AQSh hukumati jamoat kollejlariga yordam bermoqchi

Posted May 24th, 2021 at 5:04 pm (UTC-5)
Leave a comment

Shimoliy Virjiniya jamoat kolleji

AQSh Prezidenti Jo Bayden taklif qilayotgan ikki trillion dollarlik infratuzilma loyihasi doirasida jamoat kollejlari uchun ham 12 milliard dollarlik yordam ajratish ko’zda tutilmoqda.

Bu yordam asosida jamoat kollejlaridagi ikki yillik o’qishni bepul qilish maqsad qilingan. Kongressdagi respublikachilar taklifni haddan ziyod serxarajat ish va davlatning jamiyatdagi ishtirokini yanada kengaytirish sifatida baholamoqda.

Jamoat kollejlarida o’qish ikki yil bo’lib, uni bitirganlar bakalavr darajasini beruvchi to’rt yillik kollejlarga transfer orqali o’qishini ko’chirishi mumkin. O’qish arzonligi, aksariyati SAT, ACT kabi kirish imtihonlarini talab qilmasligi bois bunday kollejlar ko’plab talabalar uchun yaxshi tanlov hisoblanadi. Ba’zilari chet elliklardan ingliz tilini bilish testlarini ham talab qilmaydi; shu bois ular ko’plab xalqaro talabalarni ham o’ziga jalb etadi.

Arzon o’qish

O’tgan 20 yil ichida davlat universitetlarida oq’ish puli 76 foizga o’sgan bo’lsa, bu ko’rsatkich jamoat kollejlarida 46 foizni tashkil etadi. To’rt yillik universitetda hozir bir yillik to’lov o’rtacha 35 720 dollarni tashkil etadi; jamoat kollejlarida bu raqam 4000 va 10 000 dollar orasida.

Qimmat yoki mashhur universitetlarda esa yillik to’lov 100 ming dollardan ham oshishi mumkin.

Yangi loyiha asosida jamoat kollejlarining eskirgan binolari yangilanishi kutilmoqda.

“Ularning ko’pi 60-70-yillarda qurilgan. Shu bois jismoniy jihatdan ular eskirmoqda va infratuzilma muammolariga duch kelyapti. Shu muammolarni hal qilish uchun ajratilayotgan 12 milliard dollarlik taklifni olqishlaymiz”, – deydi Jamoat kollejlari assotsiatsiyasi prezidenti Noa Braun.

Pandemiya tufayli moliyaviy qiyinchilikka uchraganlar orasida to’rt yillik universitetlar ham bor. Shu bois ularga ham federal yordam ko’rsatish kerak, deydi ba’zi kuzatuvchilar.

Ta’lim uchun qo’shimcha yordamlar

Baydenning infratuzilma loyihasi asosida Milliy Ilm-fan jamg’armasiga 50 milliard dollar hamda mamlakatning tadqiqot institutlariga 40 milliard dollar ajratish rejalangan. Bu 40 milliardning 20 milliardi tarixan qora tanlilar o’qigan kollej va universitetlarga beriladi.

Oz sonli etnik guruhlarga xizmat ko’rsatayotgan dargohlarga ilm-fan va muhandislik sohalarida innovatsiya markazlari ochish uchun yana 10 milliard dollar ajratiladi.

Prezidentning aytishicha, loyihani ijro etish ishlariga Shimoliy Virjiniya jamoat kolleji professori, Birinchi xonim Jill Bayden yordam beradi.

Bayden loyihasi ayni paytda Kongressda muhokama qilinmoqda. Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi loyiha 4-iyulgacha palatada ovozdan o’tishiga umid qilishini aytgan.

Xorijliklar AQSh hukumatidan grant yoki imtiyozli kredit olishi mumkinmi?

Posted February 25th, 2021 at 2:07 pm (UTC-5)
Leave a comment

Amerikada talabalar uchun hukumat tomonidan beriladigan bir qator grant va kredit dasturlari mavjud. Ular, odatda, faqat AQSh fuqarolari yoki rezidentlariga beriladi.

Xalqaro talabalar esa o’qish uchun o’z hisobidan to’lashi yoki qimmat narxlarda qarz olishi kerak bo’ladi. O’qish narxining mahalliy talabalarga qaraganda xorijliklar uchun ancha yuqori ekani yana bir qo’shimcha muammo.

