Yoxud sobiq abiturientning o’tmishga sayohati
Gazeta.uz saytining Davlat Test Markazi ma’lumotiga tayanib yozishicha, 16-avgust kuni O’zbekiston oliy o’quv yurtlariga kirish uchun o’tkazilgan imtihon natijalari e’lon qilinadi.
Xabaringiz bor, har yili 1-avgust kuni O’zbekistonda oliy o’quv yurtlariga kirish imtihonlari bo’lib o’tadi. Shu kuni butun mamlakat bo’ylab yuz minglab abiturientlar davlat testlarini topshirsa, ularning yaqinlari va ota-onalari yurak hovuchlab imtihonlarning yakunlanishini kutadi.
Biz talaba bo’lgan yillar ham (2000-yillar boshi) imtihonlar 1-avgustda o’tkazilardi. Ammo test natijalari 10-avgustda e’lon qilinardi. Biz nafaqat imtihon natijalarini ertaroq bilish baxtiga ega avlod edik, balki kirish ballari nisbatan past bo’lgan, ta’bir joiz bo’lsa, imtihonlar adolatliroq o’tadigan davr sohiblari edik.
U paytlar test xonalariga “sotovoy” telefon olib kirish, “bunker”, “x-variant” degan antiqa bilim buloqlaridan foydalanish yo’q edi. Bular test o’tkazuvchi xodimlar nazorati kuchliroq bo’lganidan emas, balki kommunikatsion texnologiyalar bugungidek rivojlanmagan bir davrda yashaganimiz uchun edi, nazarimda. Ko’cha-ko’yda qo’lida telefon ko’tarib yuradigan odamni topishning o’zi qiyin edi.
Hozir imtihonlar qanaqa o’tishi haqida aytmasam ham bo’ladi. Bu haqda sizlar mendan ko’ra yaxshiroq bilishingiz aniq. Gazeta.uz saytida test kuni haqida yaxshi bir fotoreportaj tayyorlashibdi. Ko’rib, o’zingiz xulosa chiqaring: Fotoreportaj
1-avgust kunidagi hayajon va qo’rquv aralash hissiyot bundan 10 yil muqaddam kaminaning ham boshidan o’tgan. Imtihon bo’lishidan 1-2 kun oldin labimga hatto uchuq chiqqan edi. Bu imtihondan yiqilish qo’rquviga aloqadormi, deb so’rasangiz, ha degim yo’q lekin. 🙂
Yaqinda litseyda o’qib yurgan paytim tutilgan kundaligimdan o’sha davrga oid yozuvlarni topib oldim:
“2001-yil, 5-iyul
Shu kuni Toshkentga ketdik: Xalqaro jurnalistika fakultetiga hujjatlarni topshirgani.
2001-yil, 6-iyul
Kech soat 22 larda Toshkentdan keldik. Ey Xudo, imkon ber, o’qishga kiraylik…”
Ammo mandat kuni haqida hech narsa yozmagan ekanman. Demak, yiqilgan ekansiz-da, deb erta xulosa chiqarishga shoshmang. Maqtanish bo’lsa ham aytib o’tay, byudjetga kirganlar ro’yxatining eng yuqoridagi birinchi o’ntaligidan joy egallaganman.
Mandat kuni men bilan bir universitetga topshirgan sinfdoshim nargi doskadan o’z raqamini qidirayotgan edi. Oldiga borsam, rangi qip-qizil, yuzidan ter quyilyapti. Tushundimki, og’aynimning omadi chopmagan.
Afsuski, bu do’stim keyingi yili ham, undan keyingi yili ham o’qishga kira olmadi. Lekin ahdida qat’iy, mehnatkash yigit edi. Men to’rtinchi kursga ko’chgan yilim, nihoyat, shu do’stimga ham o’zi istagan universitetda o’qish baxti nasib etdi.
Maqolaga yakun yasash uchun yaxshi sabab topildi, deb o’ylayman. Ya’ni, bu yili imtihondan yiqilsangiz, aslo tashvishga tushmang. Imtihondan yiqilgan faqat siz emassiz va oldinda hali ko’p imkoniyatlaringiz bor. Sizga dalda bo’ladigan yana bir yaxshi gap aytmoqchiman. Dunyoning bir qator milliarder boylari va muvaffaqiyatli biznesmenlari universitetlarda umuman o’qimagan ekan. “Fikrbank” nomli o’zbekcha blog muallifi universitetda o’qimagan dunyoning ana shunday mashhur kishilari haqida yaxshi bir maqola yozibdi. Sizga ham shu maqolani o’qishni tavsiya qilaman: Test Natijalari (Kira Olmaganlar Uchun)
Oxirgi gapim: Agar 1-avgustda imtihon topshirgan bo’lsangiz, imtihon natijalari haqida bizni xabardor qilishni unutmang. O’qishga kira olmagan bo’lsangiz ham bizga yozishdan uyalmang. Chunki sizga dalda va yangi energiya beradigan yanada yaxshiroq ma’lumotlarimizni kelajakka asrab qo’yganmiz.
One response to “Abiturientlar diqqatiga: 16-avgustda test natijalari chiqadi”
Termez