Xorijliklar AQSh hukumatidan grant yoki imtiyozli kredit olishi mumkinmi?

Posted February 25th, 2021 at 2:07 pm (UTC-5)
Leave a comment

Amerikada talabalar uchun hukumat tomonidan beriladigan bir qator grant va kredit dasturlari mavjud. Ular, odatda, faqat AQSh fuqarolari yoki rezidentlariga beriladi.

Xalqaro talabalar esa o’qish uchun o’z hisobidan to’lashi yoki qimmat narxlarda qarz olishi kerak bo’ladi. O’qish narxining mahalliy talabalarga qaraganda xorijliklar uchun ancha yuqori ekani yana bir qo’shimcha muammo.

Ammo istisno holatlar ham bor. Ya’ni ba’zi toifadagi xorijliklar ham mahalliy talabalar kabi AQSh hukumatining moliyaviy yordam dasturlariga ariza topshirishi mumkin.

Yordam olishi mumkin bo’lgan xorijliklar ro’yxati

AQSh fuqarosi bo’lmagan, lekin AQShga tegishli bo’lgan hududlarda, masalan, Amerika Samoasi, Shimoliy Mariana orollarida yashovchilar hamda doimiy rezidentlar davlatdan ta’lim uchun yordam olishda fuqarolar bilan bir xil huquqqa ega.

Bundan tashqari, AQShga qochqin sifatida yoki siyosiy boshpana istab kirganlarga ham shunday huquq berilgan. Buning uchun ular o’z huquqiy maqomlarini tasdiqlovchi hujjatni (AQShga kirishda beriladigan I-94 qog’ozi) taqdim etishlari kerak.

Inson savdosi qurboni deb hisoblangan va shu asosda AQShga qabul qilinganlar va ularning farzandlari ham hukumatdan ta’lim granti yoki imtiyozli kredit olishi mumkin. Bunday toifadagi insonlar Amerikaga maxsus T-1 vizasi bilan kiradi. Grant yoki kreditga ariza topshirishda shu vizaning nuxsasini topshirish so’raladi.

Quyidagi toifalarga mansub xorijliklarga AQSh hukumatining ta’lim grantlari va kreditlari berilmaydi:

Agar AQShga F-1, F-2 yoki J-1, J-2 talaba vizalari bilan kirgan bo’lsangiz, siz AQSh hukumati ta’lim grantlari yoki kreditlaridan foydalana olmaysiz. Bunday xorinliklar AQShda o’qish xarajatlarini o’z hisobidan qoplashi yoki mustaqil tarzda xususiy ta’lim kreditlari olishi kerak.

Xorijdan turib AQSh hukumatining maxsus grantlarini qo’lga kiritganlar hamda o’zaro ta’lim almashinuvi dasturida qatnashadiganlarga J-1 vizasi beriladi. Ularning oila a’zolari esa J-2 vizasini oladi. Boshqa barcha xalqaro talabalarga F-1 vizasi bilan AQShga keladi.

AQShda o’qiydigan xalqaro talabalarning 60 foizi o’qish xarajatlarini o’z hisobi yoki oilasi mablag’i bilan qoplaydi. Qolgan 40 foizi universitetlardan, o’z hukumatidan yoki boshqa grant va kredit dasturlaridan mablag’ oladi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.