AQSh rasmiylari Xitoy bilan mavjud ziddiyatlar doirasida endi ta’lim sohasida ham xitoyliklarning Amerikadagi faoliyatini cheklash niyatida.
O’tgan hafta Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan, Amerika universitetlarida filiallari bo’lgan Konfutsiy institutlarining barchasi yil oxiriga qadar yopilishini ma’lum qildi.
Davlat kotibi Xitoy hukumati tomonidan moliyalanadigan institutlarni AQSh kollejlarida “josuslar va hamkorlar”ni yollash uchun ishlayotganlikda aybladi.
Cheklovlar, shuningdek, davlat mablag’lari hisobiga xorijda o’qiydigan xitoylik tadqiqotchilarni ham qamrab oladi. 26-avgust kuni Shimoliy Texas universiteti Xitoy Ta’lim vazirligi tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan Xitoy stipendiya kengashi (XSK) homiyligidagi 15 nafar xitoylik tadqiqotchilar bilan mavjud almashinuv dasturini bekor qildi.
Akademik josuslikka oid federal hukumat xavotirlari oshgandan beri ilk bor Amerika universiteti Xitoy milliy stipendiya jamg’armasi bilan aloqalarni uzdi. Universitet gazetasida chop etilgan maqolaga ko’ra, o’quv yurti ma’murlari federal va mahalliy huquqni muhofaza qilish organlarining batafsil brifinglaridan so’ng shunday qarorga kelgan.
Olimlarga J-1 vizalari bekor qilinganligi to’g’risida xabar berilgan. Ular bir oy ichida AQShni tark etishi lozim.
Yangi cheklovlar
Pompeo o’tgan hafta o’tkazilgan matbuot anjumanida Davlat departamenti yaqinda AQShning bir nechta universitetlari kengashlariga Xitoy Kommunistik partiyasi tahdidi to’g’risida ogohlantirish xati yuborganini aytdi. Uning so’zlariga ko’ra, ushbu tahdidlar tadqiqotlarni noqonuniy moliyalash, intellektual mulkni o’g’irlash, chet ellik talabalarni qo’rqitish va turli maqsadlar uchun yollash bilan bog’liq bo’lishi mumkin.
Xuddi shu kuni Davlat departamenti yuqori martabali xitoylik diplomatlarning AQSh kampuslariga kirishi uchun Davlat departamenti oldindan ruxsat berishi talab etilishini ma’lum qildi.
Huquqshunos va “Xitoyning kelayotgan tanazzuli” kitobi muallifi Gordon Channing “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Amerika rasmiylari Xitoy tomonidan olib borilgan ko’p yillik akademik va intellektual mulk o’g’riligiga nihoyat javob berishni boshladi.
“Ular AQSh kampuslariga o’rganish uchun emas, balki ma’lumotlar bazalarini yuklab olish va ularni Pekin foydalanishi uchun olib ketish uchun kelishadi, – dedi u.- “Demak, bu AQSh uchun jiddiy muammo”.
Xitoy stipendiya kengashi qanday tashkilot?
1996-yilda Xitoy Ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan Xitoy stipendiya kengashi Xitoyda tahsil olayotgan chet ellik talabalar va chet elda ta’lim oladigan xitoylik talabalar uchun mablag’ ajratadi. Ushbu mablag’lar, asosan, hukumat tomonidan moliyalanadi.
Jamg’armaning rasmiy maqsadi “Xitoy va dunyo xalqlari o’rtasidagi do’stlik va anglashuvni mustahkamlash hamda Xitoyning sotsialistik modernizatsiyasi va dunyo tinchligini targ’ib qilishdir”.
Mutaxassislarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, kengash katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va doktoranturadan keyingi tadqiqotchilarga, shuningdek, Xitoyning rivojlanish strategiyasiga mos keladigan sohalar bo’yicha texnologiyalarni o’rganayotgan talabalarga stipendiyalar taklif qiladi. Ushbu olimlar o’qishdan keyin Xitoyga qaytishi talab qilinadi. Mutaxassislar AQShni ushbu tashkilotdan hushyor bo’lish kerakligi haqida ogohlantiradi.
Jorjtaun universiteti Uolsh diplomatiya maktabi Xavfsizlik va rivojlanayotgan texnologiyalar markazining iyul oyida bergan hisobotiga ko’ra, har yili chet elda tahsil olayotgan xitoylik talabalarning qariyb 7 foizi yoki taxminan 65 ming nafari Xitoy stipendiya kengashi tomonidan moliyalanadi.
Bundan tashqari, hisobotda ta’kidlanishicha, kengash “milliy strategik sohalar – muhim sanoat tarmoqlari, muhim sohalar, yirik loyihalar, zamonaviy texnologiyalar va fundamental tadqiqotlar uchun xizmat qiladigan iste’dodlarni” moliyalashtirishga ustuvor ahamiyat beradi.
Hisobot muallifi, Jorjtaun universiteti Xavfsizlik va rivojlanayotgan texnologiyalar markazining tadqiqot bo’yicha tahlilchisi Rayan Fedasiukning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, so’nggi ikki yilda kengash va xorijiy universitetlar o’rtasidagi hamkorlik loyihalari soni keskin oshgan.
“Biz shuni aniqladikki, o’tgan 2019-yilda Xitoy universitetlari va xorijiy nufuzli universitetlar o’rtasida XSK tomonidan ma’qullangan dasturlar soni sezilarli darajada ko’paygan, ya’ni 2018-yildagi 19 tadan 2019-yilda 120 taga yetgan”, – dedi Fedasiuk.
Shuningdek, uning so’zlariga ko’ra, XSKning vazifasi – bu talabalarni stipendiya dasturlarini tugatgandan keyin Xitoyga qaytishga undash yoki ba’zi hollarda majburlash.
“Bu turli xil imtiyozlar orqali amalga oshiriladi, – dedi u. – Ba’zi hollarda, ulardan, shunchaki, qaytib kelish so’raladi va ba’zi hollarda chet elda Xitoy hukumatidan mablag’ olmasdan o’qigan xitoylik talabalarni, ular keyinchalik qaytib kelishini umid qilib, mablag’ bilan taqdirlashadi. Ammo ba’zan stipendiyalarga da’vogarlardan, agar o’z dasturlarini tugatgandan keyin Xitoyga qaytib kelmasa, jarima to’lashni va barcha mablag’larni qaytarib berishni talab qilishadi”.
Ushbu bosimlarga qaramay, AQSh universitetlarida aniq fanlarni o’rganayotgan xitoylik doktorantlarning 85 foizdan ortig’i AQShda qolishni tanlaydi, deyiladi hisobotda.