O’tgan yili AQShda bakalavrlik darajasiga ega bo’lgan talabalarning uchdan ikki qismi o’qishni qarz bilan tamomlagan. Talabalar qarzi o’rtacha $26,500 AQSh dollarini tashkil etadi. Bu bir yil oldingi ko’rsatkichdan besh foiz yuqoridir. Bu haqda “Kollejda o’qish va muvaffaqiyat qozonish instituti” (Institute for College Access and Success) hisobotida ma’lumot berilgan.
O’qish uchun olingan qarzlarning beshdan bir qismi xususiy bank va boshqa moliyaviy kompaniyalardan olingan bo’lsa, aksariyat qismi davlat qaramog’idagi moliyaviy dastur hisobidan berilgan. O’qish uchun davlat beradigan qarz dasturi talabalarga qarzni qayta to’lashda bir qator yengilliklar beradi. Masalan, talaba o’qishni tamomlab ish topa olmasa yoki topadigan daromadi kam bo’lsa, qarzni to’lash muddati uzaytirilishi yoki daromadga yarasha oylik to’lov miqdori kamaytirilishi mumkin. AQSh hukumati tomonidan moliyalanadigan ushbu qarz dasturi haqida to’liq ma’lumotni http://www.fafsa.ed.gov/ saytidan olishingiz mumkin. Ushbu dasturda nafaqat AQSh fuqarolari, balki AQShda doimiy yashovchi xorij fuqarolari ham ishtirok etishi mumkin.
AQSh iqtisodiyoti moliyaviy inqirozga yuz tutgandan beri kollej bitiruvchilarining o’qishdan so’ng ish topishlari tobora qiyinlashib bormoqda. Ayni paytda, universitetlarda o’qish va yashash xarajatlari ham oshib bormoqda. Shu bois kollej bitiruvchilari orasida qarzdorlar va ular qarzlarining miqdori ham yildan yilga o’smoqda.
Talabalar qarzining ko’pligi bo’yicha Nyu-Xempshir shtati birinchi o’rinda. Bu yerda bitiruvchi talabalarning o’rtacha qarzi $32,450 AQSh dollarini tashkil etadi. Eng kam qarz esa Yuta shtatida kuzatilmoqda. Bu yerda talabalarning o’rtacha qarzi $17,227 AQSh dollariga teng.
6-noyabrda bo’lib o’tadigan prezidentlik saylovi uchun davom etayotgan nomzodlarning saylov kampaniyalarida ham ta’lim masalasiga alohida urg’u berilmoqda. O’tgan og’ir iqtisodiy yillarda ish topolmayotgan bitiruvchilar soni oshgan. Respublikachi nomzod Mit Romni bunda amldagi prezident Barak Obamani ayblaydi. Obama esa talabalarga davlat g’aznasidan ajratiladigan imtiyozli qarz dasturlarini yanada kengaytirish lozim, deb hisoblaydi. Romni esa ta’lim tizimiga davlatning ortiqcha aralashini xush ko’rmaydi. Talabalarning saylovdagi roli haqida “Talabalar saylov uchun qanchalik muhim” nomli maqola ham yozgan edik.
AQShda iqtisodiyot va ta’lim tizimi bir-biriga chambarchas bog’liq ekanini hech kim inkor etmaydi. Qarzdor talabalar sonining oshishiga yoki ular zimmasidagi qarz miqdorining yildan yil o’sib borayotganiga nosoz iqtisodiy muhim aybdor ekani hech kimga sir emas. Ayni paytda, uzoq muddatli barqaror iqtisodiyot qurishda ta’limning o’rni beqiyos.