“Grin Karta” o’ynaganmisiz?

Posted March 20th, 2011 at 1:41 am (UTC-5)
5 comments

AQShga doimiy yashash uchun kelishning eng oson imkoniyati bu “Grin Karta” nomi bilan mashhur DV (Diversity Visa) lotereyasida ishtirok etish bo’lsa kerak. AQSh hukumati tomonidan tashkil etiladigan ushbu dastur doirasida har yili minglab vatandoshlarimiz AQShga doimiy yashash uchun kelishadi. Masalan, 2011-yil uchun o’ynalgan DV lotereyasida 5091 vatandoshimiz ana shunday huquqni qo’lga kiritdi. Ajoyib tomoni, ushbu lotereyada qatnashish uchun ingliz tilini bilish mutlaqo shart emas. Maktabning 11-sinfini bitirgan bo’lsangiz kifoya.

Ushbu imkoniyatga qiziqib, sehrli diyor bo’lmish Amerikaga kelish orzusida har yili minglab, ehtimol millionlab insonlar DV lotereyasini o’ynaydi. “Grin karta” lotereyasi ayrimlar uchun hatto biznesga aylangan. Lotereyaga sizning nomingizdan barcha hujjatlarni to’g’rilab topshirib berishni, hatto muvaffaqiyatli o’tkazib berishni va’da qiluvchi shaxslar va firmalar bor. Ularga ishonib, xizmat uchun katta miqdorda pul to’layotganlar ham yo’q emas. Afsusuki, bularning barchasi yolg’onga asoslangan takliflar ekanini hamma ham bilmaydi. Ularning faqat ingliz tilini bilmaydiganlar uchun vositachilik qilayotganlari haqidagi da’volari ham yolg’ondir. Chunki AQSh elchixonasi vebsahifasida ushbu viza haqidagi barcha kerakli ma’lumotlar ingliz tilidan tashqari rus va o’zbek tillarida ham to’la bayon etilgan:

Ingliz tilida: Diversity Immigrant Visa Program

Rus tilida: Визы для иммигрантов разных национальностей DV

O’zbek tilida: Turli millat vakillari uchun immigratsiya vizalari

AQSh hukumati DV vizasiga topshirayotgan chet el fuqarolarini ushbu dastur bo’yicha turli xizmatlarni taklif etuvchi shaxslar faoliyatidan ogoh bo’lishga chaqiradi. Chunki ular ishtirok etish mutlaqo bepul bo’lgan dastur uchun aldov yo’li bilan pul undirishni maqsad qilgan “scammer”lardir (internet firibgarlari). Quyida haqiqiy DV dasturi bilan yolg’on firibgarlikni farqlashga yordam beradigan foydali ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz:

Avvalo, DV dasturida ishtirok etishni targ’ib qilayotgan “onlayn” xizmatlarga duch kelganingizda, ushbu xizmatni taklif etayotgan vebsahifaning domeniga qarang. Agar u .gov domenida bo’lsa, ishonchli sayt hisoblanadi. Chunki AQSh hukumatiga qarashli barcha saytlar .gov domenidadir. AQSh rasmiy idoralaridan boshqa hech kim bu domenda vebsahifa uchun joy sotib ololmaydi. Bundan boshqa .com, .org, .net kabi domenlardan o’rin olgan saytlarda ham viza va DVga oid foydali ma’lumotlar bo’lishi mumkin, ammo AQSh hukumati ularning birortasini rasman tasdiqlamaydi yoki qo’llab quvvatlamaydi.

Ikkinchidan, DV dasturini amalga oshirish vakolatiga ega bo’lgan yagona sayt bor: http://www.dvlottery.state.gov/ . Har yili lotereya o’ynash vaqti kelganda, anketalar mana shu saytdan topshiriladi. Bundan boshqa biror saytda “Grin Karta”ni o’ynash mumkin emas. Lekin http://travel.state.gov/, http://www.state.gov/ kabi hukumat saytlaridan ham bu dastur haqida rasmiy ma’lumotlarni topishingiz mumkin.

Uchinchidan, DV lotereyasi haqida elektron pochtangizga keluvchi turli xabarlar, agar oxiri .gov bilan tugovchi manzildan bo’lmasa, bilingki, ular ham internet firibgarlaridandir. Internetdagi xalqaro moliyaviy firibgarliklar haqida AQSh davlat departamenti veb-sahifasidan kengroq ma’lumot topishingiz mumkin.

2012-yil uchun DV lotereyasiga topshirish muddati 2010-yilning 3-noyabr kuni nihoyasiga yetdi. 2013-yil uchun lotereyaning boshlanish muddati hali e’lon qilinmagan. Bu haqdagi e’lon vaqti kelganda yuqorida ko’rsatilgan vebsaytlarga qo’yiladi.

5 responses to ““Grin Karta” o’ynaganmisiz?”

  1. dilbar says:

    salom man xozi koreadaman shetan grind kartaga xarakat qilsam buladimi ?

    • Behzod says:

      Albatta, bo’ladi. G’olib bo’lsangiz, grin kartani O’zbekistonga borib olishingiz kerak bo’ladi.

      • Kimdir says:

        @Behzod. O’zbekistonga borib visa interviyuvni topshirishingiz shart emas. Xujjat topshiruvchining doimiy yashash joyidan topshirish mukin. Agar siz Koreada yashayotgan bo’lsangiz Seouldagi konsullikdan olishingiz mumkin.

  2. Adham says:

    I am a student

Leave a Reply to Kimdir Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.