Har yili 7-21-iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida tashkil etiladigan “Kelajak ovozi” o‘quv lagerlarida qatnashish uchun arizalar qabuli boshlangan.
Bu haqda “Kelajak ovozi” Yoshlar tashabbus markazining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yozgi oromgoh muallif va ijrochilari – Fond Forum, “Kelajak ovozi”, Britaniya kengashi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti.
Arizalar 2011-yilning 20-mayidan 10-iyuniga qadar “Kelajak ovozi” bo‘limlari va markaz sayti orqali (kelajakovozi.uz@gmail.com) qabul qilinadi.
Lager sharofati bilan mamlakat va xorijning yetakchi murabbiylari bilan birga mashg‘ulotlar o‘tadi.
Bolalar, yoshlar esa ta’lim, sport va madaniy tadbirlarda qatnashib, do‘stlar orttirib, qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalar olib, o‘z iste’dodlarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ladilar.
Oromgoh loyihasini qo‘llab-quvvatlayotganlar safida, shuningdek, Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Nagoya hamda Vestminster Universitetlari, Singapurning Toshkentdagi menejmentni rivojlantirish instituti va boshqalar bor.
Bu yilgi lagerda oliy o‘quv yurtlari talabalari ham ishtirok etishlari mumkin.
Nomzodlar (18 yoshdan 25 yoshgacha) talabalik davrida faol bo‘lish bilan birga, maxsus ishtirokchi anketasini to‘ldirib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari (№086 forma) talab etiladi.
Saralab olingan nomzod keyingi bosqich – suhbatda qatnashadi. Bu sinovdan ham o‘tgan ishtirokchi “Kelajak ovozi-2011” yozgi o‘quv oromgohiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Анкетани рус тилида юклаб олиш Анкетани ўзбек тилида юклаб олиш