AQSh musulmonlari orasida uy maktablari ko’paymoqda

Posted April 9th, 2012 at 2:20 am (UTC-5)
Leave a comment

Foto Washington Post

AQShda ota-onalar farzandlarini davlat yoki xususiy maktablarga bermasdan, balki uylarida o’qitishlari mumkin. Uy maktabi o’quvchilari davlat talab qiladigan imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirsa kifoya. Oliy o’quv yurtlariga kirishda ham ular uchun hech qanday to’siq yoki cheklov yo’q. Ular xohlasa, universitet darajasini ham masofali ta’lim dasturlari asosida uyda o’qib olishlari mumkin.

Bolalarni uyda o’qitishning bu usulidan asosan dindor amerikaliklar foydalanishadi. Prezidentlik uchun nomzod Rik Santorumning yetti nafar farzandini uyida o’qitgani ma’lum. Bu amaliyotning Amerika musulmon oilalari orasida ham yoyilib borayotgani bugungi maqolamiz mavzusi.

Jiliya Nadiya farzandlarini uyda o’qitadigan musulmon onalardan biri. Diniy e’tiqodim bois maktabda ko’p aziyat chekkanim esimda, deya u yoshlik davrini eslaydi. O’sha paytlar sinfdagi o’quvchilar musulmonligim bois meni tahqirlashardi, ba’zan hijobimni tortishardi, deydi u.

Nadiyaning ota-onasi 1987-yili uni maktabdan chiqarib, uyda o’qitishga qaror qiladi. Bu o’sha payt uchun ahmoqona ish hisoblanardi, deydi u. Chunki maktabda bormaslik bolaning ijtimoiy faolligiga putur yetkazadi, degan qarash jamiyatda kuchli edi.

Lekin uy maktabida o’qish Nadiya uchun zararli bo’lmadi. Uy maktabi bitiruvchisi bo’lgan Nadiya hozir o’zining bir yarim yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan 6 nafar farzandini uyida o’qitmoqda. Bunda o’zining ham uy maktabi bitiruvchisi ekani qo’l kelmoqda.

Bugun farzandlarini uyida o’qitayotganlar soni musulmonlar orasida oshib bormoqda. Ularni qo’llab-quvvatlovchi tashkilotlar va ular uchun yaratilayotgan maxsus darslik va dasturlar soni ham ko’paymoqda. AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko’ra, 2007-yilda uyda o’qitilgan o’rta va yuqori sinf o’quvchilari soni mamlakatda bir yarim millionni tashkil etgan.

Milliy Uy ta’limi tadqiqot instituti vakili Brayn Reyning aytishicha, farzandlarini uyida o’qitadiganlarning aksariyati nasoro e’tiqodiga ergashuvchi dindorlardir. Uy maktabi o’quvchilari orasida musulmonlar oz bo’lsa-da, ular soni tez ko’payib bormoqda.

Ayrimlar nazarida musulmon farzandlarining uyda o’qitilishi ularni Amerika jamiyati va madaniyatiga begona qilib qo’yadi. Uy maktabi himoyachilari esa buni inkor qilib, maktabda o’qimasdan ham jamiyatning to’laqonli a’zosi bo’lish mumkinligiga ishonishadi.

Merilend Universiteti professori Fahim Yunus nazarida, Amerikada bolalarni uy maktabida o’qitgan bilan ularni jamiyat ta’siridan saqlashning iloji yo’q. Chunki farzandlar maktabdan boshqa payt, baribir, jamiyat hayotiga aralashishga majbur bo’ladi, deydi u.

Nadiya o’zi kabi farzandlarini uyida o’qituvchi musulmon oilalari uchun maxsus darslik va o’quv dasturlari yaratadi. Ular minglab nusxada butun dunyoga tarqatilmoqda, deydi u.

Uy maktabi tashkil etgan ko’plab onalar Nadiyadan tez-tez yordam so’rab turishadi. Nadiyaning aytishicha, har kuni “e-mail”iga keladigan xatlarning yarmidan ko’pi uy maktabi haqida onalardan kelgan savollar. Ularga yordam berishni Xudoning oldidagi burchim deb bilaman, deydi Nadiya.

Musulmonlar uchun uy maktabini tashkil qilishdan asosiy maqsad farzandlarni jamiyatning salbiy ta’siridan asrab, ularni islomiy ruhda tarbiyalashdir. Darslarda Islomni o’rganishga alohida e’tibor qaratiladi.

Uy maktabini tashkil etgan oilalarning aksariyati AQShga xorijdan kelgan muhojirlardir. Ular orasida o’zbekistonliklar ham bor. Masalan, o’zini Soraning onasi deya tanishtirgan asli o’zbekistonlik ayol ikki nafar farzandiga uyda ta’lim berayotganini aytadi. U o’z tassurotlarini va o’qitadigan darslarini internetdagi blogi orqali boshqalar bilan baham ko’radi.

O’z farzandlariga uyda ta’lim berib kelayotgan o’zbekistonliklar nafaqat AQShda, balki dunyoning boshqa davlatlarida ham cuhraydi. Masalan, uch nafar farzandiga uyida ta’lim beradigan Ummu Sumayya ismli o’zbekistonlik ayol Angliyada istiqomat qiladi. “Sahobalarni tarbiyalab voyaga yetkazish” deya nomlangan internet blogida u ham o’zining uy darslarini va fikr-tassurotlarini yozib boradi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.