2008-yil AQShda boshlanib, so’ng butun dunyoni o’z domiga tortgan moliyaviy inqiroz bugun o’z nihoyasiga yetgani haqida aytilayotgan bo’lsa-da, ammo uning uzoq muddatli asoratlari hanuz mavjud va ulardan osonlikcha qutulishning iloji ham yo’q. AQShda ushbu inqirozdan aziyat chekmagan sohaning o’zi qolmadi. Ishsizlik 10 foizgacha chiqib, 1982-yilgi rekord darajaga yetib qoldi. Nafaqat xususiy sektor, balki davlat qaramog’idagi loyihalarga ham jiddiy putur yetdi. Byudjet kamomadi va milliy qarz keltirishi mumkin bo’lgan og’ir oqibatlar haqida bugun har doimgidan ham ko’ra ko’proq tashvish bilan gapirilmoqda. Aynan davlat byudjeti xarajatlarini kamaytirish borasidagi Kongress tortishuvlari oqibatida shu oy hatto federal hukumat butunlay ishdan to’xtab, ko’plab davlat idoralari vaqtincha faoliyatdan chiqish xavfi ostida qoldi. Faqat so’nggi soatlardagina respublikachi va demokratlar kelishuvga erishib, davlat idoralari ishdan to’xtab qolishining oldi olindi.
Ushbu maqolada moliyaviy inqirozning ta’lim tizimiga qanday ta’sir etayotgani haqida hikoya qilmoqchimiz. Mamlakat iqtisodi inqiroz bosqichidan o’tib, hozirda o’zini tiklab borayotgan bir paytda davlatdan moliyaviy ko’mak oluvchi yuzlab oliy o’quv yurtlari hanuz moliyaviy inqiroz asoratlaridan aziyat chekayotgani bir shtat misolida tahlil qilinadi.
Chapel Hildagi Shimoliy Karolina universiteti (UNC-Chapel Hill) AQShning nufuzli oliy o’quv yurtlaridan biri. Dunyoning eng kuchli 100 ta universitetining oldingi o’rinlarida turadi. “Kiplinger” reytingi bo’yicha, 2011-yilning eng yaxshi davlat universiteti. Biznes, jurnalistika kabi sohalarda universitet mamlakatning eng kuchli o’nta universitetlari qatoridan mustahkam o’rin olgan.
Chapel Hildagi Shimoliy Karolina universiteti UNC (Unversity of North Carolina) tizimiga kiruvchi universitetlardan biri. Ushbu tizimga yana shtatdagi 16 ta oliy o’quv dargohi kiradi. UNC tizimi xarajatlari asosan davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Moliyaviy inqiroz oqibatida Shimoliy Karolina shtatining yillik byudjeti 2.4 mlrd. dollarga kamaygani bois, uning o’rnini qoplash shtat tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlarni qisqartirish evaziga bo’lmoqda. Davlat tomonidan moliyaviy yordamning kamaytirilishi, ayniqsa, shtat ta’lim tizimi uchun ancha qimmatga tushadigan ko’rinadi.
Yaqinda Shimoliy Karolina shtati parlamenti quyi palatasi UNC tizimiga 2011-2012- akademik o’quv yili uchun ajratiladigan moliyaviy ko’makni 17.4 foizga qisqartirish haqida qonun loyihasini e’lon qildi. Shu yil yozda tasdiqlanishi kutilayotgan ushbu loyihaga ko’ra, UNC tizimi navbatdagi o’quv yili uchun oladigan mablag’ endi 483 million dollarga kam bo’ladi. Xo’sh, bu nimani anglatadi?
