Merilend shtatining Montgomeri okrugi ta’lim boshqarmasi o’quv kalendaridan nasoro va yahudiy bayramlariga atab qo’yilgan nomlarni olib tashlashga qaror qildi. Musulmonlar hayit bayramlarini ham taqvimga kiritishni talab qilgach, ta’lim kengashi barcha diniy mazmundagi bayram nomlarini ro’yxatdan olib tashlashni ma’qul topgan.
Nomlar taqvimdan olib tashlangan bo’lsa ham, bu kunlar maktablarda dars bo’lmaydi.
Kengash qarori faqat 2015-2016-o’quv yillari uchun amal qiladi va uning federal bayramlarga aloqasi yo’q.
O’tgan yili Amerika Islomiy aloqalar kengashining Merilend bo’limi Ramazon va Qurbon hayitlarini maktablar yopiq bo’ladigan bayramlar qatoriga kiritishni talab qilib chiqqan, ammo ta’lim boshqarmasi bu murojaatni inobatga olmagan edi.
Boshqarmaga ko’ra, bu kunlar darslarga kelmaydigan o’quvchilar soni yuqori emas va shuning uchun rasman maktablarni yopishga hojat yo’q.
Shtatdagi mavjud qoidalarga ko’ra, rasman bayram sifatida tan olinmasa ham, diniy bayramlar o’quv kunlariga to’g’ri kelganda, shu dinga e’tiqod qiluvchi o’quvchilarning darsga kelmasligiga ruxsat beriladi.
Okrug rasmiylarining aytishicha, biror kunni darslar bo’lmaydigan kun deb e’lon qilish uchun bu kunning diniy ahamiyatiga emas, balki shu kuni qancha o’quvchi maktabga kelmasligiga e’tibor qilinadi. Hayit kunlari maktablarda darslarga kelmaslikni ma’qul topuvchi musulmon o’quvchilar soni u qadar ko’p bo’lmagani uchun bu kunni barcha uchun birdek dars bo’lmaydigan kun deb e’lon qilishga hojat yo’q, deydi ular.
Michiganning Diyeborn shahrida, masalan, hayit kunlari maktablarda rasman bayram sifatida tan olingan. Chunki bu yerda o’quvchilarning 60 foizdan ko’pi musulmon hisoblanadi.
Nyu-York shahrida ham islomiy bayramlarni maktab o’quv kalendarida rasman tan oldirish bo’yicha harakatlar olib borilmoqda.