BMT Bosh Kotibi bilan uchrashishni istaysizmi?

Posted May 14th, 2012 at 1:15 am (UTC-5)
1 comment

BMT Bosh Assambleyasi zali, Nyu-York, AQSh. (UN Photo)

BMTning O’zbekistondagi ofisi veb-sahifasining yozishicha, BMT Ta’lim Ta’siri (UN Academic Impact) hamda Vashingtondagi Brukings instituti BMT Bosh Kotibi uchun eng yaxshi nutq tanlovini e’lon qiladi. Tanlovda dunyoning istalgan davlatidan oliy o’quv yurti talabasi bo’lgan yosh yigit-qizlar ishtirok etishi mumkin.

Eng yaxshi nutq egasi deb topilgan uch talaba AQShning Nyu-York va Vashington shaharlariga tashrif buyurish hamda BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashish umkoniyatini qo’lga kiritadi. Eng yaxshi yozilgan nutq BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasida Bosh Kotib tomonidan o’qiladi.

Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 28-moddasi har bir insonga haq-huquqlari to’la himoyalangan va qadrlangan xalqaro jamiyatda yashash huquqini beradi. Shu nuqtai nazardan, butun jahon bir-biriga chambarchas bog’liqdir.

Barchaning haq-huquqlari to’la ta’minlangan va qadrlangan global fuqarolik jamiyatini qurish uchun nimalar qilmoq lozim? Vatandoshimiz bo’lmagan boshqa xalqlar oldida qanday burch va mas’uliyatlarimiz bor? Global muammolarga boshqa xalqlar bilan birgalikda yechim qidirar ekanmiz, qanday haq-huquqlarga egamiz?

Tanlovda ishtirok etishni istagan talabalar shu kabi savollar atrofida fikr yuritishlari lozim. Nutq ingliz tilida yozilishi hamda 1500 so’zdan oshmasligi kerak.

Tanlovda ishtirok etish uchun universitet talabasi bo’lish lozim. G’oliblik uchun ajratilgan uchta o’rinning kamida bittasi BMT Ta’lim Ta’siri (UN Academic Impact) tashkiloti a’zosi bo’lgan oliy o’quv yurti talabasiga beriladi. Ushbu tashkilotga a’zo bo’lgan universitetlar ro’yxati: http://academicimpact.org/currentmemberlist.pdf

Tanlov 2012-yilning 15-iyunigacha davom etadi. Qatnashchilar o’z ishlarini 15-iyungacha academicimpact@un.org hamda haltinay@brookings.edu elektron pochta manzillarining har biriga jo’natishi kerak. G’oliblarga AQShga sayohat qilish granti taqdim etiladi. Safar bilan bog’liq barcha xarajatlar to’liq qoplanadi.

Sayohat davomida talabalar Nyu-York shahrida BMT Bosh Kotibi bilan, poytaxt Vashingtonda esa Brukings instituti rahbariyati bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Tanlovda o’zbekistonlik talabalarning ham ishtirok etishini va ularning g’oliblar orasidan joy olishini istab qolamiz.

One response to “BMT Bosh Kotibi bilan uchrashishni istaysizmi?”

  1. Hozirgi kunda dunyoda ekologiya muamosi dolzarb bo’lib turibdi. Biz kelajak avlod uchun dunyoni qay ahvolda topshiramiz? Juda yomon. Hozirgi kunda ekologiya dunyoga atom qurolaridan ham kuchliroq havf solmoqda. Birgina o’rta osiyodagi orol dengizining o’zi o’nlab, jonzotlarni tabitdan butunlay yo’q qilib yubordi. Qator dunyoning rivojlangan davlatlari ishlab chiqarishdagi texnik chiqindilari tabiatga jumladan azon qatlamiga katta talofat keltirmoqda. Biz dunyoni turli talofatlardan himoya qiluvch azon qatlamini mustahkamlash o’rniga uni yanada zayiflantirayapmiz holos. Bu global muamoni yechimini BMT hal etishi va atrof muhitga juda ham katta zarar yetkazayotgan davlatlarga sanksiyalar joriy etishi lozim. Tabiatni asrayalik. Agar biz tabitga shunday muomilada bo’lar ekanmiz tez kunda insonlarning o’zlari qiyomatni o’zlari bilmagan holda o’zlari yaratadilar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.