Agar UNC tizimi xarajatlari 17.4 foizga qisqarsa, universitetlarda ishlovchi jami 3200 kishini ishdan bo’shatishga to’g’ri keladi. Ularning qariyb teng yarmi o’qituvchi-professorlardir. Shuningdek, 9000 ta fan bo’yicha darslarning berilishi butunlay to’xtatiladi. Bu 240 mingta talaba o’rni boy beriladi, deganidir. UNC telekanali faoliyati uchun lozim bo’lgan 12 million dollar mablag’ ham 2011-2012-o’quv yili uchun umuman berilmaydigan bo’lyapti. Demak, ushbu telekanal yaqinda butunlay o’z faoliyatini to’xtatadi. Universitet qoshidagi kasalxonalar uchun beriladigan yillik 44 million dollar yordam ham endi umuman berilmaydi. Ushbu kasalxonalar bemorlardan tushadigan mablag’ evaziga o’z aravalarini endi o’zlari tortishlariga to’g’ri keladi. Eng yomoni, talabalar uchun yordam tariqasida ajratiladigan grant dasturlari ham 37.6 million dollarga qisqarishi kutilmoqda. Bu degani, endi talabalar uchun universitet taqdim etadigan grant imkoniyatlari keskin kamayadi.
So’nggi to’rt yil ichida davlat tomonidan UNC tizimiga ko’rsatiladigan yordam miqdori 600 million dollarga kamaygan. Bu yilgi qisqartirish har qachongidan ham katta. Yordamning qisqartirilishi faqat ishchi o’rinlarning boy berilishiga yoki grant dasturlarining kamayishiga olib kelgani yo’q. Yo’qotilgan millionlab mablag’larning o’rnini qoplash uchun universitetlar o’qish narxlarini muntazam oshirib borish majburiyati ostida qolmoqda. O’quv narxlarining arzonligi bilan azaldan barchani o’ziga jalb etgan UNC tizimi bu borada ham ilg’rolikni boy beryapti. Natijada o’qish uchun hujjat topshiruvchi talabalar soni kamayib bormoqda.
Shuningdek, moliyaviy yordamning kamayishi universitetning shon-shuhratini ta’minlashda muhim o’rin tutuvchi ko’plab tadqiqotlar uchun yetarli mablag’ning ajratilmasligiga sabab bo’lishi mumkin. Bu esa mamlakat va xalqaro miqyosda universitet obro’siga jiddiy putur yetkazishi aniq.
“483 million dollarning kesilishi bizning ta’lim sifatimiz va obro’imizga jiddiy putur yetkazmay qolmaydi”, – deydi UNC tizimi Prezidenti Tomas Ros. Uning fikricha, qonunchilar bunday qarorni UNC universitetlari kelajagi haqida jiddiy o’ylamasdan qabul qilishgan.
Moliyaviy inqirozning ta’lim tizimiga qanday ta’sir etgani yoki etayotgani haqidagi bu raqamlar faqatgina bir shtat misolidan olindi. AQSh bo’ylab boshqa shtatlarda ham ahvol shunday, deb aytish mumkin. Masalan, Missuri shtatining yaqinda qabul qilgan yillik byudjetida univesitetlarga ajratiladigan mablag’ hajmi 180 million dollarga kamaytirilgan. Ayova shtatida esa davlat tomonidan universitetlarga beriladigan yordam 38 foizga qisqargan. Bunga javoban universitetlarda o’qish narxi 33 foizga oshirilgan.
Moliyaviy inqirozdan jiddiy aziyat chekayotgan faqat davlat universitetlari emas. Xususiy universitetlarda ham xarajatlarni qoplovchi manbalardan keluvchi tushumlarning kamayishi kuzatilmoqda. Masalan, Chapel Hildagi Shimoliy Karolina universitetidan bir necha chaqirim narida joylashgan mamlakatning yana bir mashhur Dyuk Universitetida moliyaviy imkoniyatlarning pastligi bois so’nggi ikki yil davomida professor-o’qituvchilarning maoshi umuman oshirilmagan. Bu kabi xususiy oliy o’quv yurtlarini ham AQShda ko’plab topish mumkin.
Ta’lim tizimini jamiyat va davlatning qon tomirlariga qiyoslash mumkin. Ta’lim yaxshi bo’lsa, yaxshi kadrlar yetishib chiqadi. Bu degani, davlatning ertasi ishonchli qo’llarda. Ta’lim tizimiga moliyaviy ko’makning, ya’ni e’tiborning kamayishi kelajakda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. AQSh kelajagi qanchalik xavf ostida, bu haqda gapirishga hali erta-ku, ammo ta’lim tizimining e’tibordan chetda qolishi davlat kelajagi uchun jidiy xavf soluvchi omillardan biri ekani aniq.