Koronavirus tufayli AQSh universitetlarida baholash tizimi o’zgaryapti

Posted April 23rd, 2020 at 5:25 pm (UTC-5)
Leave a comment

Koronavirus pandemiyasi tufayli AQSh oliy o’quv yurtlarida barcha kurslar onlayn shaklga o’tgach, bu an’anaviy ta’lim olishga o’rgangan talabalar uchun turli qiyinchiliklarni tug’dirmoqda. Natijada mamlakatdagi 190 dan ortiq kolleji talabalarning akademik ko’rsatkichlari yomonlashishiga yo’l qo’ymaslik uchun alternativ baholash usullarini taklif qilmoqda.

Ko’plab universitetlar kurslar uchun beriladigan turli balli baholash mezonlarini “o’tdi/o’tmadi” deb nomlanadigan ikki xil baholash turiga o’zgartirdi, ya’ni kurs bo’yicha minimum talablarni bajargan barcha talabalarga bir xil baho qo’yiladi. Bu narsa “GPA” tizimi bo’yicha eng yuqori ball olish uchun qattiq harakat qiladigan talabalarni ortiqcha mashaqqatdan saqlashi aytilmoqda.

Shu yil boshida kollejlar va universitetlar yopilib, onlayn kurslarga o’tilganida, bir qator talabalar tashkilotlari o’zlarining universitetlaridan imtihonlardagi baholash mezonlarini o’zgartirishni so’rab murojaat qildi.

An’anaviy ta’lim tizimiga o’rgangan ba’zi talabalar yangi tartibda o’qish qiyin bo’layotganini aytadi.

“Men internetda o’qishga o’rganmaganman”, – deydi Virjiniya shtatining Feyrfaks shahridagi Jorj Meyson universiteti talabasi Sara Kurian.

Ko’plab universitet talabalari global pandemiya paytida baholar “o’tdi/o’tmadi” shakli bilan cheklanishi tarafdori ekanliklarini bildirishdi.

“Biz xohlagan narsa – bu tanlov. Bizning baho darajalarimizga va “GPA”ga zararli bo’lishi mumkin bo’lgan tizimni majburan ishlatmang. “O’tdi/o’tmadi” tizimi va balli baholash tizimi orasidan qaysi birini tanashni o’zimizga qoldiring”, – deydi Markaziy Arkanzas universiteti talabasi Emma Davenport.

“Bugun tok o’chgani uchun o’z mashinamda kompyuterim bilan o’tirishga majbur bo’ldim. Telefonim zaryadlangan, muhim topshiriqni bajarish uchun telefon internetidan foydalandim. Lekin hamma ham bunchalik omadli emas. Oddiy qilib aytganda, “O’tdi/o’tmadi” baholash tizimini qo’llash juda muhim”, – deydi texaslik yana bir talaba

“Imtihonlar uchun “O’tdi/o’tmadi” tizimi kerak, chunki hamma har xil vaziyatda, – dedi Jorj Meyson universiteti talabasi Youjin Cho. – Dastlab, men kurslarimni harfli baholash tizimi bilan yopishni rejalayotgan edim, ammo so’nggi daqiqada Koreyaga qaytib ketishga qaror qildim, chunki COVID-19 AQShda yomonlashayotgan edi. Shunday qilib, harfli baholash yoki “o’tdi/o’tmadi” tizimidan birini tanlash imkoniyatining borligi meni xotirjam qildi”.

Ba’zi universitetlar talabalarga tanlov berishning o’rniga semestr uchun “o’tdi/o’tmadi” baholash tizimini barcha uchun majburiy qildi.

Hozirga qadar nufuzli to’rt universitet – Yel, Garvard, Kolumbiya va Dartmut shu yo’ldan bormoqda. Kolumbiya, Garvard va Stenford singari AQShning eng mashhur huquqshunoslik maktablari ham kurslar uchun “o’tdi/o’tmadi” tizimini barchaga birdek majburiy qildi.

Ba’zi talabalar bundan norozi.

“O’tdi/o’tmadi” tizimi “A” bahosini olish uchun ko’p mehnat qilgan talabalar uchun sharmandalik. Bu mening eng yaxshi semestrim va yangi baholash tizimi men yig’adigan “GPA” ballarini yo’qqa chiqaradi. Stajirovka va boshqa imkoniyatlar uchun bu ballar zarur”, – deydi Alabama shtatidagi Taskigi universiteti talabasi Jasmin Makkollum.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.