Kuni kecha AQSh Davlat Departamentining Ta’lim va Madaniyat masalalari byurosi xorijlik 88 nafar o’rta maktab o’qituvchisiga AQShda malaka oshirganlik to’g’risidagi sertifikatlarni topshirdi.
Ushbu o’qituvchilar dunyoning 29 mamlakatidan kelgan. Ular “Muallimlik fazilatlari va yutuqlari” (Teaching Excellence and Achievement (TEA) Program) nomli dastur doirasida AQShning turli oliy o’quv yurtlarida olti hafta davomida malaka oshirdilar.
“TEA” dasturi AQSh Davlat departamenti tomonidan 2006-yilda tashkil etilgan. Shu kungacha ushbu dastur doirasida 650 nafar ingliz tili, matematika hamda aniq va ijtimoiy fanlar o’qituvchilari AQShda tahsil olish imkoniyatiga ega bo’ldi.
Bu yilgi dastur ishtirokchilari 19-22 mart kunlari poytaxt Vashingtonda yig’ilib, ikki oy davomida o’rgangan bilim va ko’nikmalarini o’zaro bir-birlari bilan baham ko’rdilar. Ular bu bilimlarni o’z yurtlariga qaytgach maktablarga qanday tatbiq etish borasida ham o’zaro fikr almashdilar.
“TEA” dasturi xorijlik o’qituvchilarni AQShlik hamkasblari bilan dars mashg’ulotlarida faol qatnashishga targ’ib etadi. Shuningdek, dastur ishtirokchilari axborot mazmunidagi dars mashg’ulotlari orqali o’z mamlakatlari haqida amerikalik o’quvchilarga gapirib beradilar. O’z navbatida, bu o’qituvchilar o’z vatanlariga qaytgach, Amerika hayoti, ta’lim tizimi, o’quvchilari va boshqa o’zlari ko’rgan-bilgan narsalar haqida o’quvchilariga so’zlab beradi. Bu narsa dasturning asl maqsadi – AQSh va ishtirokchi mamlakatlar o’rtasida madaniy almashinuvni yo’lga qo’yishga xizmat qiladi.
AQSh hukumatining ta’lim va madaniyat almashinuviga doir ko’plab boshqa dasturlari ham bor. Shu paytgacha dunyoning 160 mamlakatidan ushbu dasturlarda ishtirok etganlarning jami soni bir milliondan oshadi. Ular orasidan 50 dan ortiq Nobel mukofoti sovrindorlari, 350 dan ortiq hukumat va davlat rahbarlari yetishib chiqqan.