Hukumatning ishdan to’xtashi nima degani?
Avvalo, sarlavhaga tushuntirish bersak. Hukumatning ishdan to’xtashi nima degani? Shu yilning 1-oktabridan 15-oktabrigacha, demak, qariyb ikki haftadan ziyod AQSh federal hukumati byudjetining qabul qilinmasligi oqibatida ishlamadi. Kongressning Vakillar palatasida Respublikachilar partiyasi vakillari ko’p bo’lgani bois, davlat byudjetini qabul qilish bo’yicha ular prezident Barak Obama boshliq demokratlar bilan kelisha olmadi. Kelishmovchilikning asosiy sababi “Obamacare” deb ataladigan sog’liqqa oid yangi qonun ijrosi uchun respublikachilarning pul ajratishdan bosh tortishi bo’ldi. Natijada hukumat ikki hafta pulsiz qolib, federal hukumatdan pul oluvchi ko’plab tarmoqlar moliyasiz qoldi.
Bu narsa talabalarga qanday ta’sir ko’rsatdi?
AQShda davlat universiteti hisoblanuvchi oliygohlar moliyaviy yordamni federal hukumatdan emas, asosan, shtat hukumatidan oladi. Shu bois federal hukumatning ikki hafta davomida ishlamasligi bu o’quv yurtlarida o’quvchi talabalarga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatdi, deb bo’lmaydi. Ammo ta’sir qilgan jihatlari bor. Quyida shularni qisqacha sanab o’tamiz.
1. Federal hukumatdan olinadigan grantlar vaqtincha to’xtatildi. Yangi byudjet qabul qilinguncha, federal hukumatdan yordam oluvchi barcha universitet va tadqiqot dasturlarining moliyaviy yordam olishi kechiktirildi. Ilgari taqdim etilgan grantlar ular o’z vaqtida yetkazib berildi, ammo federal hukumat ishlamagan paytda Talim departamenti ham faoliyat yuritmagani bois yangi grantlar ajratilmadi.
2. Ilmiy tadqiqotlarni moliyalash to’xtatildi. Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish kabi tadqiqot markazlari to’la federal hukumat hisobidan moliyalanadi. Hukumat ishdan to’xtagan paytda ularning ham faoliyati to’xtatildi. Buning oqibatida nafaqat tumov kabi kasalliklarga qarshi olib boriladigan mavsumiy tekshiruvlar to’xtab qoldi, balki oziq-ovqat sifatini tekshiruvchi markazlar ham vaqtincha ishlamadi.
3. Akademik ma’lumotlar bazasi yangilanmadi. O’tgan ikki hafta davomida Aholini ro’yxatga olish, Mehnat statistikasi byurosi, Ta’lim Resurslari Axborot markazi, Milliy arxiv kabi hukumatga qarashli markaz va bo’limlar ishlamadi va ulardagi ma’lumotlar bazasi yangilanmadi. Natijada ushbu manbalar xizmatidan foydalanuvchi tadqiqotchilar va talabalar eng so’nggi ma’lumotlarni olish imkoniyatidan mahrum bo’ldi.
4. Sayohat qiluvchilarga ham ta’sir qildi. Ikki hafta davomida pasport beruvchi xizmatlar ham ishlamadi. Demak, o’qish bilan bog’liq xorijga chiqish istagida bo’lganlarning sayohat rejalari kamida ikki haftaga kechikdi.
5. Davlatdan ta’lim uchun olinadigan qarzlarchi? Davlatdan qarz olib o’quvchi talabalar xotirjam bo’lsin. Byudjetning kechikishi talabalar oladigan qarzlarga ta’sir qilmadi. Ular o’z vaqtida to’lab borildi.
Hukumat ilgari ham ishdan to’xtaganmi?
Ha. Bu AQShda 18-marta hukumatning ishdan to’xtashi. Byudjetning vaqtida qabul qilinmasligi bois hukumatning ishdan to’xtashi ilk bor 1976-yilda ro’y bergan. Ammo hukumatning ikki haftadan uzoqroq muddat ishlamasligi shu vaqtgacha faqat ikki marta ro’y bergan. Birinchisi prezident Jim Karter davrida (1978-yil 30-sentabrdan 18-oktabrgacha – 18 kun), ikkinchisi esa Bill Klinton davrida (1995-yil 16-dekabrdan 5-yanvargacha – 21 kun) yuz bergan.