Vatanimizda abiturientlarning yuragi taka-puka bo’lib, mandat kunini kutayotganlari aniq. Ko’p yoshlar olis viloyatlardan imtihonlari natijasini bilish uchun Toshkentga yo’l bosib keladi. Bu, albatta, oson emas. Ayniqsa, shuncha yo’l bosib kelsa-yu, olgan natijasi – peshonadan sovuq ter chiqaradigan yomon xabar bo’lsa.
Bundan 10 yillar muqaddam men ham abiturient edim. Bu narsalarni o’z boshimdan o’tkazganman. Kaminaga imtihondan yiqilib, sovuq xabar olish nasib qilmagan bo’lsa ham, boshqa viloyatdan bir necha soat yo’l bosib Toshkentga kelgan va o’qishga kirolmagani haqidagi bir parcha ma’lumotni o’qib qaytib ketgan va bu narsani bir necha yillar davomida har yili takrorlagan abiturientlarni bilaman.
Bugun internetda yaxshi bir xabar o’qib qoldim. Anons.uz saytining yozishicha, “Bilayn” aloqa operatori o’zbekistonlik abiturientlarga 2-avgustda o’tgan kirish imtihonlari natijalarini telefon orqali bilish imkoniyatini taklif qilayotgan ekan. Kompaniya “Zava Mobile” provayderi hamda Davlat Test Markazi bilan hamkorlikda “Abiturient – 2011″ xizmatini yo’lga qo’ygan. Ushbu xizmatga ulangan foydalanuvchilar test natijalarini SMS orqali olishlari mumkin.
Test natijasini bilish uchun abonent 5151 raqamiga javoblar varaqasi nomerini jo’natishi kerak. Javobda uning testdan olgan bali va o’qishga o’tgan yoki o’tmagani haqida xabar keladi. Masalan, javoblar varaqasidagi 100005 nomerini 5151 raqamiga SMS orqali jo’natsangiz, quyidagi ko’rinishda javob keladi:
N:100005, VUZ:355, BALL:195.5. Siz GRANT asosida o’qishga qabul qilindingiz. Vi postupili na GRANT.
Xizmatdan Davlat Test Markazi imtihon natijalarini e’lon qilgandan keyin foydalanish mumkin. Ungacha jo’natilgan SMSga tarmoqqa ulanish mumkin emas, degan javob keladi va ushbu xabarga ham xizmat haqi olinishi mumkin.
“Abiturient – 2011″ xizmatidan foydalanish bahosi $0,75. Qo’shimcha ma’lumotni www.zava.uz saytidan topishingiz mumkin.
Fikrimcha, juda yaxshi xizmatni yo’lga qo’yishibdi. Afsuski, hozircha undan faqat “Bilayn” aloqa xizmatidan foydalanuvchi abonentlargina foydalanishi mumkin. Nazarimda, agar Davlat Test Markazi tashabbusni o’z qo’liga olib, bu xizmatni barcha aloqa operatorlari uchun taklif etganda, boshqa aloqa operatorlaridan foydalanuvchi abiturientlar uchun ham ayni muddao bo’lardi.
Hurmatli abiturientlar! Test natijalari e’lon qilingandan so’ng o’z imtihon natijalaringiz haqida bizga yozib, kayfiyatingiz av his-hayajoningizni biz bilan baham ko’rasiz, deb umid qilamiz.
“Talabalar shaharchasi” sizdan yaxshi xabarlarni kutib qoladi.