AQShning eng zo’r universitetlariga kirish va grant olish uchun minimum talablar nimalardan iborat ekani haqida yaxshi ma’lumotga egasiz. Bu haqda avvalgi maqolalarimizda ham ma’lumot berganmiz. Keling, ularni yana bir bor esga olaylik.
Demak, AQShda magistratura bo’yicha yaxshi universitetga qabul qilinishni istasangiz va qabul qilinish bilan birga grant olish umidingiz bo’lsa, avvalo, bakalavrlik diplomingiz bo’lishi, bo’lganda ham, a’lo baholarga o’qigan bo’lishingiz kerak.
Shuningdek, AQShda o’qish uchun xorijlik talabalarga ingliz tili bo’yicha qo’yiladigan minimum talablarga javob berishingiz kerak. TOEFL yoki IELTSdan olgan balingiz qancha baland bo’lsa, grant olish imkoniyatingiz ham shuncha yuqori bo’ladi.
Bulardan tashqari, qabul uchun hujjat topshirish jarayonida yoziladigan esselaringiz a’lo darajada bo’lishi kerak.
Endi asosiy maqsadga o’tamiz.
AQShda “Ivy League” deya ataluvchi eng kuchli universitetlar guruhi bor. Bularga quyidagi o’quv yurtlari kiradi:
Bu universitetlar AQShning eng nufuzli oliy o’quv dargohlari hisoblanadi va bu yerga kirish chet ellik talabalar u yoqda tursin, ko’plab amerikaliklar uchun ham ushalmas oliy orzu. har yili yangi talabalar talabgorlar orasidan tanlab-tanlab, chertib-chertib olinadi. Demak, mazkur universitetlarga kirish juda qiyin.
Eslatma: Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, AQShning eng kuchli universitetlari faqat yuqoridagi 8 ta universitetdan iborat emas va ularning AQSh universitetlari reytingidagi o’rni ham nisbiydir. Biz aynan “Ivy League” deb ataladigan kuchli universitetlar guruhini tanlab olganimiz uchun, yuqorida faqat shu guruhga mansub universitetlarni sanash bilan cheklandik.
Bu universitetlarga kirish uchun nima qilish kerak?
Avvalo, yuqorida sanab o’tilgan minimum talablarga javob berishingiz kerak. Ya’ni, ko’plab da’vogarlar orasidan a’lo baholaringiz bilan ajrab turishingiz kerak. Bu borada xorijliklar AQShlik talabgorlarning aksariyati bilan bellasha olmasligi mumkin. Ammo bu oliy o’quv yurtlarining deyarli har birida xorijliklar yoki ozsonli etnik millat vakillari uchun maxsus o’rinlar ajratilgan bo’ladi. Xorijlik talabalar hujjat topshirganda, odatda, shu imkoniyat asosida o’qishga qabul qilinadi.
Demak, a’lo baholarga ega bo’lish bilan birga sizni boshqa a’lochi abiturientlardan ajratib turadigan o’ziga xos jihatlaringiz bo’lishi kerak.
Bular nimalardan iborat bo’lishi mumkin?
Bular siz o’qimoqchi bo’lgan sohaga aloqador bo’lishi shart emas. Muhimi, o’z maqsadingizga erishishda qat’iy ekaningizni isbotlashingiz uchun boshqa soha va yo’nalishlarda ham, havaskor bo’lsangiz-da, faol va uddaburon ekaningizni ko’rsatishingiz kerak.
Masalan, tibbiyot sohasida oq’ish uchun hujjat topshiryapsiz. Ayni paytda havaskor bokschi sifatida universitetlararo o’tkazilgan musobaqa chempionisiz yoki havaskor musiqachi sifatida ko’plab ichki tadbir va tanlovlarda ishtirok etgansiz. Shuningdek, ko’ngilli sifatida turli talabalar tashkilotlarida faolligingiz, masalan, talabalar uyushmasi yetakchisi sifatida ishlaganingiz siz uchun bu universitetlarga kirishda katta yutuq bo’lishi mumkin. Yoki bakalavrda o’qib yurgan paytingizda fakultetingiz gazetasida bosh muharrirlik qilgan bo’lishingiz mumkin. Bu ham katta shaxsiy yutug’ingiz hisoblanadi
Anketani to’ldirganda, rezyumeingizda, ayniqsa, qabul uchun yozgan esselaringizda shu jihatlaringizni ochib bera olishingiz kerak. Bu univesitetlar qabul davomida xorijlik talabalar bilan suhbat o’tkazishi mumkin. Ana shunday suhbatlar davomida ular sizning o’ziga xos jihatlaringizni bilib olishga harakat qiladi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanib, nima uchun boshqalardan ko’ra zo’rroq, afzalroq va shu o’qishga yoki grantga loyiqroq ekaningizni ko’rsatib berishingiz kerak.
Xullas, o’qishga qabul qilish qarorini berish uchun talabaning anketasi bilan tanishib chiqish jarayonida talabgorning ingliz tilida “extracurricular activities” deya ataladigan darsdan tashqari mashg’ulotlarda qanchalik faol ishtirok etganiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Zotan, hammaning bahosi birdek a’lo bo’lgandan keyin, ular orasidan kim zo’rroq bo’ladi? Albatta, o’qishdan tashqari mashg’ulotlar uchun ham vaqt topa olgan va ularda muvaffaqiyatli ishtirok eta olgan talaba. Siz ana shunday talaba bo’lishingiz kerak.
Mavzu bo’yicha suhbatimiz davom etadi. Bizni kuzatib boring.