Ammo istisno holatlar ham bor. Ya’ni ba’zi toifadagi xorijliklar ham mahalliy talabalar kabi AQSh hukumatining moliyaviy yordam dasturlariga ariza topshirishi mumkin.

Yordam olishi mumkin bo’lgan xorijliklar ro’yxati

AQSh fuqarosi bo’lmagan, lekin AQShga tegishli bo’lgan hududlarda, masalan, Amerika Samoasi, Shimoliy Mariana orollarida yashovchilar hamda doimiy rezidentlar davlatdan ta’lim uchun yordam olishda fuqarolar bilan bir xil huquqqa ega.

Bundan tashqari, AQShga qochqin sifatida yoki siyosiy boshpana istab kirganlarga ham shunday huquq berilgan. Buning uchun ular o’z huquqiy maqomlarini tasdiqlovchi hujjatni (AQShga kirishda beriladigan I-94 qog’ozi) taqdim etishlari kerak.

Inson savdosi qurboni deb hisoblangan va shu asosda AQShga qabul qilinganlar va ularning farzandlari ham hukumatdan ta’lim granti yoki imtiyozli kredit olishi mumkin. Bunday toifadagi insonlar Amerikaga maxsus T-1 vizasi bilan kiradi. Grant yoki kreditga ariza topshirishda shu vizaning nuxsasini topshirish so’raladi.

Quyidagi toifalarga mansub xorijliklarga AQSh hukumatining ta’lim grantlari va kreditlari berilmaydi:

Agar AQShga F-1, F-2 yoki J-1, J-2 talaba vizalari bilan kirgan bo’lsangiz, siz AQSh hukumati ta’lim grantlari yoki kreditlaridan foydalana olmaysiz. Bunday xorinliklar AQShda o’qish xarajatlarini o’z hisobidan qoplashi yoki mustaqil tarzda xususiy ta’lim kreditlari olishi kerak.

Xorijdan turib AQSh hukumatining maxsus grantlarini qo’lga kiritganlar hamda o’zaro ta’lim almashinuvi dasturida qatnashadiganlarga J-1 vizasi beriladi. Ularning oila a’zolari esa J-2 vizasini oladi. Boshqa barcha xalqaro talabalarga F-1 vizasi bilan AQShga keladi.

AQShda o’qiydigan xalqaro talabalarning 60 foizi o’qish xarajatlarini o’z hisobi yoki oilasi mablag’i bilan qoplaydi. Qolgan 40 foizi universitetlardan, o’z hukumatidan yoki boshqa grant va kredit dasturlaridan mablag’ oladi.

Bakalavr talabalari uchun “UGRAD” dasturiga qabul boshlandi

Posted February 2nd, 2021 at 2:41 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQSh Davlat departamenti Ta’lim va madaniyat masalalari byurosining Talabalar almashish bo‘yicha global dasturiga (Global UGRAD) qabul davom etmoqda. Unda 1, 2, 3 va 4-kursda o‘qiyotgan o’zbekistonlik talabalar qatnashishi mumkin.

Dasturga qabul qilinganlar Amerika Qo‘shma Shtatlarida bir semestr (yarim yil) to‘liq, hech qanday ilmiy daraja berilmaydigan kursda o‘qish imkoniyatini qo’lga kiritadi.

Barch ta’lim yo’nalishlari bo’yicha hujjat topshirish mumkin.

Qatnashish shartlari va talablari:

O’zbekistondan qatnashayotgan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • Oliy o‘quv yurtining birinchi, ikkinchi, uchinchi yoki to‘rtinchi kursida o‘qiyotgan bo’lish. Barcha talabalar, jumladan, 4-kurs talabalari ham, “UGRAD” dasturi tugagandan so‘ng kamida bir semestr o‘z mamlakatidagi o‘quv yurtida o’qishi kerak. Birinchi kurs talabalari hujjat topshirishdan oldin kamida bir semest o’qishni tugatgan bo’lishi lozim.
  • Qo‘shma Shtatlarga safar qilayotgan paytda (avgust-sentabr, 2021-yil) kamida 18 yoshda bo‘lish;
  • Ingliz tilini yaxshi bilish. Oldindan TOEFL yoki IELTS test natijalariga ega bo’lish talab qilinmaydi. Intervyudan o’tganlardan TOEFL iBT testi olinadi. Unda kamida 48 ball to’plash kerak. Test xarajatlari AQSh elchixonasi tomonidan qoplanadi.

