Amerikacha ismingiz bormi?

Posted March 23rd, 2011 at 3:54 pm (UTC-5)
4 comments

 

Tanishlaringizdan kimdir ismingizni eslay olmasa yoki uni noto’g’ri talaffuz qilsa, jahlingiz chiqadimi? Bu holat ayniqsa xorijda ko’p takrorlanishi mumkin. Chunki dunyo xalqlarida ismlar rang-barang va ko’plab ismlar sizga qiyin va hatto g’alari tuyulishi tabiiy.

Bu Amerikada xorijlik talabalar ko’p duch keladigan muammolardan biri. Ba’zan yangi tanishgan do’stingizga ismingizni bot-bot takrorlashingiz kerak, ba’zida esa qog’ozga yozib berib, to’g’ri talaffuz etishi uchun yordamlashishingizga to’g’ri keladi. Chunki ayrim o’zbek ismlarini talaffuz qilish amerikaliklar uchun juda qiyin. Mana shunday holatlarda amerikaliklarning “antiqa” talaffuziga toqat qilib yashagandan ko’ra, o’z ismidan voz kechib, talaffuz uchun qulay bo’lgan “nikneym”lar yasab olayotganlar vatandoshlarimiz orasida ham talaygina. Biz ayni shu masalada bir necha vatandoshimiz bilan bog’lanib, ularning bu haqdagi fikr va tajribalari bilan o’rtoqlashdik:

Ergash: Mening ismim amerikaliklar uchun nisbatan talaffuz qilish oson bo’lgan ismlardan. Shunday bo’lsa ham ismim borasida Amerikada qiziq holatlar bo’lgan. Xalqaro talabalar bilan bir amerikalik o’rtog’imnikiga mehmonga borgan edik. Uning buvisi har birimiz bilan tanishib chiqayotib, mening ismimni so’radi. Ergash, desam, Garga, deb so’radi. Dasturxon atrofida o’tirganlar gur etib kulib yuborishdi. Qariya buviga ismim Garga bo’lib eshitilgan ekan. Shundan so’ng ancha paytgacha do’stlarim hazillashib meni Garga deb chaqirib yurishdi.

Read the rest of this entry »

“Grin Karta” o’ynaganmisiz?

Posted March 20th, 2011 at 1:41 am (UTC-5)
5 comments

AQShga doimiy yashash uchun kelishning eng oson imkoniyati bu “Grin Karta” nomi bilan mashhur DV (Diversity Visa) lotereyasida ishtirok etish bo’lsa kerak. AQSh hukumati tomonidan tashkil etiladigan ushbu dastur doirasida har yili minglab vatandoshlarimiz AQShga doimiy yashash uchun kelishadi. Masalan, 2011-yil uchun o’ynalgan DV lotereyasida 5091 vatandoshimiz ana shunday huquqni qo’lga kiritdi. Ajoyib tomoni, ushbu lotereyada qatnashish uchun ingliz tilini bilish mutlaqo shart emas. Maktabning 11-sinfini bitirgan bo’lsangiz kifoya.

Ushbu imkoniyatga qiziqib, sehrli diyor bo’lmish Amerikaga kelish orzusida har yili minglab, ehtimol millionlab insonlar DV lotereyasini o’ynaydi. “Grin karta” lotereyasi ayrimlar uchun hatto biznesga aylangan. Lotereyaga sizning nomingizdan barcha hujjatlarni to’g’rilab topshirib berishni, hatto muvaffaqiyatli o’tkazib berishni va’da qiluvchi shaxslar va firmalar bor. Ularga ishonib, xizmat uchun katta miqdorda pul to’layotganlar ham yo’q emas. Afsusuki, bularning barchasi yolg’onga asoslangan takliflar ekanini hamma ham bilmaydi. Ularning faqat ingliz tilini bilmaydiganlar uchun vositachilik qilayotganlari haqidagi da’volari ham yolg’ondir. Chunki AQSh elchixonasi vebsahifasida ushbu viza haqidagi barcha kerakli ma’lumotlar ingliz tilidan tashqari rus va o’zbek tillarida ham to’la bayon etilgan:

Read the rest of this entry »

Yaponiya haqqiga duo qiling: U yerda vatandoshlarimiz ham bor

Posted March 18th, 2011 at 4:49 pm (UTC-5)
2 comments

Yaponiya haqqiga duo qil! – “Yaponiyadagi o’zbeklar” Facebook guruhi surati

Yaponiyada yuz bergan zilzila va uning ortidan kelgan sunami butun dunyoni larzaga soldi. Turli darajadagi zilzilalar ko’p ro’y beradigan Yaponiyada bunisi hammasidan oshib tushdi. Asosiy ofatni zilzila ortidagi sunami olib keldi: qirg’oqbo’yidagi katta-katta shaharlar vayron bo’lib, minglab odamlarning yostig’i quridi. Eng dahshatlisi, sunami atom energiyasi ishlab chiqaradigan Fukushima zavodiga jiddiy zarar yetkazib, atrof-muhit katta miqdordagi plutoniy zaharli moddasi bilan nurlanish xavfi ostida qoldi.

