AQSh prezidentligi uchun saylov kampaniyasi qizg’in pallaga kirdi. Ular turli sohalarda o’z qarashlarini olg’a surib, o’zlariga ko’proq tarafdor yig’ishga urinmoqda. Blogimiz yo’nalishidan kelib chiqib, biz bugun o’quvchilarimizni asosiy nomzodlarning oliy ta’lim bo’yicha qarashlari va rejalari bilan tanishtiramiz.
Demokratlar
Demokratlardan asosiy nomzod bo’lishi kutilayotgan Hillari Klinton talabalarning to’rt yillik kollejni qarzsiz tugatishi uchun barcha imkoniyatlarnni yaratish kerak, degan fikrda. Unga ko’ra, har bir talabaga, moliyaviy ahvoliga qarab, imtiyozli kredit berilishi kerak. Nomzod, shuningdek, o’quv yurtlarining ta’lim olish narxini haddan ziyod ko’tarib yuborishiga chek qo’yish lozim, deya fikr bildiradi.
Demokratlardan yana bir nomzod Berni Sandersning oliy ta’lim bo’yicha qarashlari ancha keskin. U to’rt yillik davlat kollejlarida o’qishni butunlay bepul qilish tarafdori. Hozirgi paytda bakalavr darajasi majburiy ta’limning bir qismi kabi davlat tomonidan to’liq qoplanishi kerak, deydi nomzod.
Sanders o’tgan asrning 80-yillarigacha ayrim shtatlarda ba’zi davlat oliy oq’uv yurtlari bepul ta’lim berganini misol qilib keltiradi. Shuningdek, Germaniya, Finlandiya va Chili kabi davlatlarda hanuz ta’lim bepul ekanini u AQSh uchun o’rnak qilib ko’rsatadi.
Respublikachilar
Respublikachi nomzodlar orasida peshqadamlik qilib kelayotgan Donald Tramp ta’lim bo’yicha aniq rejalarini taqdim etgani yo’q. Shunisi aniqki, u shtatlardagi ta’lim tizimlarining federal hukumat tomonidan boshqarilishiga qarshi. U Ta’lim vazirligini butunlay yo’q qilishi yoki qisqartirishi haqida gapirgan, amerikaliklar qaysi maktabda o’qish bo’yicha qaror berishda ko’proq tanlov imkoniyatiga ega bolishi kerak, degan.
Yana bir respublikachi nomzod Ted Kruzning ham ta’lim bo’yicha aniq qarashlari ma’lum emas. U ta’lim tizimini va talabalar qarzi bilan bog’liq hozirgi holatni isloh qilish niyatida ekanini aytgan, ammo buning qanday amalga oshirilishi bo’yicha aniq reja taqdim etgani yo’q. U ta’lim krediti olish natijasida talabalarning qanchalik qarzga botayotgani haqida gapirar ekan, o’zining ham ta’lim uchun olgan 100 ming dollardan ziyod qarzidan yaqinda qutilganini eslatib o’tadi.
Prezidentlikni ko’zlayotgan yana bir nomzod senator Marko Rubio ta’lim tizimini isloh qilish haqida gapirib, oqishning nafaqat haddan ziyod qimmatga tushayotganini, balki sifati pasayganini ham ta’kidlaydi. Unga ko’ra, AQSh oliy ta’lim tizimi XXI asr standartlariga javob bermaydi. Rubio takllif qilgan rejaga ko’ra, har bir oliy o’quv yurti o’qishga kirayotgan talabaga bitirgandan so’ng qanday ish topishi mumkinligi va oladigan maoshi miqdori haqida batafsil ma’lumot berishi kerak. U, shuningdek, malaka oshirish va hunar o’rgatish dasturlari uchun federal hukumat ko’proq moliyaviy yordam ajratishi kerak, degan fikrda.
Rubio sarmoyadorlarni talabalar ta’limiga pul tikishga ham taklif qilgan. Bu rejaga ko’ra, talabaning o’qish xarajatlarini qoplagan tomon keyinroq shu talabaning maoshidan ma’lum ulushni olib turadi.