Dasturga qabul qilinganlarning AQShda yashash, o’qish, safar qilish va tibbiy sug’urta bilan bog’liq barcha xarajatlari qoplanadi; oylik stipendiya beriladi.

Ariza topshirish muhlati va tartibi:

Hujjatlar 2021-yil 28-fevralgacha internet orqali onlayn topshirilishi lozim. Manzil: https://bit.ly/2Mlgswz

Yuqoridagi manzil orqali kirib, saytda ro’yxatdan o’tishingiz kerak. Shundan so’ng, login va parol bilan kirib, onlayn anketani to’ldirasiz. Keraki hujjatlar ro’yxati va anketa to’ldirish tartibini saytda ro’yxatdan o’tganingizdan keyin ko’rishingiz mumkin.

Anketaga ilova qilinishi lozim bo’lgan tavsiyanomalar formasini quyidagi manzillardan olishingiz mumkin:

Arizalarni ko’rib chiqish tartibi va muddati

28-fevral, 2021-yil: Ariza topshirishning so’nggi kuni.
1-mart – 30-aprel, 2021-yil: Arizalar ko’rib chiqiladi va dastlabki nomzodlar saralab olinadi.
1-aprel – 30-may, 2021-yil: Dastlabki nomzodlardan intervyu olinadi va undan o’tganlar TOEFL iBT testini topshiradi.
Iyun, 2021-yil: G’oliblar va kutish ro’yxatiga tushganlar aniqlanadi va ularga tanlov natijalari haqida xabar beriladi.
Avgust – sentabr, 2021-yil: AQShga jo’nab ketiladi.

Qo’shimcha savollaringiz bo’lsa, ularni Tashkent-Program@state.gov elektron pochtasiga yuborishingiz mumkin. Xat sarlavhasiga (Subject line) “Global UGRAD” deb yozishni unutmang.

Batafsil ma’lumot uchun manzil: https://uz.usembassy.gov/education-culture/exchange-programs/global-undergraduate-exchange-program/

Eslatma: AQShga safar qilish, ya’ni dasturning AQShda amalga oshishi koronavirus pandemiyasi bilan bog’liq vaziyat yaxshilanishiga, ya’ni safar qilishga ruxsat berilishiga bog’liq.

2021-yil xorijlik talabalar AQShda qanday o’qiydi?

Posted January 16th, 2021 at 10:51 am (UTC-5)
Leave a comment

AQSh oliy o’quv yurtlarida tahsil oluvchi xalqaro talabalar 2021-yil bahorgi semestrni ham onlayn davom ettiradigan bo’lyapti. Demak, koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-yil mart oyida qabul qilingan qoida bu yil ham amal qiladi. Bu haqda AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati agentligi so’zlovchisi ma’lum qildi.

Pandemiyadan oldin AQSh o’quv yurtlarida ro’yxatdan o’tgan xorijliklar talabalik vizasi maqomini saqlab qolish uchun Amerikada jismonan bo’lishi talab etilar edi. Pandemiya boshlangandan beri ularga xorijdan turib ham AQShda oq’ish huquqi berildi.

2021-yilgi tartib haqida hali rasman e’lon qilinmadi, ammo xalqaro ta’lim tashkilotlari va o’quv yurtlari xorijliklarga tartib o’zgarmagani haqida xabar bermoqda.

Hozir o’qiyotgan talabalarda bu qanday ta’sir qiladi?

2020-yil 9-martgacha talabalik vizasini qo’lga kiritgan xorijliklar AQShda yoki o’z mamlakatida turib o’qishni internet orqali davom ettirishi mumkin. O’qish muddati tugaguncha ularning hozirgi immigratsion maqomi saqlanib qoladi. Darslar to’liq onlayn o’tilayotgan bo’lsa ham, ular istalgan payt AQShga qaytib kira oladi.

