Obama: “Ta’lim oldimizda turgan eng dolzarb vazifa”

Posted July 26th, 2011 at 12:09 am (UTC-5)
Leave a comment

Oq Uy surati

Kuni kecha Prezident Barak Obama Oq Uyda jamoat va biznes doirasi vakillari bilan AQShda ta’lim tizimini yanada rivojlantirish mavzusida yig’in o’tkazdi. Oq Uy blogining xabar berishicha, Obama uchrashuvda bir qator xususiy kompaniya va jamoat sektori namoyandalari bilan Amerikaning barqaror kelajagini ta’minlashda ta’limning roli va unda xususiy sektorning ishtiroki mavzusida fikr almashgan.

Yig’inda ishtirok etgan bir qator davlat maslahatchilari, ta’lim va xususiy sektorning yetakchi tarmoqlari vakillari kelajakda AQSh ta’lim tizimi muvaffaqiyatini saqlab qolish uchun ta’limni ishlab chiqarish va amaliyotga yaqindan bog’lab olib borish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, ushbu uchrashuv Obama oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri yoshlar ta’limi ekanini yana bir bor ko’rsatishga xizmat qildi.

“Jahon standartlariga mos ta’lim nafaqat farzandlarimiz eng yaxhsi ish topishlari uchun, balki Amerika dunyoda boshqa davlatlarni raqobatda quvib o’tishi uchun ham eng muhim yagona faktordir, – dedi Obama ushbu yigi’inda. – Biznes yetakchilari buni yaxshi tushunishadi: gap ta’lim haqida ketar ekan, biz eng oldinda bo’lishimiz kerak. Shuning uchun har bir farznadimiz ta’lim olish imkoniyatiga ega bo’lsin, deb biz birga ishlayapmiz”.

Prezidentning aytayotgani shu: U xususiy sektordan ta’lim sohasida ko’proq faol bo’lishni so’ramoqda. Sarmoya kiritish, universitetlar bilan hamkorlik qilish, turli ta’lim grantlarini tashkil etish hamda o’zlari uchun kerakli bo’lgan mutaxassisliklar bo’yicha tadqiqotlar olib borishga homiylik qilish ana shunday hamkorlik yo’llaridan bir nechtasi.

Bir qator xususiy kompaniyalar bu borada amaliy ishlarga ham qo’l uryapti. Masalan, ilm-fan, texnologiya, injenerlik va matematika ta’limini qo’llab quvvatlashga xizmat qiluvchi “Change the Equation(Masalani yech) va jamoat kollejlari bilan biznes aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan “Skills for America’s Future” (Amerika kelajagi uchun malakalar) kabi dasturlar aynan xususiy firma va kompaniyalar ishtirokida yo’lga qo’yilgan.

Ta’lim kelajagiga bag’ishlangan Oq Uy yig’inda quyidagi to’rt masala eng dolzarb vazifalar sifatida tilga olindi:

1) Mamlakatning eng past ko’rsatkichli maktablari ahvolini yaxshilash uchun jamoatchilik e’tibori va sarmoyasini ko’proq jalb etish: Shu maqsadda “America’s Promise Alliance” Fondi 50 mln. dollar mablag’ jamg’arishga bel bog’ladi. Ushbu mablag’ yoshlar orasida maktabni erta tark etishning oldini olishga va ularni kollejlarga tayyorlashga sarflanadi.

2) Talabalar uchun moddiy jihatdan yaxshi yashash imkoniyatini beruvchi ish imkoniyatlarini oshirish: Amerika Banki (Bank of America) shu maqsadda keyingi uch yil ichida 50 mln. dollar ajratishini ma’lum qildi. Ushbu mablag’ o’qishni bitirayotgan talabalar uchun yangi ish o’rinlari topishda yordamlashish va ular ta’limini amaliyot bilan bog’lashga xizmat etuvchi turli dasturlar yaratishga sarflanadi.

3) Talaba va o’qituvchilarga yangi avlod o’qish va o’qitish resurslarini yaratish uchun zarur tadqiqot ishlarini qo’llab quvvatlash:  Shu maqsad yo’lida “Microsoft Education” 15 mln. dollar ajratmoqchi ekanini e’lon qildi. Ushbu kompaniya yaqinda Vashington shtatida 25 mln. dollarlik STEM grant dasturini ham e’lon qilgan edi.

“Microsoft Education” keyingi uch yil ichida “Partners in Learning Network” (Ta’lim tarmog’idagi hamkorlar) dasturi bo’yicha AQShda 150 000 o’qituvchi va yetakchini yangi o’qish va o’qitish uslublari bo’yicha tayyorlov kurslarida o’qitmoqchi.

4) Ta’lim tizimini qayta ishlab chiqish bo’yicha shtatlarni qo’llab quvvatlash: Bu borada shtatalarda amaliy ishlar qilinmoqda. O’tgan to’rt yil ichida “Nike School Innovation Fund” (“Nayk” Innovatsion Maktab Fondi) Oregondagi uchta davlat maktabida yangi ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amalda sinash ishlariga 7 mln. dollar mablag’  sarfladi. Shuningdek, Fond yetakchilari va xodimlari ushbu maktablarda minglab soat bepul maslahat va yordam kurslarini tashkil etishdi.

Hozir “Nayk” fondi butun shtat ta’lim tizimini yaxshilash ishiga qo’shimcha 3 mln. dollar ajratyapti. Ushbu fond ishi butun shtat bo’ylab talim tizimini yangi bosqichga ko’tarish bo’yicha gubarnator loyihasi uchun namuna vazifasini o’tashi mumkin.

Xususiy sektorning ta’lim tizimidagi faoliyatini yanada jonlantirish Obama ma’muriyatining ta’lim siyosatidagi dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Oq Uyda o’tgan navbatdagi yig’in ham shuni tasdiqlovchi yana bir amailiy qadam bo’ldi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.