AQSh prezidentligi uchun bu yilgi saylovda respublikachilardan amaldagi prezident Obamaga qarshi kimning nomzod bo’lishi hali ma’lum emas. Partiya doirasidagi saralash bahslari qizg’in pallaga kirgan. Poygada ishtirok etayotgan to’rt nomzod orasida hozircha Mit Romni oldinda bormoqda.
Nomzodlarning saylov kampaniyasidan turli mavzular, masalalar o’rin olgan. Ular orasidan biz uchun qizig’i bu ta’lim. Prezidentlikka da’vogar shaxslar mamlakatdagi ta’lim tizimi haqida nimalar deyapti? Ulardan biri agar prezident etib saylansa, ta’lim tizimida qanday o’zgarishlar kutilmoqda?
Amaldagi prezident Barak Obamaning ta’limga oid fikr-qarashlarini avvalgi maqolalarimizdan birida tahlil qilgan edik. Bugungi maqolada respublikachilarning shu haqdagi fikrlarini bayon etamiz.
Ta’lim bo’yicha barcha respublikachilarga xos umumiy qarash shuki, davlat ta’lim tizimiga kamroq aralashishi kerak. Bu degani, hukumat ta’limga kamroq mablag’ ajratishi lozim va tizimdagi xususiylashtirish jarayoni qo’llab quvvatlanishi kerak. Hozirda davlat tomonidan ta’limga ajratilayotgan mablag’ miqdori 60 mlrd. dollardan ziyodni tashkil etadi.
Moddiy yordamni kamaytirish tashbbusining eng ashaddiy tarafdori – Ron Pol. U hatto AQSh Davlat departamentining bahridan o’tish kerak, degan fikrda. Bundan tashqari, Ron Pol uy maktablari tizimining ham ashaddiy himoyachisi (Izoh: AQShda oilalar farzandlarini maktabga bermasdan o’zlari uyda o’qitishni istasa, bunga ruxsat beriladi. Odatda, jamiyatning zararli ta’sirlaridan himoyalash uchun dindor oilalar farzandlariga uyda ta’lim-tarbiya berishni afzal ko’rishadi. AQShdagi uy maktablari haqida kelgusi maqolalarimizdan birida batafsil yozish niyatimiz bor). Pol, farzandlarini uyida tarbiyalovchi oilalarga soliq imtiyozlari berilishi kerak, deb hisoblaydi.
Ron Pol prezident etib saylansa, bir yil ichida davlat xarajatlarini 1 trillion dollarga kamaytirishni va’da bermoqda. Bunga u besh davlat departamentini tugatish (Ta’lim departamenti ulardan biri), xorijga ko’rsatilayotgan moliyaviy yordam dasturlarini bekor qilish va urushlarni to’xtatish orqali erishmoqchi.
Nyut Gingrich ham ko’p masalalarda Pol bilan hamfikr. U Bush davridan qolgan “Hech bir bola ortda qolmasin”(No Child Left Behind Act) qonunini bekor qilish kerak, deb hisoblaydi. Chunki, unga ko’ra, bu qonun ortidan davlat maktablar uchun ajratadigan mablag’ miqdori oshgan. U, shuningdek, talabalarga kredit mablag’larini davlat emas, balki xususiy sektor vakillari berishi kerak, deb hisoblaydi. Bu bilan, Gingrichga ko’ra, davlatning ta’lim tizimiga aralashishiga yo’l qo’yilmaydi hamda ta’lim tizimidagi kredit qarzlari davlat bo’yniga tushishining oldi olinadi.
Nomzodlikka asosiy da’vogarlardan biri – Rik Santorum davlat maktablarini yoqtirmasligini yashirmaydi. Nomzodlar orasida dindorligi va dindor amerikaliklar manfaatlarining himoyachisi sifatida tanilgan Santorum yetti nafar farzandini uy maktabida o’qitgan. U davlatning maktablar ishiga aralashishini yaxshi g’oya emas, deb hisoblaydi.
Hozirda nomzodlar poygasida yetakchilik qilayotgan Mit Romni ham davlatning ta’limga aralashishini yoqtirmaydi. U o’qituvchilar ittifoqlariga haddan ziyod ko’p kuch va vakolatlar berilganini qoralab, Ta’lim departamenti bu ittifoqlarning ta’sir doirasini qisqartirish bilan shug’ullanishi kerak, degan fikrda.
Romni gubernatorlik qilgan Massachusets shtati maktablari mamlakatdagi eng yaxshi ta’lim dargohlaridan sanaladi. Bu yerdagi amaliyotni federal miqyosda tatbiq etish kerak, deb hisoblaydi u.
Romnining fikricha, o’qituvchilikka kollej bitiruvchilarining eng yaxshilari olinishi kerak. O’tgan yilgi nutqlaridan birida u, yaxshi o’qituvchilarga ko’proq maosh to’lanishi va ishyoqmaslari ishdan bo’shatilishi kerak”, deb aytgan edi. Bu Obama olg’a surayotgan fikrlar bilan hamohang ekani diqqatga sazovor.
Nomzodlarning saylov kampaniyasida ta’lim, muhimlikda, iqtisod masalasidan keyingi o’rinda turibdi. Siyosatshunos olim Stefan Bruksning fikricha, ta’lim ahamiyati bo’yicha iqtisoddan qolishmaydi. Ta’lim mamlakatda demokratiyaning gullab yashnashi uchun kerak, deydi u.
“Amerika asoschilari davlat ta’limining kerakliligiga ishonganlari shubhasiz, – deydi u. – Chunki butun mamlakatga maktab ta’limini bermasdan turib, muvaffaqiyatli demokratiyaga erishib bo’lmasligini ular yaxshi bilishardi.”
Mamlakat bo’ylab 2011-yilda o’tkazilgan ommaviy so’rovda aholining 66 foizi davlat maktablari faoliyatidan uncha qoniqmasligini aytgan. Bu maktablarda o’quv sifatining pasayishi iqtisodiy inqiroz oqibatida ularga ajratilayotgan mablag’ning kamayishi bilan bog’liq. Asosan xususiy sektor namoyandalari manfaatlarini himoya qilishi bilan taniqli respublikachilar partiyasi bu muammoning yechimini maktablarni xususiylashtirishda ko’radi.