AQShda professorlar doimiy ishlash imtiyozidan mahrum qilinishi mumkin

Posted March 2nd, 2017 at 1:40 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQShning bir qator shtatlarida universitet professorlari doimiy ish bilan ta’minlanish imtiyozidan mahrum qilinishi mumkin.

Missurilik qonunchi Rik Brettin taqdim etgan qonun loyihasiga ko’ra, 2018-yil 1-yanvardan boshlab davlat universitetlarida o’qituvchilarni umrbod ishlash sharti bilan yollash tartibi bekor qilinadi. Viskonsin va Ayova shtatlarida ham shunday tashabbus ko’tarilgan.

Brettinning aytishicha, AQShda oliy ta’lim olish juda qimmat bo’lib, professorlarga umrbod ish kafolatini berish Amerika qadriyatlariga zid hamda soliq to’lovchilar uchun ortiqcha xarajatdir.

“Doimiy ishga ega har bir professor hamma narsani qoyillatib bajaryapti, deb ayta olmaysiz. Bunday odamni umrining oxirigacha himoya qiladigan tizim kutilgan samarani bermaydi”, – deydi u.

Tanqidchilar esa, doimiy ish berish imtiyozining bekor qilinishi oliy ta’limdagi ish joylarini kamaytirib, o’qitish sifatini pasaytiradi.

“Bu imtiyozni bekor qilish va shtat yordamini kesish oliy ta’limda ish joylarini o’ldiradi. Bu qaror innovatsiyani susaytiradi; raqobatbardoshligimiz kamayib, hurmatimiz ham yo’qolib boradi”, – deydi Missuri universitetining biologiya professori Menni Liskun shtat qonunchilariga qilgan murojaatida.

Doimiy ish bilan ta’minlanish imkoniyati uzoq vaqt oladigan va mashaqqatli jarayon bo’lib, professorlarning yarmidan ko’pi bungacha yetib bora olmaydi. Kollej o’qituvchilari yetti yil yoki undan ko’p muddat ishlab, shu imtiyozga loyiqligini ko’rsatib berishi kerak. Mana shunday og’ir mehnatdan keyingina ularga, o’zlari ixtiyoriy nafaqaga chiqquncha, doimiy ish bilan ta’minlanish imtiyozi beriladi.

O’qituvchi va bloger Jon Uornerning yozishicha, amaldagi imtiyoz tartibi oliy ta’limda ikki xil tizimni yuzaga keltirgan. Faqat doimiy ishga ega professorlargina himoyaga ega, deydi u.

“Doimiy ish muhimligini tushunamiz, balki bu zarurdir. Lekin o’qituvchilarning qolgan yarmi himoyasiz qolishi adolatdan emas”, – deb yozadi u.

Milliy Ta’lim assotsiatsiyasi joriy tartibga yangicha ruh bag’ishlash tarafdori.

“Kollejlar va universitetlar oldilariga aniq maqsadlar qo’yishi, muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizliklarini tahlil qilib, bu haqda ommaga oshkora ma’lumot berishi kerak. Doimiy ishga ega professorlar ham boshqalar kabi ishlari yuzasidan hisobot berishi kerak”, – deyiladi assotsiatsiyaning saytida e’lon qilingan bayonotda.

Yangi tartibni joriy qilishdan maqsad mablag’ tejash ekani aytilmoqda. Ammo shu bilan birga ta’lim sifatining ham pasayishi yuzasidan xavotirlar bor.

Shtatlar, odatda, byudjetning 13 foizini oliy ta’limga sarflaydi. Shuningdek, o’qish puli va ehsonlar hisobidan ham o’quv yurtlariga mablag’ yig’iladi.

Universitet professorlarining Amerika assotsiatsiyasi vakili Joerg Tiyedga ko’ra, o’quv yurtlarida ma’muriy ishlar bilan shug’ullanuvchi xodimlarning ko’paygani ham o’qituvchilar soni va maoshini qisqartirishga urinish sabablaridan biridir.

2013-yilgi so’rovga ko’ra, universitetlar tizimini boshqaruvchi bosh ijrochining o’rtacha yillik maoshi 388 ming dollarni tashkil etgan. Bitta o’quv yurtini boshqaruvchi bosh ijrochi esa yiliga o’rtacha 290 ming dollar oladi.

AQShda professorlarga doimiy ish kafolatini berish tartibi II Jahon urushidan keyin boshlangan. Ammo 1950-60-yillarda ko’plab o’qituvchilar siyosiy e’tiqodlari bois ish joylarini boy bergan. AQSh Oliy sudi 1972-yilgi qarorida doimiy ishga yollanish huquqiga qonuniy asos bergan. Shunday imtiyoz asosida ishga yollangan professorni ishdan bo’shatish juda uzun va murakkab jarayon hisoblanadi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.