Yaponiya haqqiga duo qil! – “Yaponiyadagi o’zbeklar” Facebook guruhi surati
Yaponiyada yuz bergan zilzila va uning ortidan kelgan sunami butun dunyoni larzaga soldi. Turli darajadagi zilzilalar ko’p ro’y beradigan Yaponiyada bunisi hammasidan oshib tushdi. Asosiy ofatni zilzila ortidagi sunami olib keldi: qirg’oqbo’yidagi katta-katta shaharlar vayron bo’lib, minglab odamlarning yostig’i quridi. Eng dahshatlisi, sunami atom energiyasi ishlab chiqaradigan Fukushima zavodiga jiddiy zarar yetkazib, atrof-muhit katta miqdordagi plutoniy zaharli moddasi bilan nurlanish xavfi ostida qoldi.
Yaponiyaning zilzila va sunami ro’y bergan hududga yaqin shaharlarida ko’plab vatandoshlarimiz ta’lim olishadi. Zilziladan so’ng ushbu o’lkadagi ayrim tanishlarimiz bilan bog’lanib, ularning hol-ahvollarini bilishga urindik. Hatto, zilzila markazida joylashgan Senday shahrida ham vatandoshlarimiz bor ekan. Shukrki, ularning sog’-omon ekani haqida eshitdik.
Quyida Yaponiyada o’qib istiqomat qiluvchi ayrim vatandoshlarimizning so’zlab bergan hikoyalarini sizlar bilan baham ko’rmoqchimiz.
Zilzila markazidagi Sendai shahrida yashagan Anvarjon o’sha kungi voqealarni “Facebook”dagi sahifasida shunday yozadi:
“Ey Xudo, bizni o’zing saqla! Zilzilada Xudoga nola qilishdan boshqa hech narsa [qo’ldan] kelmas ekan. Inson Yaratgan oldida naqadar ojiz (Sendai, 11-mart, 15:44).
Sendaidagi uchta o’zbek salomat (11-mart, 18:36).
Biz sog’ va salomatmiz. Tel. yaxshi ishlamayapti. Zaryadkam tugayapti. Anvar (13-mart, 1:19).
Biz tinchmiz! Salomatmiz. Svet berishdi. Zilzila va sunami xavfi hali butunlay ketgani yo’q. Asablar dosh bermayapti. Yaratgan egam O’zing asraguvchisan! (13-mart, 6:27)
We are in Nagoya! Hammamiz salomatmiz, barcha aziyat chekkanlarga sabr tilayman. Bizni qo’llab-quvvatlab turgan barcha-barchadan Xudo rozi bo’lsin! (16-mart).”
Mashhura, Tokio Xorijiy tillar universiteti talabasi, Tokio shahri:
“Zilziladan keyingi kun ko’chadaligimizda yana qattiq yer silkinishlaridan biri sodir bo’ldi. Elekt tarmog’i uzilganligi bois poyezdlar yurishdan to’xtab qoldi. Havo sovuq, turmush o’rtog’im va bir yarim yashar o’glim bilan uyimizgacha uzoq yo’lni piyoda bosib, yarim kecha bo’lganda manzilimizga yetib keldik. Shaharda barcha talvasa va xavotirda. Biz yashayotgan uy nisbatan eski bo’lganligi uchun ham bu tabiiy ofatdan ko’p tashvishlandik”.
Nozima, Sendai shahridan 250 km. uzoqlikda joylashgan Tsukuba Universiteti talabasi:
“Zilzila bo’lganida men uyda bir o’zim edim. Zilzila to’xtashini uyda kutishni xohlamasdan tezda ko’chaga yugurib chiqdim. Ko’chaga chiqib, binodan uzoqroqqa borib o’tirdim, negadir zilzila to’xtashning o’rniga borgan sari kuchaydi. To’xtagandek bo’lganidan keyin yana ikki marta kuchli qimirlash bo’ldi. O’sha kuni kechgacha uyga kirmasdan ko’chada o’tirdik. Chunki har yarim soatda yer qimirlab turdi. Keyin kechasi uxlashga joy qidirdik, uyda uxlash xavfli bo’lganligi uchun. Kechasi 12larda bir yapon bizga “refugee camp” ochilganini va biz u yoqda ertalabgacha qolishimiz mumkinligini aytdi. Lekin u yerda umuman uxlashning iloji bo’lmadi; har yarim sotda yer qimirlab, hamma binodan yugurib chiqardi. Ertasiga ham kuni bo’yi yer qimirlashi to’xtamadi. Uchinchi kun Kyotoga ketishga qaror qildik, radiatsiya xavfi bo’lganligi uchun. Hozir Kyotoda biz ozbek oilaning uyida turibmiz.
Hozir kanikul vaqti bo’lgani uchun o’qishga bormayapman. Umid qilamanki, aprelning boshidan oqishga qaytaman!”
Shahlo, Nagoya Universiteti talabasi, Nagoya shahri:
“Bir oydan keyin Nagoya shahrida yana bir kuchli yer silkinishi bo’ladi, deyishyapti. Shundan juda xavotirdamiz”.
Butun dunyo hozir “Yaponiya haqqiga duo qil” shiori ostida Yaponiyadagi insonlarga hamdardlik bildirmoqda. “Facebook”dagi “Uzbeks in Japan” (Yaponiyadagi o’zbeklar) guruhi ham zilziladan aziyat chekkanlarga ham amaliy, ham ruhiy dalda bo’lishga harakat qilmoqda. Guruh a’zolaridan biri guruh sahifasiga, “Hurmatli yurtdoshlar, tabiiy ofatdan zarar ko’rgan hududlardan boshqa shaharga kelayotganlar. Agar Nagoyada vaqtincha turish istagida bo’lganlar bo’lsa, bu yerdagi o’zbeklar sizlarni ochiq ko’ngil [bilan kutib] olib, sizlarga yordam berishga tayyor”, deb yozgan. Shuningdek, ushbu sahifada zilziladan aziyat chekkan yoki zilzila kuchli bo’lgan hududlarda yashagan o’zbeklar haqida muntazam axborot berib borilmoqda.
Keling, vatandoshlar, biz ham Yaponiya haqqiga duo qilaylik. Alloh ularning boshidan ushbu falokatni tezroq bartaraf qilsin. U yerdagi vatandoshlarimiz sog’-salomat bo’lishsin.
2 responses to “Yaponiya haqqiga duo qiling: U yerda vatandoshlarimiz ham bor”
http://www.youtube.com/watch?v=wLulmVsbAyA
We are the children of the Asia:
http://www.youtube.com/user/TheXtalship#p/a/u/2/POK3fTutNME