Yaqinda AQSh Kongressiga qilgan xitobida, AQSh prezidenti Barak Obama chet ellik talabalarni o’qishlari bitgandan so’ng o’z vatanlariga qaytarib yuborish haqidagi siyosatni notog’ri deya baholadi:
“Bugun o’quv dargohlarimizda ilmlarini oshirayotgan Amerikalik bo’lmagan yuz minglab talabalar bor. Ularning ayrimlari hujjatsiz ishchilarning farzandlaridir, ular ota-onalarining qilgan ishlariga javobgar emaslar. Ular Amerikalik bo’lib voyaga yetgan, bizning bayrog’imizga sodiqlik ko’rsatadi, shunday bo’lsa-da, ular har kuni deportatsiya qilinish xavfi ostida yashashadi. Boshqalar esa kollej va universitetlarimizda o’qish uchun xorijdan kelishadi. Lekin oliy darajali diplomlarini qo’lga kiritishlari bilan, ularni bizga qarshi raqobat qilishlari uchun uylariga qaytarib yuboramiz. Bu mantiqsizlik”.
AQShda noqonuniy yashab va o’sib kelayotgan yosh avlodni fuqarolikka qabul qilish to’g’risidagi muvaffaqiyatsiz chiqqan DREAM qonun loyihasi mamlakatda anchadan beri turli bahslarga sabab bo’layotgan edi. Obamaning Kongressga qilgan murojaatida yana shu mavzu ko’tarilib, bu safar xalqaro talabalar masalasining ham noqonuniy immigrantlar bilan bir qatorda tilga olinishi yangilik bo’ldi. Tahlilchilar fikriga ko’ra, bilimli va iqtidorli chet ellik talabalarga AQShda ishlash va yashash uchun qolish imkoniyatlarini kengaytirish masalasi kelgusi qonun loyihalarida noqonuniy immigrantlar masalasi bilan bir qatorda ko’rib chiqilishi mumkin. Obama, bu borada boshlagan ishlarimizni davom ettiramiz, dedi:
“Men, birdaniga va hamma uchun, noqonuniy immigratsiya masalasini hal qilish lozimligiga qat’iy ishonaman. Men panalarda yashab kelayotgan millionlab hujjatsiz ishchilar masalasini hal qilish, qonunlarimizni amaliyotga tatbiq etish va chegaralarimizni himoya qilish uchun Respublikachi va Demokratlar bilan birga ishlashga tayyorman. Bilaman, bu munozaraning yechimi qiyin. Bilaman, u vaqt oladi. Lekin bugun, kelinglar, shu masalaga yechim topish uchun kelishib olaylik. Kelinglar, yangi biznes ochib mamlakatimizning boyishiga hissa qo’shayotgan, ilmiy tadqiqot labaratoriyalarimizda ishlayotgan iqtidorli, mas’uliyatli yosh insonlarni haydab chiqarishni bas qilaylik”.
Mamlakatda millionlab noqonuniy muhojirlar bor ekan, ular masalasi biryoqli bo’lmaguncha, ushbu mavzu hali-veri barham topmaydi. Bu haqdagi kelgusi qonun loyihalarida xalqaro talabalar masalasi ham ko’tarib chiqilsa, ajab emas. Chunki prezident o’z nutqida shu mavzuga ham alohida to’xtalib o’tdi.
AQShdagi xalqaro talabalar orasida minglab o’zbekistonliklar ham bor. Ularning ko’pchiligi, agar imkoniyatlar yanada kengaysa, o’qishdan so’ng qolib shu yerda ishlashni va yashashni xohlaydi. Ular bu borada mamlakat rahbari Obamaning fikrini qo’llab quvvatlashlari tabiiy.
Odilbek Amerikaning nufuzli biznes maktablaridan birini bitirib, hozirda amaliyot o’tamoqda. Uning aytishicha, Amerikaga kelishni faqat o’zbekistoniklar emas, hamma xalq vakillari xohlaydi. Istalgan mamlakatda AQSh elchixonasiga borsangiz, doim odamlar navbatda turganini ko’rasiz, deydi u.
“Iqtisodda eng qimmatli resurslardan biri bu xalq hisoblanadi, – deydi Odilbek. – AQSh hukumati mana shu resursning qadrini yaxshi biladi. Shuning uchun yaxshi kadrlarni ushlab qolish payida bo’ladi. Obamaning aytgan gaplaridan shuni tushunish mumkin. Shuning uchun ham Amerikaning immigratsiya bo’yicha qonunlari boshqa davlatlarga qaraganda ancha yumshoq. Cheklovlarni yanada yumshatishga harakat qilishyapti”.
Ulug’bek Qosimov AQShga o’qish niyati bilan kelgan yana bir vatandoshimiz. O’n yildan oshibdiki, hanuz shu yerda. Hozir o’z biznesiga ega, taksi kompaniyasining rahbari. Oltita odamni ish bilan ta’minlagan. Har bir amerikalik kabi soliq to’lab, mamlakat g’aznasining boyishiga hissa qo’shmoqda.
“Magistratura va doktorlik darajalariga ega bo’lgan xalqaro talabalarga birinchi navbatda “Grin Karta” berish kerak, – deydi Ulug’bek. – Chunki mamlakatning rivojlanishida professional kadrlar muhim o’rin tutadi. Agar ular mamlakatdan chiqib ketsa, davlat faqat yutqazadi. Qonunlarni yumshatib, xalqaro talabalarga qolish va yashash uchun imkoniyatlarni yaxshilab berishdan Amerika faqat foyda ko’radi. Shuning uchun men Obamaning bu boradagi fikrlarini to’la qo’llab quvvatlayman”.
Siz bu haqda nima deb o’ylaysiz, aziz vatandosh? AQShda o’qiyotgan xalqaro talabalarga bu yerda qolib ko’proq ishlash va yashash uchun imkoniyatlar yaratilishi kerakmi? Nima uchun shunday bo’lishi kerak, deb hisoblaysiz? AQSh bundan qanday manfaat topadi? Sizchi? Shu haqdagi qimmatli fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.