So’rov: AQSh oliy ta’limi qanday muammolar bilan yuzlashmoqda?

Posted November 18th, 2019 at 1:57 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQSh duyoning eng kuchli oliy ta’lim tizimiga ega mamlakat hisoblanadi. Ammo so’nggi yillarda Amerika bu maqomni boy berish xavfi bilan yuzlashmoqda.

Universitetlar raqobat va talabalarning ehtiyojlari o’zgarayotganidan xavotirda. Ekspertlar esa oliy o’quv yurtlarini o’zgarayotgan talablarga mos ravishda yangi uslublarni qo’llashga undamoqda.

Oktabr oyida Ta’lim bo’yicha Amerika kengashi reytingi eng baland 500 ta to’rt yillik kollej va universitetlar o’rtasida so’rov o’tkazdi.

O’quv yurti rasmiylaridan kelasi besh yilda ular yuzlashadigan eng katta muammolar nima bo’lishi mumkinligi haqida so’raldi. Ularga, shuningdek, ta’lim dargohlari bu muammolarni hal qilish uchun qanchalik tayyorligi haqida savol berildi.

So’rov natijasida AQSh oliy o’quv yurtlari eng ko’p yuzlashishi mumkin bo’lgan oltita masala aniqlandi. Ro’yxatning boshidan boshqa oliygohlar bilan raqobat masalasi o’rin oldi. Keyingi o’rinda talaba yoshidagi aholi soni (18 dan 24 gacha bo’lganlar) kamayib borayotgani qayd etilgan.

Ovoz berganlarning 39 foizi noan’anaviy talabalar, ya’ni to’liq ishlab o’qiydigan katta yoshlilar ko’payayotganini alohida tilga olgan. Davlat va shtatdan moliyaviy yordamning kamayayotgani hamda oliy ta’limga xalq ishonchi pasayib borayotgani ham muammolar sifatida tilga olingan. Siyosiy o’zgarishlarning chetdan kelayotgan xalqaro talabalarga salbiy ta’sir ko’rsatayotgani ham xavotirli masala sifatida ko’tarilgan.

Ayni paytda ko’plab universitetlar bu kabi sinovlarga tayyorgarlik ko’rayotgani ham aniqlangan. Masalan, so’rovda qatnashganlarning 89 foizi ishlab o’qiydigan talabalar ehtiyojlariga mos ta’lim dasturlari yaratayotganini ma’lum qilgan.

Ta’lim bo’yicha ekspert Piter Stoukesning aytishicha, kollej va universitetlar bunday o’zgarishlar bilan yuzlashishi tabiiy hol.

Uning qo’shimcha qilishicha, Ikkinchi jahon urushidan so’ng AQShda tug’ilish soni oshgan va bu talabalarning ko’payishiga hissa qo’shgan. 2008-yilgi moliyaviy inqiroz ortidan esa tug’ilish darajasi pasaygan. Ayni paytda shu davrdan boshlab ham ishlab, ham universitetga boradiganlar soni orta boshlagan.

Stroukes fikricha, vaqt o’tib talabalar soni yana oshadi. Ungacha esa universitetlar hozirgi sharoitga moslashishi kerak. Noan’anaviy usullar bilan oliy ta’limni yo’lga qo’yish, masalan, internet orqali o’qitish yoki qisqa muddatli dasturlarni taklif qilish bu kabi muammolar uchun yechim bo’lishi mumkin.

So’rovda aniqlangan boshqa muammolar bo’yicha esa hali aniq yechimlar mavjud emas. Ularni hal qilishga ishonchi komil bo’lgan oliy o’quv yurtlari soni faqat yettitani tashkil etgan.

Ta’lim bo’yicha Amerika kengashi vakili Luis Suaresning aytishicha, odamlar tobora oliy ta’limga xalqqa xizmat emas, balki tirikchilik manbai sifatida qaramoqda.

Chunki, deydi u, ta’lim olish borgan sari qimmatlashib bormoqda. Natijada talabalar moddiy manfaatdorlikni, qarzlarni ertaroq uzishni birinchi o’ringa qo’ymoqda.

Oliy ta’limdagi raqobat ham jiddiy masala. “Amazon” va “Google’ kabi kompaniyalar o’z ta’lim dasturlarini yo’lga qo’yayotgan bo’lsa, Fransiya, Kanada va Avstraliya kabi mamlakatlar xalqaro talabalarni AQShdan tortib olish harakatida.

Natijada AQShning ba’zi oliy o’quv yurtlari hatto yopilishga yuz tutmoqda. AQSh Ta’lim departamenti ma’lumotiga ko’ra, mamlakatda oliy o’quv yurtlari soni o’tgan yili 1998-yildan beri eng quyi nuqtaga tushgan.

Agar universitetlar birgalikda ishlasa, yashab qolish imkoniyatlari yuqoriroq bo’ladi, deydi Suares. Masalan, Jorjiya Texnologiya instituti yangi dasturlar va uslublar bo’yicha o’z g’oyalarini boshqa 50 oliy o’quv yurti bilan baham ko’rmoqda.

Amerika Kollej va universitetlari assotsiatsiyasi prezienti Lin Paskarellaning aytishicha, oliy ta’limga jamoatchilik ishonchini va davlat yordamini oshirish ustida ishlash kerak va bu ikki masala bir-biri bilan bog’liq.

Universitetlar o’zlarining jamiyatdagi muhim ahamiyatini ko’rsatib berishni yaxshi udadlay olmadi, deydi Paskarella. Unga ko’ra, ko’pchilik bugun oliy o’quv yurtlarini talabalar vaqtini behuda o’tkazadigan maskan sifatida ko’radi.

Mutaxassis fikricha, agar amerikaliklar oliy ta’lim haqida ijobiy fikrga ega bo’lsa, shtatlar va federal hukumat yana kollej va universitetlarni qo’llab-quvvatlashni boshlaydi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.