Yaponiyaning zilzila va sunami ro’y bergan hududga yaqin shaharlarida ko’plab vatandoshlarimiz ta’lim olishadi. Zilziladan so’ng ushbu o’lkadagi ayrim tanishlarimiz bilan bog’lanib, ularning hol-ahvollarini bilishga urindik. Hatto, zilzila markazida joylashgan Senday shahrida ham vatandoshlarimiz bor ekan. Shukrki, ularning sog’-omon ekani haqida eshitdik.

Quyida Yaponiyada o’qib istiqomat qiluvchi ayrim vatandoshlarimizning so’zlab bergan hikoyalarini sizlar bilan baham ko’rmoqchimiz. Read the rest of this entry »

“Scholarship” kerakmi?

Posted March 17th, 2011 at 4:50 pm (UTC-5)
1 comment

© Photos.com

AQShda talaba hamyurtlarimizning aksariyati “scholarship”, ya’ni grantlar asosida o’qiydi. Chunki bu mamlakatda ta’lim olish qimmat. Ham yashash, ham o’qish uchun pul to’lashga ko’p o’zbek oilalarining qurbi yetmaydi. Shuning uchun AQShda o’qishni niyat qilganlar, albatta, grant topish payida bo’lishadi.

Bu maqolada Amerika hukumatining O’zbekiston fuqarolari uchun e’lon qilgan ta’lim grantlari haqida ma’lumot bermoqchimiz.

Bu ta’lim dasturlarini AQShning O’zbekistondagi elchixonasi boshqaradi. Hujjat topshirish va ichki bosqichlardagi imtihonlar elchixona orqali amalga oshiriladi. To’liq ma’lumot uchun elchixona veb-sahifasiga ko’z tashlashni tasviya qilamiz.

O’zbekistonliklar uchun ta’lim grantlari quyidagilar: Read the rest of this entry »

Daqiqaning qadri

Posted March 16th, 2011 at 6:10 am (UTC-5)
Leave a comment

Photos.com

Izoh: Talabaning hayotida vaqt juda g’animat. Buni, ayniqsa, imtihon arafasida juda yaxshi tushunasiz. Vaqtingizdan unumli foydalanyapsizmi, Vatandosh? Hatto bir daqiqaning, payti kelsa, qadri bo’lishini bilasizmi?

Shu haqdagi mulohazalarimni kundaligimga qachonlardir yozib qo’ygan ekanman. Vaqtini behuda sarflayotganlar uchun zora bir eslatma bo’lsa, deb quyida shuni keltirishga qaror qildim.

Yoshligimizda maktabda tutgan daftarlarimizning muqovasida G’afur G’ulomning surati hamda uning ostida vaqt haqida yozilgan to’rt qator she’ri bo’lardi. O’sha davrlarda yod olingan bu misralar hanuz xotiramda:

Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan so’raydi qadrin,
Fursat g’animatdir, shoh satrlar-la
Bezamoq chog’idir umr daftarin.

Ajoyib satrlar, darhaqiqat, shoh satrlar. Yuksak falsafa va haqiqatni o’zida mujassam etgan. Shoir umrinining qanchalik shoh satrlar bilan bezalganini bilmaymanu, lekin misralarning o’zi she’riyat umrining shoh satrlari ekani aniq.

Litseyimizda Xayriniso opa degan matematika fani o’qituvchisi bo’lardi. Juda aqlli, dono hamda ziyoli inson edi. Talabalar undan hayiqishardi, bergan darslarini o’z vaqtida bajarishga harakat qilardik.

Read the rest of this entry »

Amerikada o’qishni istaysizmi?

Posted March 14th, 2011 at 5:50 pm (UTC-5)
11 comments

© Photos.com

Amerikada o’qishni istamaydigan odamni topish qiyin. AQShning nufuzli oliy o’quv yurtlarida ko’plab o’zbekistonlik vatandoshlarimiz tahsil olishadi. Ularning bu yerda o’qish imkoniyatiga qanday erishganlari haqida to’liq tushuncha hosil qilishimizdan oldin biroz lirik chekinish qilishimga ijozat bergaysiz.

