AQSh Davlat departamenti Ta’lim va madaniyat masalalari byurosining Talabalar almashish bo‘yicha global dasturiga (Global UGRAD) qabul davom etmoqda. Unda 1, 2, 3 va 4-kursda o‘qiyotgan o’zbekistonlik talabalar qatnashishi mumkin.
Dasturga qabul qilinganlar Amerika Qo‘shma Shtatlarida bir semestr (yarim yil) to‘liq, hech qanday ilmiy daraja berilmaydigan kursda o‘qish imkoniyatini qo’lga kiritadi.
Barch ta’lim yo’nalishlari bo’yicha hujjat topshirish mumkin.
Qatnashish shartlari va talablari:
O’zbekistondan qatnashayotgan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- Oliy o‘quv yurtining birinchi, ikkinchi, uchinchi yoki to‘rtinchi kursida o‘qiyotgan bo’lish. Barcha talabalar, jumladan, 4-kurs talabalari ham, “UGRAD” dasturi tugagandan so‘ng kamida bir semestr o‘z mamlakatidagi o‘quv yurtida o’qishi kerak. Birinchi kurs talabalari hujjat topshirishdan oldin kamida bir semest o’qishni tugatgan bo’lishi lozim.
- Qo‘shma Shtatlarga safar qilayotgan paytda (avgust-sentabr, 2021-yil) kamida 18 yoshda bo‘lish;
- Ingliz tilini yaxshi bilish. Oldindan TOEFL yoki IELTS test natijalariga ega bo’lish talab qilinmaydi. Intervyudan o’tganlardan TOEFL iBT testi olinadi. Unda kamida 48 ball to’plash kerak. Test xarajatlari AQSh elchixonasi tomonidan qoplanadi.
Dasturga qabul qilinganlarning AQShda yashash, o’qish, safar qilish va tibbiy sug’urta bilan bog’liq barcha xarajatlari qoplanadi; oylik stipendiya beriladi.
Ariza topshirish muhlati va tartibi:
Hujjatlar 2021-yil 28-fevralgacha internet orqali onlayn topshirilishi lozim. Manzil: https://bit.ly/2Mlgswz
Yuqoridagi manzil orqali kirib, saytda ro’yxatdan o’tishingiz kerak. Shundan so’ng, login va parol bilan kirib, onlayn anketani to’ldirasiz. Keraki hujjatlar ro’yxati va anketa to’ldirish tartibini saytda ro’yxatdan o’tganingizdan keyin ko’rishingiz mumkin.
Anketaga ilova qilinishi lozim bo’lgan tavsiyanomalar formasini quyidagi manzillardan olishingiz mumkin:
- Academic Recommendation Form Guidelines (PDF 401 KB)
- Second Recommendation Form Guidelines (PDF 397 KB)
Arizalarni ko’rib chiqish tartibi va muddati
28-fevral, 2021-yil: Ariza topshirishning so’nggi kuni.
1-mart – 30-aprel, 2021-yil: Arizalar ko’rib chiqiladi va dastlabki nomzodlar saralab olinadi.
1-aprel – 30-may, 2021-yil: Dastlabki nomzodlardan intervyu olinadi va undan o’tganlar TOEFL iBT testini topshiradi.
Iyun, 2021-yil: G’oliblar va kutish ro’yxatiga tushganlar aniqlanadi va ularga tanlov natijalari haqida xabar beriladi.
Avgust – sentabr, 2021-yil: AQShga jo’nab ketiladi.
Qo’shimcha savollaringiz bo’lsa, ularni Tashkent-Program@state.gov elektron pochtasiga yuborishingiz mumkin. Xat sarlavhasiga (Subject line) “Global UGRAD” deb yozishni unutmang.
Batafsil ma’lumot uchun manzil: https://uz.usembassy.gov/education-culture/exchange-programs/global-undergraduate-exchange-program/
Eslatma: AQShga safar qilish, ya’ni dasturning AQShda amalga oshishi koronavirus pandemiyasi bilan bog’liq vaziyat yaxshilanishiga, ya’ni safar qilishga ruxsat berilishiga bog’liq.