2020-yil 9-martdan keyin universitetga qabul qilinganlar esa barcha kurslarni o’z mamlakatlarida turib onlayn olishlari mumkin, ammo AQShga kira olishlari uchun kamida bitta dars universitetda, ya’ni sinfxonada o’tilishi kerak.

Yangi xalqaro talabalar nima qiladi?

2021-yil bahorgi semestr uchun o’qishga qabul qilinganlar, agar ular allaqachon AQShda bo’lsa, darslarni 100 foiz to’liq internet orqali olishlari mumkin.

Xorijdan turib shu yil bahorgi semestrga qabul qilinganlar, agar ta’limni to’liq onlayn oladigan bo’lsa, AQShga kira olmaydi. AQShga kirish uchun, ya’ni viza olish uchun kamida bitta dars universitetda yuzma-yuz bo’lishi kerak.

Agar universitet barcha darslarni to’liq onlayn o’tayotgan bo’lsa, xorijlik talabalarga viza olish uchun kerak bo’ladigan “F-20” formasini bermaydi. Demak, bunday holatda sizga viza berilmaydi.

Koronavirusning oliy ta’limga ta’siri

AQSh hanuz koronavirus pandemiyasi bilan kurashar ekan, mamlakat oliy o’quv yurtlari 2021-yilgi ta’lim uchun o’tgan yilgi qoidalar amal qilishini aytmoqda.

2020-yil 4-dekabr kuni AQSh Ta’lim kengashi Immigratsiya va bojxona nazorati agentligidan 2021-yil uchun xorijlik talabalarga oid qoidalarni e’lon qilishni so’radi. Hozirgacha yangi tartib rasman e’lon qilinmagan bo’sa-da, agentlik so’zlovchisi 2020-yilgi qoidalar davom etishini bildirdi.

Koronavirus pandemiyasi boshlangandan keyin 2020-yil kuzgi semestr uchun AQSh o’quv yurtlarida xorijlik talabalarning ro’yxatdan o’tishi 16 foizga qisqargan.

Xitoylik talabalarning AQShda o’qishiga cheklov qo’yilmoqda

Posted September 9th, 2020 at 10:11 am (UTC-5)
Leave a comment

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo/AP

AQSh rasmiylari Xitoy bilan mavjud ziddiyatlar doirasida endi ta’lim sohasida ham xitoyliklarning Amerikadagi faoliyatini cheklash niyatida.

O’tgan hafta Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan, Amerika universitetlarida filiallari bo’lgan Konfutsiy institutlarining barchasi yil oxiriga qadar yopilishini ma’lum qildi.

Davlat kotibi Xitoy hukumati tomonidan moliyalanadigan institutlarni AQSh kollejlarida “josuslar va hamkorlar”ni yollash uchun ishlayotganlikda aybladi.

Cheklovlar, shuningdek, davlat mablag’lari hisobiga xorijda o’qiydigan xitoylik tadqiqotchilarni ham qamrab oladi. 26-avgust kuni Shimoliy Texas universiteti Xitoy Ta’lim vazirligi tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan Xitoy stipendiya kengashi (XSK) homiyligidagi 15 nafar xitoylik tadqiqotchilar bilan mavjud almashinuv dasturini bekor qildi.

Akademik josuslikka oid federal hukumat xavotirlari oshgandan beri ilk bor Amerika universiteti Xitoy milliy stipendiya jamg’armasi bilan aloqalarni uzdi. Universitet gazetasida chop etilgan maqolaga ko’ra, o’quv yurti ma’murlari federal va mahalliy huquqni muhofaza qilish organlarining batafsil brifinglaridan so’ng shunday qarorga kelgan.

Olimlarga J-1 vizalari bekor qilinganligi to’g’risida xabar berilgan. Ular bir oy ichida AQShni tark etishi lozim.

Yangi cheklovlar

Pompeo o’tgan hafta o’tkazilgan matbuot anjumanida Davlat departamenti yaqinda AQShning bir nechta universitetlari kengashlariga Xitoy Kommunistik partiyasi tahdidi to’g’risida ogohlantirish xati yuborganini aytdi. Uning so’zlariga ko’ra, ushbu tahdidlar tadqiqotlarni noqonuniy moliyalash, intellektual mulkni o’g’irlash, chet ellik talabalarni qo’rqitish va turli maqsadlar uchun yollash bilan bog’liq bo’lishi mumkin.

