AQSh Prezidenti Jo Bayden taklif qilayotgan ikki trillion dollarlik infratuzilma loyihasi doirasida jamoat kollejlari uchun ham 12 milliard dollarlik yordam ajratish ko’zda tutilmoqda.
Bu yordam asosida jamoat kollejlaridagi ikki yillik o’qishni bepul qilish maqsad qilingan. Kongressdagi respublikachilar taklifni haddan ziyod serxarajat ish va davlatning jamiyatdagi ishtirokini yanada kengaytirish sifatida baholamoqda.
Jamoat kollejlarida o’qish ikki yil bo’lib, uni bitirganlar bakalavr darajasini beruvchi to’rt yillik kollejlarga transfer orqali o’qishini ko’chirishi mumkin. O’qish arzonligi, aksariyati SAT, ACT kabi kirish imtihonlarini talab qilmasligi bois bunday kollejlar ko’plab talabalar uchun yaxshi tanlov hisoblanadi. Ba’zilari chet elliklardan ingliz tilini bilish testlarini ham talab qilmaydi; shu bois ular ko’plab xalqaro talabalarni ham o’ziga jalb etadi.
Arzon o’qish
O’tgan 20 yil ichida davlat universitetlarida oq’ish puli 76 foizga o’sgan bo’lsa, bu ko’rsatkich jamoat kollejlarida 46 foizni tashkil etadi. To’rt yillik universitetda hozir bir yillik to’lov o’rtacha 35 720 dollarni tashkil etadi; jamoat kollejlarida bu raqam 4000 va 10 000 dollar orasida.
Qimmat yoki mashhur universitetlarda esa yillik to’lov 100 ming dollardan ham oshishi mumkin.
Yangi loyiha asosida jamoat kollejlarining eskirgan binolari yangilanishi kutilmoqda.
“Ularning ko’pi 60-70-yillarda qurilgan. Shu bois jismoniy jihatdan ular eskirmoqda va infratuzilma muammolariga duch kelyapti. Shu muammolarni hal qilish uchun ajratilayotgan 12 milliard dollarlik taklifni olqishlaymiz”, – deydi Jamoat kollejlari assotsiatsiyasi prezidenti Noa Braun.
Pandemiya tufayli moliyaviy qiyinchilikka uchraganlar orasida to’rt yillik universitetlar ham bor. Shu bois ularga ham federal yordam ko’rsatish kerak, deydi ba’zi kuzatuvchilar.
Ta’lim uchun qo’shimcha yordamlar
Baydenning infratuzilma loyihasi asosida Milliy Ilm-fan jamg’armasiga 50 milliard dollar hamda mamlakatning tadqiqot institutlariga 40 milliard dollar ajratish rejalangan. Bu 40 milliardning 20 milliardi tarixan qora tanlilar o’qigan kollej va universitetlarga beriladi.
Oz sonli etnik guruhlarga xizmat ko’rsatayotgan dargohlarga ilm-fan va muhandislik sohalarida innovatsiya markazlari ochish uchun yana 10 milliard dollar ajratiladi.
Prezidentning aytishicha, loyihani ijro etish ishlariga Shimoliy Virjiniya jamoat kolleji professori, Birinchi xonim Jill Bayden yordam beradi.
Bayden loyihasi ayni paytda Kongressda muhokama qilinmoqda. Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi loyiha 4-iyulgacha palatada ovozdan o’tishiga umid qilishini aytgan.