AQSh elchixonasi xodimi: “Viza uchun bo’ladigan suhbatdan biz nima kutamiz?”

Posted May 7th, 2012 at 12:17 am (UTC-5)
3 comments

Yaqinda tanishlarimdan biri talaba vizasi uchun AQSh elchixonasida bo’ladigan suhbat haqida maslahat so’rab qoldi. Hujjatlari joyida bo’lsa, AQShda o’qish va yashash uchun lozim bo’lgan mablag’ni ko’rsata olsa, vizani muammosiz oladi, deb umumiy javob berdim. Bu narsani deyarli hamma yaxshi biladi. Ammo shunday holatlar ham bo’ladiki, ba’zilar, hatto hujjatlari joyida bo’lishiga va o’qish uchun yetarli mablag’i borligiga qaramasdan suhbatdan vizasiz quruq chiqadi. Buning sababi nimada? Suhbat jarayonida rasmiyatchilikdan boshqa yana nimalar so’raladi va bu savollarga qanday javob berish kerak?

Shu savollarga javob topish maqsadida AQSh Davlat Departamentining rasmiy veb-sahifalarini biroz kovlashga to’g’ri keldi. Natijada mavzuning rasmiyatchilikdan tashqari, ammo viza olish jarayoniga bevosita ta’sir qiladigan ayrim jihatlari haqida ma’lumotlar topdim. Olgan xulosam shu bo’ldiki, viza uchun o’tkaziladigan suhbat faqat hujjatlar tekshiriladigan rasmiyatchilikdan iborat bo’lmasdan, balki viza uchun talabgor shaxsning ovozini eshitish, uning kimligini bilish ham suhbatning muhim bir qismi ekan.

AQSh Davlat Departamentining DipNote deya ataladigan rasmiy blogida Hindistondagi AQSh elchixonasining Konsullik bo’limi vakili Monika Shiy shu haqda o’z tajribasini o’rtoqlashadi. “Oyna ortidan nazar: AQShning vizalar ofisidan talaba vizasi bo’yicha maslahat” deya nomlangan blogpostda rasmiy mulozim viza uchun suhbat o’tkazishdan asosiy maqsad AQShga borish istagida bo’lgan shaxs bilan yuzma-yuz ko’rishish hamda uning o’z og’zidan nima maqsadda AQShga bormoqchi ekanini eshitishdir, deydi.

Har kuni yuzdan ortiq odam bilan viza uchun suhbat o’tkazishini ta’kidlagan konsullik vakili o’z maqolasida masalani rasmiy tusdan yiroq ohangda, ochiq va insoniy uslubda bayon etadi.

“Bolaligimda elchixonaning viza bo’limi xodimi bo’lib ishlash tushimga ham kirmagan edi, – deb yozadi Monika Shiy. – Dastlab, adabiyot sohasida o’qidim, so’ng o’qituvchilik qildim. Bugun Nyu-Dehlidagi AQSh elchixonasida 9 oydan beri oyna ortidagi baland stulda o’tirib odamlarga viza berish yoki bermaslik masalasini hal etyapman. Bir kunda qariyb 100 ta odam bilan suhbat o’tkazaman”.

Bolaligidan, kasbiy faoliyati va shaxsiy hayotidan so’z ochgan muallif elchixona xodimlarining ham boshqalar kabi oddiy odamlar ekanini aytmoqchi bo’ladi.

“Bizning ixtisosligimiz turli sohalardan. Oramizda huquqshunoslar, o’qituvchilar, axborot texnologiyalari mutaxassislari, hatto o’t o’chiruvchilar bor. Umrimizning qaysidir bosqichida Tashqi Xizmatning yozma imtihonini topshirdik, bir kunlik og’zaki imtihondan o’tdik hamda keng qamrovli tayyorlov kursini o’tab diplomatlarga aylandik”, deydi Monika.

Shundan so’ng muallif AQSh elchixonasida har kuni viza uchun o’tkaziladigan suhbatlar jarayoni haqida so’z ochadi. Uning aytishicha, bitta suhbat uchun o’rtacha 2 yoki 3 daqiqa sarflanadi, xolos.

“Har kuni Nyu Dehlida 8 yoki 9 ta konsullik xodimi AQShga borishni istovchi yuzlab odamlardan suhbat oladi, – deya davom etadi Monika. – Imkon boricha ko’proq odam bilan suhbatlashishga ulgurishimiz uchun intervyular juda qisqa bo’ladi – ikki yoki uch daqiqa. Bizga kerakli ma’lumotlarning aksariyati allaqachon anketada yozilgan. Biz sizning o’zingizdan sayohat rejalaringiz haqida eshitishni xohlaymiz. Ba’zan talabgorlar bir dunyo hujjatlar ko’tarib kelishadi. Qog’ozlariga qaramasak, ular xafa bo’lgandek ko’rinishadi. Intervyudan maqsad hujjatlarni tekshirish emas, balki siz bilan yuzma-yuz gaplashishdir”.

Talabalik uchun viza olmoqchi bo’lganlar haqida gapirar ekan, Monika ularni o’z maqsadlarini suhbatda aniq tushuntirib berishga chaqiradi.

“Agar talaba bo’lsangiz, sizning ishonchli va o’qishga qodir ekaningizni tekshiramiz. Aynan nega shu universitetni tanlaganingiz va o’qish pulini qanday to’lamoqchi ekaningiz haqida so’raladigan savollarga javob berish uchun tayyor turing. Tanlagan o’qish joyingizni bitira olishingizga va borishingizdan maqsad faqat o’qish ekaniga biz ishonch hosil qilishimiz kerak”, deydi Monika.

Monika talabalarni viza uchun ertaroq hujjat topshirishga chaqiradi. O’qish boshlanishidan 120 kun oldin vizani olish mumkin, ammo AQShga faqat o’qish boshlanishiga bir oy qolgandagina jo’nab ketish mumkin, deydi u.

Xulosada muallif elchixona xodimlarining ham boshqalar kabi oddiy odamlar ekanini yana bir bor ta’kidlaydi. Agar ishonchli, o’qish uchun layoqatli talaba bo’lsangiz, tashvishlanishga hojat yo’q, vizani, albatta, olasiz, deydi u.

“Agar siz o’zingizni ishonchli, o’qish uchun haqli deb bilsangiz, xavotir olishga hojat yo’q. Chuqur nafas oling, o’zingizni bo’sh qo’ying hamda oyna ortida o’tirgan odam sizga yordam berish uchun o’sha yerda o’tirganini eslang. Biz ham siz kabi oddiy odamlarmiz”, deydi Hindistondagi AQSh elchixonasining Konsullik bo’limi xodimi Monika Shiy.

3 responses to “AQSh elchixonasi xodimi: “Viza uchun bo’ladigan suhbatdan biz nima kutamiz?””

  1. AZAMAT says:

    asssalomy alaykum men 5yil buldi gren karta uynayman lekin yutolmayman hozirda chehiyda ishlayman kanaka imkohyatlar mavjud olishim uchun

  2. Ya hachu igrat gren kartu

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.