Uning g’ayrati, kuch-quvvati, hammasi bir pul!” deya bong urgan shoir kun kelib o’zi topingan Sovet imperiyasining qulashini, ammo Amerika gullab-yashnashda davom etishini o’ylab ko’rganmikan?

Hamid Olimjon o’rtaga qo’ygan bu savolga  oradan 80 yil o’tib yana qaytyapmiz. Ammo unga endi yangicha nuqtai nazar bilan yondashamiz. AQShda tahsil olgan, yashagan, Amerika hayotini va oddiy odamlarini o’z ko’zi bilan ko’rgan bir talaba nuqtai nazari bilan qaraymiz.
Nima bizga Amerika? Amerika – biz uchun imkoniyatlar mamlakati. Ilm olishni, tajriba orttirishni, ish va malakalarni oliy darajada va sifatli o’rganishni istovchi yoshlar uchun ayni muddao bo’lgan o’lka. Jozibasi okean ortidan oshib borib, olis O’zbekiston atalmish yosh o’lkaning yoshlari yuragiga o’t yoquvchi, har bir talabani Amerikada o’qish orzulari sari yetaklovchi sehrli bir diyor.

Amerikaning qon tomirlari

Amerika dunyoda iqtisodiy jihatdan eng baquvvat davlat. Bu maqomga erishishda va uni ushlab turishda ta’limning ahamiyati kata. Ta’limni Amerika infrastrukturasining qon tomirlari deyish mumkin. AQShda olti mingga yaqin oliy o’quv yurti bor. Har bir shtatga o’rtacha 115 ta universitet to’g’ri keladi. Dunyodagi eng kuchli yuz universitetning yarmidan ko’pi AQShda joylashgan. Ilm-fanda erishilgan yutuqlar uchun beriladigan xalqaro Nobel mukofotining eng ko’p sovrindorlari ham amerikaliklardir (305 ta). Bu borada 2-o’rinda turuvchi Angliyada Nobel sovrindorlari soni AQShnikidan qariyb uch karra kam (106 ta). Shuningdek, dunyoda talabalari soni eng ko’p davlat ham AQSh hisoblanadi.

Amerikada o’zbekistonlik talabalar

AQShda yarim milliondan ortiq xalqaro talaba o’qiydi. Bu raqam yildan yilga oshib bormoqda. Ular orasida minglab o’zbekistonlik talabalar bor. Yurtimizdan AQShga o’qish uchun kelganlar ayni damda bir necha yuzni tashkil etadi.

Sifatli ta’lim olish maqsadida vatandoshlarimizning Amerikaga kelishlari bizning faqat yutug’imizdir. Kun kelib, ularning vatanga qaytishlariga va yurtimiz ravnaqi uchun o’z bilim va malakalarini sarflashlariga ishonamiz. Shuning uchun AQShda o’qish uchun imkoniyat qidirayotgan iqtidorli yoshlarimizga har tomonlama ko’mak berishimiz lozim. Bunda siz va biz kabi shu yerda tahsil olgan va olayotgan o’zbekistonlik talaba yoshlar o’z tajribalarimizdan kelib chiqqan holda maslahatlarimizni berishimiz kerak.

“Talabalar shaharchasi” sizga yordam beradi

“Talabalar shaharchasi”da olib boradigan muloqotlarimizda ta’lim mavzusi muhim o’rin tutadi. Amerikada o’qishni istaysizmi? Ingliz tilini yaxshi bilasiz, oldingizga qaysi sohada o’qish bo’yicha aniq maqsadlar qo’ygansiz, ammo o’qish uchun universitet tanlash yoki siz tanlagan universitetga muvaffaqiyatli hujjat topshirish borasida maslahatga muhtojsiz. O’qish puli va yashashni qoplash uchun grant qidiryapsiz. Yoxud vatandan olis Amerika tuprog’ida yurib, siz kabi shu yerda yashayotgan vatandoshlaringiz bilan o’zingizni qiziqtirgan mavzularda virtual suhbat va aloqada bo’lishni istaysiz. Ushbu sahifa sizga mana shu imkoniyatni taklif qiladi.

“Talabalar shaharchasi”ning a’zolari – sobiq, hozirgi va bo’lajak talabalar – bu borada sizga amaliy yordam ko’rsatadi.

Amerika hayotining rang-barang qirralari, bu yerda vatandoshlarimiz turli sohalarda erishayotgan yutuqlar va amalga oshirayotgan ishlar haqida ham qiziqarli va jonli usullarda hikoya qilishni maqsad qilganmiz.

Bitiklarda, fikr-mulohazalarda talabalarga xos erkin va mustaqil nuqtai nazarni topasiz va bu yondashuv sizning yuragingizga, sizning ovozingizga yaqin bo’ladi, deb umid qilamiz.

“Talabalar shaharchasi” – Sizning minbaringiz

Talabalar shaharchasi – siz bilan bizniki, yoshlarniki. Sizni bu minbarga chiqib, o’z so’zingizni aytishingizni xohlaymiz. Qayerda tahsil olasiz, bu diyorga qanday keldingiz? Muvaffaqiyat qozonishingizning siri nimada? Siz kabi Amerikada o’qishni va muvaffaqiyat qozonishni istaydigan vatandoshingizga qanday maslahat va nasihatlaringiz bor? Shu haqda va boshqa istalgan mavzuda qalam tebratib, blogimizning doimiy muallifiga aylanishingizni istaymiz.

Ijodiy hamkorlik borasidagi taklif-mulohazalaringizni, yozgan asar va maqolalaringizni uzbek@voanews.com elektron manzili orqali kutib qolamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.