“Xayr, Grin karta”

Posted May 22nd, 2013 at 1:58 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQSh bayrog’ini yopinchiq qilgan muhojir “Ozodlik” haykaliga termilmoqda, Nyu-York, AQSh. ©AFP

Har yili may oyida Amerikaga kelish orzusida yurgan xorijliklar hayajoni yanada ortadi. Chunki bu oyda “Grin karta” lotereyasi natijalari e’lon qilinadi. Ko’pchilikning bir umrlik taqdirini o’zgartirib yuboradigan daqiqalar… Kimningdir omadi chopib, Amerikada yashash chiptasini qo’lga kiritsa, kimdir, “essiz, bu safar ham omadim chopmadi”, deb peshonasiga uradi.

Har yili dunyo bo’ylab 50 ming odam “Grin karta” lotereyasi orqali AQShda doimiy yashash huquqini qo’lga kiritadi. Ularning 5 mingtasi O’zbekistondan. O’zbekiston ushbu dasturda eng ko’p o’rin ajratiladigan mamlakatlardan sanaladi.

Ammo keyingi yildan bu dastur yopilishi mumkin. Chunki Kongressda hozir muhokama qilinayotgan yangi qonun loyihasida “grin karta” lotereyasiga barham berish haqida gap ketmoqda.

Umuman olganda, har yili 50 ming odamga lotereya orqali “grin karta” berilishi AQSh uchun katta raqam emas. Chunki bu yerda turli yo’nalishlar bo’yicha bir yilda 1 million atrofidagi odamga AQShda doimiy yashash huquqi beriladi.

“Grin karta” lotereyasi dunyoning qashshoq va hech qanday imkoniyatga ega bo’lmagan turli xil odamlariga AQShda yashash orzusiga erishishi uchun imkoniyat yaratib beraylik, degan odamiylik maqsadi bilan 1995-yilda tashkil etilgan. Qariyb 20 yil davom etgan dastur, nihoyat, o’z poyoniga yetgan ko’rinadi.

Lotereyaga barham berish ortida turgan sabablar quyidagicha:

Avvalo, ushbu dasturda qatnashish uchun hech qanday malaka shart emas. Har qanday odam, maktabni bitirgan bo’lsa kifoya, ushbu lotereyada ishtirok etishi mumkin. AQSh qonunchilariga ko’ra, mamlakat malakasiz muhojirlarni qabul qilgandan ko’ra, ilm-fan, matematika, injenerlik kabi yo’nalishlarda oliy ta’lim va tajribaga ega migrantlarni qabul qilgani afzal. Yangi qonun loyihasida xorijlik malakali ishchi va mutaxassislarga beriladigan H-1B vizalari miqdorini oshirish va shu asosda ko’proq “grin karta” berish masalasi ham o’rin olgan. Demak, so’nggi yillarda iqtisodiy qiyinchiliklardan ancha aziyat chekkan qo’shma shtatlar har kimga ham eshigini ochish niyatida emas ko’rinadi.

Qonundagi eng asosiy masala, albatta, 11 millionlik noqonuniy muhojirga qonuniy maqom berish. Loyihaga ko’ra, 2011-yilning 31-dekabrigacha AQShga kirib kelgan va hozirda hujjatsiz yashayotgan muhojirlar, yangi qonun qabul qilingandan keyin, shartli ravishda qonuniy maqom olishlari va o’n yildan keyin fuqarolik uchun hujjat topshirishlari mumkin.

Agar qonun qabul qilinsa, u AQSh immigratsiya tizimida inqilobiy o’zgarish yasaydi. Noqonuniy muhojir sifatida Amerikadan deportatsiya qilinishi lozim bo’lgan muhojirlar “grin karta” olishi, hatto AQShning to’laqonli fuqarosiga aylanishi mumkin. Qonunchilar nazarida, allaqachon AQShda ishlab, yashab kelayotgan muhojirlarning panadan chiqib qonuniy ravishda ishlashga o’tishi mamlakat iqtisodiyoti uchun koni foyda.

Buning uchun ular “Grin karta” lotereyasining bahridan o’tishga tayyor. Demak, “Xayr, Grin karta”, deydigan kunlarga yaqin qolgan ko’rinadi…

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.