10 ming dollarga bakalavr diplomi

Posted December 4th, 2012 at 2:42 pm (UTC-5)
3 comments

Fotomontaj muallifi: Tod Vaysmen

O’zbekistonda bakalavr diplomini qo’lga kiritish necha pul turadi? Savolni noto’g’ri tushunmang. Bu yerda men diplom sotib olish haqida emas, balki bakalavrlik darajasini olish uchun kerak bo’ladigan to’rt yillik o’qish xarajatlari haqida so’rayapman. Taxmin qilamiz. Yillik kontrakt to’lovi o’rtacha $1800. Kitob-qalam va boshqa o’qishga tegishli xarajatlar (O’zbekistonda talabalarning kitob sotib olishi kamyob hodisa bo’lsa ham) uchun qo’chimcha $200. Demak, bir yilda o’rtacha $2000, to’rt yilda esa $8000 atrofida. Albatta, bunga yashash xarajatlarini qo’shmadik. Faqat o’qish uchun sarflanadigan pul.

Endi xuddi shu raqamlarni AQSh uchun hisoblaymiz. AQSh Ta’lim departamentining shu yil o’rtalarida chiqargan yangi hisobotiga ko’ra, mamlakatda bir talabaning yillik kollej xarajati $6669 ni tashkil etadi. Bu raqamga o’qish uchun to’lanadigan pul, turli talabalik to’lovlari va kitoblarga sarflanadigan xarajat kiritilgan. Demak, to’rt yil davomida talabaning jami sarfiyati $26676, ya’ni $30000 ga yaqin bo’ladi.

O’zbekiston sharoiti uchun $8000 katta pul. Hamma ham farzandini kontrakt to’lovi asosida o’qitish imkoniyatiga ega emas. Ammo o’rtahol oila amallab o’g’lining yoki qizining o’qishi uchun shu pulni topa oladi. AQShda ham shunday. Qashshoq qatlam sanaluvchi daromadi kam oilalar uchun ta’limga 30 ming dollar sarflash oson emas. Lekin o’rta qatlam oilalari bundan qimmatini ham to’lab o’qiy oladi.

Bu borada AQShdagi afzal holat shuki, deyarli har bir odam pul topib istalgan sohada o’qiy oladi. Buning uchun cho’ntagida yoki bankida naqd $30000 bo’lishi shart emas. Bankdan qarz oladi. O’qishini tamomlagach, sekin-asta ishlab shu qarzlarini uzadi. O’zbekistonda ham ta’lim kreditlarini berish yo’lga qo’yilgan, lekin hozircha uni olish hammaga ham nasib etmayapti.

Endi, tasavvur qiling. O’zbekistonda bakalavr diplomi olish uchun to’rt yil davomida sarflanadigan xarajat qariyb uch baravar kamayib, $2500 ga tushdi. Bu degani, bir yilda o’qish uchun taxminan $650 to’laysiz. Shunaqa bo’lishini xohlarmidingiz?

O’zbekistonda buni hozir orzu qilishga hali erta. Lekin AQShning ayrim shtatlarida shunday bo’lish ehtimoli bor. Ular AQShda bakalavr olish narxini O’zbekistonniki bian bir xil qilishmoqchi. To’g’rirog’i, shunga yaqinlashtirishmoqchi.

Texas, Florida kabi ayrim shtatlar gubernatorlari davlat kollejlarida bakalavrlik darajasini beradigan to’rt yillik o’qish xarajatlari (talabalik va kitob uchun to’lovlar ham shuning ichida) $10000 dan oshmasin, demoqda. Bu mamlakat bo’yab o’rtacha to’rt yillik o’qish xarajatlaridan qariyb uch barobar kam.

Ko’pchilik buning amalga oshishiga shubha bilan qaramoqda. Ularning e’tiroziga ko’ra, yildan yilga davlat ajratadigan moddiy yordam kamayib borayotgan bir paytda kollejlarning o’qish uchun to’lovlarni kamaytirishi noreal narsa.

Arzon ta’lim tarafdorlari esa bunday g’oyaning amalga oshishiga ishonadi. Ularning aytishicha, to’rt yillik o’qish xarajatlari 10 ming dollardan kam bo’lgan va bakalavr darajasi beradigan kollejlar AQShda bunday g’oya tug’ilguncha ham bo’lgan va hozir ham mavjud.

Makon Davlat kolleji ana shunday o’qishlardan biri. AQSh Ta’lim departamentining yillik hisobotida tilga olingan bu kollejda o’qish uchun talaba sarflaydigan yillik xarajat $2354 bo’lib, to’rt yillik sarfiyat $10000ga yetmaydi. Kollejda 5700 talaba o’qiydi va 18 yo’nalishda bakalavrlik darajasini beradi.

To’rt yillik o’qish xarajati $10000 atrofida bo’lgan kollejlar sirasiga yana Floridadagi Brovard kolleji (besh sohada bakalavrlik darajasi beradi), Seynt Jons River Davlat kolleji (besh sohada bakalavrlik darajasi beradi) hamda Nevadadagi Greyt Basin kolleji (olti sohada bakalavrlik darajasi beradi)ni kiritish mumkin.  Demak, 10 ming dollar bilan bakalavr darajasini olish amaliyotda bugungacha ham bo’lgan.

Kollej mutasaddilari va professorlar o’qishni arzon qilish ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etishidan xavotirda. O’qish sifati qancha yuqori bo’lsa, buning uchun sarflanadigan xarajat ham shuncha kop’ bo’ladi, deydi ular.

Shunga qaramay, gubernatorlar tomonidan olg’a surilayotgan arzon ta’lim g’oyasiga labbay deb javob berayotgan kollejlar bor. Masalan, Texasda o’nga yaqin kollej yangi o’quv yilidan to’rt yillik xarajati o’n ming dollardan oshmaydigan o’quv dasturlarini boshlamoqchi. Florida shtati ham bu borada Texasning yo’lidan borish arafasida.

Xullas, ta’lim olishni yanada arzonlashtirish tashabbusi AQShda federal hukumat tomonidan ham, shtatlar hukumati tomonidan ham tez-tez tilga olinadigan masala. Hukumat hisobotiga ko’ra, AQShda bakalavrlik diplomini oladigan har bir talaba o’qishni o’rtacha 20 ming dollar qarz bilan tamomlaydi. Iqtisodiyot muammoga yuz tutib turgan davrda, ayniqsa, talabalar ko’p aziyat chekmoqda. Hozirgi sharoitda ularning ish topishi yanada qiyinlashgan. Shu bois davlat ularning og’irini yengil qilish maqsadida imtiyozli qarz dasturlarini joriy etgan. O’qish narxini kamaytirishga qaratilgan tashabbus ham shu yo’ldagi sa’y-harakatlardan biri.

Xo’sh, bu mavzuda sizning fikringiz qanday?

3 responses to “10 ming dollarga bakalavr diplomi”

  1. k260 says:

    Bizni davlat faqat pul olishni boplab qo’yadi.

    Mavlono, yuqorida o’zbek talabasi harajatlariga baho olish uchun harajatni yozmapsiz-ku? Majburiy obuna, shambalik, hasharlar degan narsalar ham qolib ketgan. Bu mavzuda ham “Nima bizga Amerika” desak bo’ladi.

  2. Jakhongir says:

    Tog’risi 18 yo’nalishda bakalavrlik unvoni beradi degan joyiga yahshi tushunmadim. Nima 18 ta sohani diplomini beradi demoqchmidiz?

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.