Sport Amerikalik talabalar hayotining ajralmas qismi. Deyarli har bir talaba sportning qaysidir bir turi bilan shug’ullanishga harakat qiladi. O’quv dargohlari qoshida sport bilan shug’ullanish uchun hamma sharoitlar muhayyo va ularning barchasi talabalar uchun bepul. O’zbeklarning “Sog’ tanda sog’lom aql” maqoliga amerikaliklar yaxshi amal qilishadi.
Universitetlarda muntazam sport musobaqalari tashkil etib boriladi. Ayniqsa, universitetlararo o’tkaziladigan sport musobaqalari shu qadar katta qiziqish va ishqibozlik bilan kuzatiladiki, bunday o’yinlar ayrim talabalar uchun hatto hayot-mamot masalasidir. Ushbu maqolada AQSh talabalari hayotidagi sportning shu qirrasi haqida yozmoqchiman. Misol uchun o’zim o’qiydigan Chapel Hil Shimoliy Karolina Universiteti (UNC-Chapel Hill) va uning azaliy raqibi Duke Universiteti basketbol jamoalariga alohida to’xtalmoqchiman.
Kecha universitetimizning “Tar Heels” erkaklar basketbol jamoasi Atlantika sohilidagi 12 universitetni o’zida jamlagan ACC chempionati final o’yinini o’z maydonida Duke universitetining “Ko’k iblislar” (Blue Devils) jamoasiga qarshi o’tkazdi. Shiddatli kechgan o’yinda universitetimiz o’zining azaliy raqibini 81-67 hisobida yer tishlatib, 19-marta “ACC” chempionligini qo’lga kiritdi. Duke universiteti o’z tarixida bu maqomga 18 marta sazovor bo’lgan.
“Ko’k iblislar”ni UNC-Chapel Hill uchun bejizga azaliy raqib deb atamadik. Bir-biridan atigi 8 mil uzoqlikda joylashgan bu ikki universitet nafaqat sportda, balki ilm-fan yutuqlari bo’yicha ham o’zaro raqiblar sanaladi. Duke Universiteti xususiy ta’lim dargohi bo’lib, AQSh universitetlari reytingidagi kuchli o’nlikdan o’rin olgan. “UNC-Chapel Hill” esa davlat universieti sanaladi va AQShning eng kuchli 30 universitetidan biri hisoblanadi.
“Tar Heels” va “Blue Devils” basketbol jamoalari ilk bor 1920-yilda uchrashishgan. O’shandan beri ular har yili g’oliblik uchun asosiy da’vogar raqiblar sanaladi. O’yinni tomosha qilish uchun sport zaliga tashrif buyursangiz, o’zingizni xuddi xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan katta bir musobaqani tomosha qilayotgandek his qilasiz. O’yin davomida qo’llab-quvvatlab turish uchun har bir jamoaning o’z raqs guruhlari, musiqiy ansambllari bor. Ishqibozlarning barchasi jamoa rangiga mos bir xil kiyimda o’tirishadi. O’yinga kirish uchun chipta narxi 400 dollardan 500 dollargacha chiqib ketadi. Vaholanki, bu ikki qo’shni universitet o’rtasidagi mahalliy bir uchrashuv, xolos. O’yin bo’ladigan kuni shaharda ham boshqacha kayfiyat hukm surayotgani aniq seziladi. Agar o’yin Chapel Hillda bo’lsa, “Dukeni yer tishlat!” yozuvi bor futbolka kiyib olingan yoshlarni ko’chalarda ko’p uchratasiz. Durhamda (Duke Universiteti joylashgan shahar) ham shunday manzara.
“ESPN” sport telekanali o’tkazib keladigan so’rovlarda, UNC-Chapel Hill va Duke jamoalari AQSHdagi barcha sport turlari va jamoalari orasidagi eng ashaddiy raqobatchilar reytingida doimo kuchli uchlikni egallab keladi. “Sports Illustrated”ga ko’ra esa, bu ikki jamoa o’rtasidagi raqobat butun Shimoliy Amerikadagi sport raqobatlarining eng kuchlisi va o’ta ashaddiysidir.
Esimda, o’tgan yili universitetimiz nomi tushirilgan kiyim kiyib Duke universitetiga borgandim. U kunlar o’yin davri emas edi, ammo shunday bo’lsa ham kampusda odamlarning menga boshqacha qarayotganlarini sezdim. Ko’hna bir cherkovni tomosha qilish uchun kirayotganimizda, “Sen UNCdan ekansan, kirma”, deya hazillashganlar ham bo’ldi.
O’tgan yili Duke universitetining omadi chopdi. Ular bizni nafaqat “ACC” chempionatida yer tishlatishdi, balki “NCAA” Amerika milliy chempionatida ham g’oliblikni qo’lga kiritishdi. Qandini ursin. 2009-yil bizning ko’chamizda bayram edi: o’sha yili “Tar Heels” ham “ACC”da, ham butun Amerika universitetlari orasida milliy champion bo’ldi.
Ko’rsatkichlar bo’yicha Duke hali bizga yeta olmaydi. Yuqorida aytganimdek, “Tar Heels” 19 marta Atlantika sohili chempioni bo’lgan bo’lsa, “Blue Devils” bu maqomga 18 marta erishgan. Milliy chempionlik soni bo’yicha ham biznikilar oldinda:“Tar Heels” 5 marta, “Duke” 4 marta chempion bo’lgan. Yana bir muhim ma’lumot: afsonaviy basketbol o’yinchisi Maykl Jordan ham “Tar Heels”dan chiqqan.
Xullas, amerikalik talabalar hayotida sport naqadar muhim o’rin tutishini ikki basketbol jamoasi misolida ko’rib o’tdik. Boshqa ko’plab sport turlarida ham shunday manzara guvohi bo’lishimiz mumkin. Kamina ilgari basketbolga uncha qiziqmas edi. Ammo UNCga kelganimdan beri men ham “Tar Heels” ishqiboziga aylandim. Imkon qadar, sport o’yinlarini maydonga tushib jonli tomosha qilishga harakat qilaman va sevimli jamoamni qo’llab quvvatlab, “Olg’a, Heels!” deya ishqibozlarga jo’r bo’lishni yaxshi ko’raman.