O’zbekistonda litseyda o’qib yurgan kezlarim matematika fanidan bir o’qituvchimiz bo’lardi. Juda qattiqqo’l, o’ziga to’q, litseyimizning eng obro’li o’qituvchilaridan edi. Farzandlarining barchasi oliy ma’lumotli, ayrimlari chet ellarda ham o’qib kelishgan. Ularning oilasiga havas qilardim.

Bir kuni shu domlam menga bir gap aytib qoldi: “O’qing, Behzod. Chet ellarga chiqib o’qing. Nima istasangiz, hamma imkoniyat bor, faqat qidirib topishingiz kerak, xolos. Sizning o’rningizda bo’lganimda, ehhe, men dunyo kezardim…”

Bu gaplar aytilgandan beri oradan 10 yildan ziyod vaqt o’tibdi. Domlamning menga qilgan nasihatlariga amal qilgan holda, jiddiy o’qishga va chet elga chiqib, dunyo ko’rishga harakat qildim. Bir talaba sifatida, o’tgan yillarimdan chiqargan tajribam asosida shunga amin bo’ldimki, domlam haq ekan. Qidirgan, imkonini topgan, albatta, maqsadiga erishar ekan…

AQShning eng boy odami Bil Geyts bilan sizning o’rtangizdagi asosiy farq nima, bilasizmi? Asosiy farq bu uning boshqalar erishmagan muvaffaqiyatlarga erishganida. Uni boy qilgan ham, dunyoga mashhur “Microsoft” kompyuter dasturlari kompaniyasining asoschisi qilgan ham mana shu muvaffaqiyat. U erishgan bu muvaffaqiyatning kaliti nimada? Sizu biz ham u kabi bo’la olamizmi? Yo’g’e, deyishga shoshilmang. Albatta, bo’la olamiz. Undan zo’rroq ham bo’lishimiz mumkin.

Read the rest of this entry »

“Vatandosh” talabalar gazetasimi?

Posted March 12th, 2011 at 5:28 pm (UTC-5)
2 comments

Xabaringiz bor, yaqinda Amerika tarixida ilk bor o’zbek tilida “Vatandosh” gazetasining nishona soni dunyo yuzini ko’rdi. Tahririyatga yaqin do’stlarimizning xabar berishicha, gazeta ijodiy jamoasi orasida talabalar faol va gazeta AQShdagi o’zbekistonlik talabalarni asosiy mushtariylar va ishtirokchilar sifatida  ko’rishni istaydi.

“Vatandosh” talabalar gazetasimi? U Amerikadagi o’zbek yoshlari va talabalari uchun nima bera oladi? Shu savollar bilan gazeta noshiri Farhod Sultonga murojaat etdik.

– Farhod aka, “Vatandosh” gazetasi ijodiy jamoasi orasida talabalar bormi?

– Ha, gazetamizning dunyo yuzini ko’rishida bir necha talaba faol ishtirok etdi. Biz gazetamiz ijodiy jamoasi va muxlislari orasida ko’proq talaba yoshlarni ko’rishni istardik. Chunki ular zamonga yangicha ko’z bilan qarashadi.

– “Vatandosh” Amerikadagi o’zbek talabalari uchun nima bera oladi? Aynan talabalarga mos qanday maqolalar berib borishni maqsad qilgansizlar?

– Biz ikki masalada bu yerdagi vatandosh talabalarimizga yordamchi bo’lishni istardik. Birinchisi, bu yerga o’qish uchun kelgan yoshlarimizga ish topish imkoniyatlari borasida maslahat berish. Ikkinchisi, bu yerda faqat ishlash bilan kun kechirayotgan, o’qishni turli sabablar bilan tark etgan yoshlarga bilim olishning kelajak uchun naqadar muhim ekanini tushuntirib, ularning o’qishga rag’batlarini oshiruvchi maqolalar berish. Shu maqsadda hozir materiallar tayyorlayapmiz. Read the rest of this entry »

Assalom Amerika: Ilk taassurotlar!

Posted March 11th, 2011 at 10:26 pm (UTC-5)
5 comments

Izoh: Kundaligimni varaqlab o’tirib, Amerikaga ilk kelgan kunlarim tasvirlangan sahifalarni qayta o’qib qoldim. Ikki yil muqaddam yozilgan bu voqealar kechagidek esimda. AQShda o’qiyotgan boshqa vatandoshlarimiz ham bu o’lkaga ilk bor tashrif buyurganlarida  shunday yoki shunga o’xshash voqealarni, his-tuyg’ularni boshlaridan o’tkazgan bo’lsa, ajab emas.

Yorqin kunlarimdan yodgorlik bo’lgan bu kundalik yozuvlarini o’zgartirmasdan, e’tiboringizga shundayligicha havola qilmoqchiman.

