AQShda nogironlar uchun maxsus ta’lim qachon boshlangan?

Posted March 17th, 2012 at 9:15 am (UTC-5)
Leave a comment

Stockbyte/Getty Images

Jenifer autizm kasalligi bilan og’riydi. Ammo bu uni ta’lim olishdan, sog’lom do’stlari qatori universitetda o’qib, o’z sohasida ishlashdan to’xtata olmadi. Agar “Nogiron shaxslar uchun ta’lim qonuni” (Individuals with Disabilities Education Act (IDEA) bo’lmaganida, ehtimol, Jenifer bu kunlarga yetmagan bo’lardi. Uning ta’lim olishi aynan shu qonun ta’minlab bergan shart-sharoitlar bois yuzaga chiqdi.

30 yildirki, nogironligi bois maxsus e’tiborga muhtoj millionlab amerikaliklar “Nogiron shaxslar uchun ta’lim qonuni” doirasida to’liq ta’lim olish imkoniyatiga ega bo’lib kelmoqda.

1975-yil 29-noyabr kuni qabul qilingan dastlabki qonun “Barcha nogiron bolalar uchun ta’lim” (Education for All Handicapped Children Act (Public Law 94-142) deya nomlangan edi. Qonun shtatlardagi maxsus e’tiborga muhtoj nogiron yoshlarning ta’lim olishga bo’lgan huquqini himoyalash va buning uchun shart-sharoit yaratib berish maqsadini ko’zda tutgan.

Ushbu qonun qabul qilingunicha nogiron yoshlarni o’qitish uchun maktablarda sharoit yo’q edi. Masalan, 1970-yil AQSh maktablarida nogiron bolalarning har beshtasidan faqat bittasi ta’lim olish imkoniyatiga ega bo’lgan, xolos. Soqov, ko’zi ojiz yoki ruhan zaif bolalarni o’qitishning umuman iloji bo’lmagan. Chunki ular uchun maxsus maktablar, sinflar yoki sharoitlar yaratib berishni shtatlar hukumatidan majburiy talab qiladigan federal qonun yo’q edi.

1979-yili “Barcha nogiron bolalar uchun ta’lim” qonuni qabul qilingandan so’ng vaziyat o’zgardi. Qonun nogiron bolalarga hamma qatori ta’lim olish imkoniyatini berdi. Bugun oliy o’quv yurtlarini bitirgan nogiron mutaxassislar ish topishda barcha qatori teng huquqlarga ega. Ularni faqat nogironligi bois ishga olmaslik qonunan man qilingan.

Yillar o’tib “Barcha nogiron bolalar uchun ta’lim qonuni” takomillashib bordi. 1990-yil u “Nogiron shaxslar uchun ta’lim qonuni” (IDEA) bilan almashtirildi. “IDEA” maxsus e’tiborga mujtoj shaxslar uchun alohida sharoitlar yaratib berish kabi yangi va keng qamrovli bandlari borligi bilan eski qonundan farq qiladi.

2004-yil prezident Bush ma’muriyati davrida “IDEA” qo’shimcha bandlar bilan to’ldirildi. Yangi o’zgartirishlar nafaqat maxsus ta’lim va umumiy ta’lim o’rtasidagi to’siqlarni olib tashladi, balki nogironlar uchun maxsus ta’limni maktablar uchun markaziy va asosiy vazifaga aylantirdi.

Mutaxassislar qonunning muvaffaqiyatli chiqqanini aytishadi. Chunki ushbu qonun qabul qilingandan beri nogironlar orasida maktabni to’liq bitirayotgan o’quvchilar soni 1987-yildan 2003-yilgacha 17 foizga oshgan. Xuddi shu yillar orasida nogironlarning oliy o’quv yurtlarida o’qishi 70 foizga oshgan. 2003-yilda maktabni bitirgan nogironlarning 70 foizi maosh to’lanadigan ishlar bilan band bo’lgan. 1987-yilda nogironlarning faqat 55 foizi ishli edi, xolos.

AQShda nogironlarga bo’lgan e’tibor faqat ta’lim tizimida emas. Bu yerda barcha jamoat binolari, yo’llar, transport vositalari va boshqa jamoatchilik inshootlari nogironlar foydalana olishi uchun maxsus vosita va sharoitlar bilan ta’minlangan. Masalan, har bir jamoat avtobusida nogiron aravachalari turishi uchun maxsus joy ajratilgan. Ularning avtobusga chiqishi va tushishini ta’minlash uchun ham transport maxsus texnologiya bilan jihozlangan. Bu kabi sharoitlarni binolarda va boshqa transport vositalarida ham ko’rish mumkin. Bularning barchasi mamlakatdagi nogironlarning jamiyatda barcha qatori teng huquqli yashashlarini ta’minlash maqsadida federal qonunlar bilan amalga oshiriladi.

Biz bu maqolada nogironlarga bo’lgan e’tibor mavzusining ta’lim tizimidagi tadrijiy rivoji haqida qisqacha ma’lumot berdik. AQSh ta’lim tizimida umumiy ta’limdan farqli shu kabi boshqa maxsus ta’lim turlariga ham ruxsat va imkoniyatlar berilgan. Masalan, amerikaliklar, agar xohlasa, farzandlarini umuman maktablarga bermasdan, ularga o’zlari uyda ta’lim berishlari mumkin. Qonunan ruxsat berilgan va tan olingan bu ta’lim turi “Uy maktabi” deya ataladi. Bu haqda batafsil kelgusida bayon qilamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.