Koronavirus tufayli Pitsburgdagi universitetlar yopildi

Posted March 12th, 2020 at 3:30 pm (UTC-5)
Leave a comment

Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahrida joylashgan barcha universitetlar COVID-19 pandemiyasining izchil tarqalib borayotgani bois talaba yoshlar hamda oʻquv yurtlari oʻqituvchi xodimlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida onlayn taʼlim uslubiga oʻtish haqida qaror qabul qildi. Ayni koʻrinishdagi rasmiy bayonot shaharda mavjud boʻlgan barcha universitetlar saytlarida eʼlon qilindi. Ayni qaror ortidan aksar universitetlar ishchi xodimlari va oʻqituvchilari zimmasiga bahorgi taʼtildan keyingi oʻquv jarayonlarini onlayn uslubga oʻtkazish uchun barcha chora-tadbirlarni koʻrish va taʼtil oldidan oʻquvchi talabalarni bu haqda ogohlantirib, tushuntirish ishlari olib borish majburiyati yuklatildi. Ayrim universitetlar esa kelayotgan haftadan eʼtiboran onlayn taʼlim uslubiga oʻtishi haqda maʼlum qildi.

“Pitsburgdagi kampuslarimiz uchun 16-17-mart kunlaridagi darslar bekor qilinadi, bu universitet xodimlari oʻqituvchilarining alternativ oʻquv uslubiga oʻtish borasidagi tayyorgarlik ishlarini yakunlab olishlari uchun imkoniyat oʻlaroq koʻrilayotgan choradir. 18-martdan eʼtiboran jamiki taʼlim jarayoni alternativ oʻquv uslubiga oʻtkaziladi. Karnegi-Mellon jamoasi semestr yakuniga qadar masofadan taʼlim berish, yaʼni onlayn taʼlim uslubida oʻz ishini davom ettiradi. Biz joriy qilinayotgan bu choralar qachongacha davom etishi yoki qachondan toʻxtatilishi haqda muntazam xabar berib borishni oʻz zimmamizga olamiz”, deyiladi Pitsburgdagi nufuzli Karnegi Mellon (Carnegie Mellon) universiteti prezidenti Farnam Jaxanyan tomonidan eʼlon qilingan murojaatda.

Dyukeyn (Duquesne) universiteti maʼmuriyati nomidan eʼlon qilingan murojaatda ham kelasi haftaning dushanba va seshanba kunlari darslar boʻlmasligi va bu chora oʻqituvchi xodimlarning muqobil oʻquv uslubiga oʻtish ishlarini yakunlab olishlari uchun imkoniyat sifatida joriy etilayotgani va 18-martdan eʼtiboran barcha taʼlim jarayonlari onlayn uslubiga oʻtishi taʼkidlanadi.

Bundan tashqari universitet maʼmuriyati xorijdagi ishchi xodimlar, ilmiy izlanishlar olib borayotgan talabalarni zudlikda ortga qaytishga, AQSh hukumati va xususan Pensilvaniya mulozimlari tarafidan joriy etilgan ehtiyot choralaridan oʻtishga chaqirgan. Shu bilan birga Dyukeyn universiteti xuddi Karnegi-Mellon universiteti kabi xorijiy davlatlardagi boʻlimlari faoliyatini toʻxtatganini maʼlum qilgan.

Karlou (Carlow) universiteti prezidenti Syuzanna K. Mellon tomonidan tarqatilgan murojaatda universitet kelasi hafta uchun belgilangan barcha oʻquv dasturlarini butkul toʻxtatgani maʼlum qilinadi. Unga koʻra, oʻquv jarayoni 23-martda yangi uslubda qayta tiklanadi va yangi uslub sifatida onlayn taʼlim uslubi tanlangani urgʻulanadi.

“Ayni damlarda onlayn uslubda taʼlim olayotgan talabalar kelasi haftaning 16-martidan oʻz o’quv mashgʻulotlarini davom ettiradilar. Ammo yuzma-yuz oʻquv mashgʻulotlariga qatnovchi talabalar uchun bu tarzdagi mashgʻulotlar toʻxtatilganini maʼlum qilaman. Hozircha yotoqxonalar va sport zallari oʻz ishini davom ettiradi, ammo ularning ish kunlari universitet sogʻliqni saqlash va muhofaza qilish boshqarmasi jiddiy nazorati ostida qoladi. Qadimdan universitet har qanday musibat oldida oʻzining bukilmas matonatini namoyish etib kelgan, bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Biz oʻz jamoamiz sogʻligi va xavfsizligini taʼminlash borasidagi barcha urinishlarimizni davom ettiramiz”, – deyiladi Karlou universiteti prezidenti murojaatida.

Ayni paytda shahardagi barcha boʻgʻinlardagi maktablar, yaʼni boshlangʻich taʼlim, oʻrta taʼlim va yuqori taʼlim maktablari hamda kollejlar oʻz faoliyatini davom ettirishi maʼlum qilindi. Mazkur oʻquv muassasalari maʼmuriyatlariga koʻra, hozirda keskin choralar koʻrish uchun hech qanday asos mavjud emas, zero hanuzgacha Pitsburgda bu virus bilan bogʻliq birorta holat aniqlangani yoʻq.

Shahar maʼmurlari ham “COVID-19” pandemiyasi xavfi tufayli tegishli choralar koʻrishni boshladi. Jumladan, har yili keng tarzda nishonlanuvchi Avliyo Patrik kuni paradi bekor qilingani maʼlum qilindi, shu bilan birga shaharda belgilangan bahorgi marafonni ham oʻtkazish yoki oʻtkazmaslik masalasi jiddiy muhokama qilinayotgani aytilmoqda. Shu oʻrinda eslatib oʻtish joiz, koronavirusga oid holat hozircha Pensilvaniyaning sharqiy qismida qayd etilgan xolos. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, virus hozircha 16 kishida aniqlangan. Shahar maʼmurlariga koʻra, garchi parad bekor qilinsa-da, odamlar uchun odatiy boʻlgan kafe va barlarda bayram qilishlariga hech qanday toʻsqinlik qilinmaydi, ammo ayrim hollarda odamlar sonining koʻpayib ketmasligi choralari koʻrilishi mumkin.

Husniddin Qutbiddinov

 

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.