19:10. 2-avgust kuni Vashington xalqaro aeroportiga qo’nganimizdan so’ng, samalyotdan ochiq havoga chiqayotib xayolimga kelgan ilk narsa bundan to’rt yil muqaddam Hindistonga qilgan safarim bo’ldi. O’shanda Dehli aeroportida samalyotdan chiqarkanman, yuzimga issiq havo urilgandi. Havodagi namlikning yuqoriligi ochiq havo bo’lsa ham, odamga xuddi hammomga kirgandek tasavvur berardi.

Vashington havosi garchi Hindistonniki kabi u qadar namli bo’lmasa ham, lekin O’zbekistonga nisbatan havodagi namlikning yuqoriligi aniq seziladi va shuning uchun ham bu holat menga yaqin o’tmishdagi Hindiston safarini eslatdi. Read the rest of this entry »

Amerikada sport: UNC-Chapel Hill va Duke Universitetlari misolida

Posted March 6th, 2011 at 2:14 pm (UTC-5)
Leave a comment

Sport Amerikalik talabalar hayotining ajralmas qismi. Deyarli har bir talaba sportning qaysidir bir turi bilan shug’ullanishga harakat qiladi. O’quv dargohlari qoshida sport bilan shug’ullanish uchun hamma sharoitlar muhayyo va ularning barchasi talabalar uchun bepul. O’zbeklarning “Sog’ tanda sog’lom aql” maqoliga amerikaliklar yaxshi amal qilishadi.

Universitetlarda muntazam sport musobaqalari tashkil etib boriladi. Ayniqsa, universitetlararo o’tkaziladigan sport musobaqalari shu qadar katta qiziqish va ishqibozlik bilan kuzatiladiki, bunday o’yinlar ayrim talabalar uchun hatto hayot-mamot masalasidir. Ushbu maqolada AQSh talabalari hayotidagi sportning shu qirrasi haqida yozmoqchiman. Misol uchun o’zim o’qiydigan Chapel Hil Shimoliy Karolina Universiteti (UNC-Chapel Hill) va uning azaliy raqibi Duke Universiteti basketbol jamoalariga alohida to’xtalmoqchiman.

Kecha universitetimizning “Tar Heels” erkaklar basketbol jamoasi Atlantika sohilidagi 12 universitetni o’zida jamlagan ACC chempionati final o’yinini o’z maydonida Duke universitetining “Ko’k iblislar” (Blue Devils) jamoasiga qarshi o’tkazdi. Shiddatli kechgan o’yinda universitetimiz o’zining azaliy raqibini 81-67 hisobida yer tishlatib, 19-marta “ACC” chempionligini qo’lga kiritdi. Duke universiteti o’z tarixida bu maqomga 18 marta sazovor bo’lgan.

© Lauren McCay / DTH

Read the rest of this entry »

Nima bizga Amerika?

Posted February 28th, 2011 at 9:46 pm (UTC-5)
Leave a comment

O’tmish va bugun

Zukko talabalarimizga bosh sarlavhadagi antiqa gap tanish ko’ringan bo’lsa ajab emas. Iste’dodli o’zbek shoiri Hamid Olimjon o’tgan asrning 30-yillari boshida Amerikaga qarshi kommunistik propaganda ruhi bilan yo’g’rilgan ayni shu nomda bir she’r bitgandi.

“Amerika bizga kim bo’pti? Uning g’ayrati, kuch-quvvati, hammasi bir pul!” deya bong urgan shoir kun kelib o’zi topingan Sovet imperiyasining qulashini, ammo Amerika gullab-yashnashda davom etishini o’ylab ko’rganmikan?

Hamid Olimjon o’rtaga qo’ygan bu savolga  oradan 80 yil o’tib yana qaytyapmiz. Ammo unga endi yangicha nuqtai nazar bilan yondashamiz. AQShda tahsil olgan, yashagan, Amerika hayotini va oddiy odamlarini o’z ko’zi bilan ko’rgan bir talaba nuqtai nazari bilan qaraymiz.
Nima bizga Amerika? Amerika – biz uchun imkoniyatlar mamlakati. Ilm olishni, tajriba orttirishni, ish va malakalarni oliy darajada va sifatli o’rganishni istovchi yoshlar uchun ayni muddao bo’lgan o’lka. Jozibasi okean ortidan oshib borib, olis O’zbekiston atalmish yosh o’lkaning yoshlari yuragiga o’t yoquvchi, har bir talabani Amerikada o’qish orzulari sari yetaklovchi sehrli bir diyor.

Read the rest of this entry »

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.