Dunyoning eng tirishqoq va qobiliyatli talabalari qayerda ekanini bilasizmi? Ular Amerikada emas. Yevropada ham emas. Xalqaro talabalarni baholash dasturi bo’yicha yaqinda olib borilgan tadqiqot natijalariga ko’ra, dunyoning eng aqlli talabalari Xitoyning Shanxay shahridan ekan.
Matematika, o’qish va aniq fanlar bo’yicha o’tkazilgan imtihonlarda shanxaylik talabalar dunyoning 65 davlati talabalari orasida eng yuqori baho to’plagan. Ular hatto AQShliklarni ham ortda qoldirgan.
Bunday imtihon har uch yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan 15-16 yoshli o’quvchilar o’rtasida o’tkaziladi. So’nggi testda eng yuqori 10 o’rinning yettitasini sharqiy Osiyo davlatlari vakillari egallagan.
AQShlik o’quvchilar jami davlatlar orasida 36-o’ringa loyiq deb topilgan. Ular matematika bo’yicha xalqaro o’rtacha natijaga qaraganda kamroq ball to’plagan. O’qish va boshqa aniq fanlar bo’yicha esa o’rtacha darajani qayd etgan.
Dunyo bo’ylab o’tkazilgan imtihonlarda 65 davlatdan yarim million o’quvchi ishtirok etgan.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ma’lum qilishicha, kelajakka ishonchi yuqori bo’lgan va o’z imkoniyatlarini yuqori baholagan yoshlar imtihonlarda eng yaxshi natijani ko’rsatgan. Masalan, shanxaylik o’quvchilar nafaqat o’z oldilariga qo’ygan maqsadlariga erisha olishiga ishonadi, balki shu yo’lda lozim bo’lgan barcha ishni qilishga tayyor, deydi tashkilot vakillari.
AQSh Ta’lim vaziri Arne Dunkan o’quvchilar salohiyatiga oid yangi hisobot haqida fikr bildirib, imtihon natijalari AQShda ta’lim tizimi turg’unlikka yuz tutganini ko’rsatishini ta’kidladi.
Shu bois ham so’nggi yillarda AQShda o’quvchi va talabalarni matematika hamda boshqa aniq fanlarni ko’proq o’rganishga rag’batlantiruvchi turli dasturlar ishlab chiqilgan. Ammo ular kutilgan samarani bermayapti. Mamlakatda aniq fanlar bo’yicha tadqiqot olib borayotgan olimlarning aksariyati xorijliklardir.