Xuddi shu kuni Davlat departamenti yuqori martabali xitoylik diplomatlarning AQSh kampuslariga kirishi uchun Davlat departamenti oldindan ruxsat berishi talab etilishini ma’lum qildi.

Huquqshunos va “Xitoyning kelayotgan tanazzuli” kitobi muallifi Gordon Channing “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Amerika rasmiylari Xitoy tomonidan olib borilgan ko’p yillik akademik va intellektual mulk o’g’riligiga nihoyat javob berishni boshladi.

“Ular AQSh kampuslariga o’rganish uchun emas, balki ma’lumotlar bazalarini yuklab olish va ularni Pekin foydalanishi uchun olib ketish uchun kelishadi, – dedi u.- “Demak, bu AQSh uchun jiddiy muammo”.

Xitoy stipendiya kengashi qanday tashkilot?

1996-yilda Xitoy Ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan Xitoy stipendiya kengashi Xitoyda tahsil olayotgan chet ellik talabalar va chet elda ta’lim oladigan xitoylik talabalar uchun mablag’ ajratadi. Ushbu mablag’lar, asosan, hukumat tomonidan moliyalanadi.

Jamg’armaning rasmiy maqsadi “Xitoy va dunyo xalqlari o’rtasidagi do’stlik va anglashuvni mustahkamlash hamda Xitoyning sotsialistik modernizatsiyasi va dunyo tinchligini targ’ib qilishdir”.

Mutaxassislarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, kengash katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va doktoranturadan keyingi tadqiqotchilarga, shuningdek, Xitoyning rivojlanish strategiyasiga mos keladigan sohalar bo’yicha texnologiyalarni o’rganayotgan talabalarga stipendiyalar taklif qiladi. Ushbu olimlar o’qishdan keyin Xitoyga qaytishi talab qilinadi. Mutaxassislar AQShni ushbu tashkilotdan hushyor bo’lish kerakligi haqida ogohlantiradi.

Jorjtaun universiteti Uolsh diplomatiya maktabi Xavfsizlik va rivojlanayotgan texnologiyalar markazining iyul oyida bergan hisobotiga ko’ra, har yili chet elda tahsil olayotgan xitoylik talabalarning qariyb 7 foizi yoki taxminan 65 ming nafari Xitoy stipendiya kengashi tomonidan moliyalanadi.

Bundan tashqari, hisobotda ta’kidlanishicha, kengash “milliy strategik sohalar – muhim sanoat tarmoqlari, muhim sohalar, yirik loyihalar, zamonaviy texnologiyalar va fundamental tadqiqotlar uchun xizmat qiladigan iste’dodlarni” moliyalashtirishga ustuvor ahamiyat beradi.

Hisobot muallifi, Jorjtaun universiteti Xavfsizlik va rivojlanayotgan texnologiyalar markazining tadqiqot bo’yicha tahlilchisi Rayan Fedasiukning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, so’nggi ikki yilda kengash va xorijiy universitetlar o’rtasidagi hamkorlik loyihalari soni keskin oshgan.

“Biz shuni aniqladikki, o’tgan 2019-yilda Xitoy universitetlari va xorijiy nufuzli universitetlar o’rtasida XSK tomonidan ma’qullangan dasturlar soni sezilarli darajada ko’paygan, ya’ni 2018-yildagi 19 tadan 2019-yilda 120 taga yetgan”, – dedi Fedasiuk.

Shuningdek, uning so’zlariga ko’ra, XSKning vazifasi – bu talabalarni stipendiya dasturlarini tugatgandan keyin Xitoyga qaytishga undash yoki ba’zi hollarda majburlash.

“Bu turli xil imtiyozlar orqali amalga oshiriladi, – dedi u. – Ba’zi hollarda, ulardan, shunchaki, qaytib kelish so’raladi va ba’zi hollarda chet elda Xitoy hukumatidan mablag’ olmasdan o’qigan xitoylik talabalarni, ular keyinchalik qaytib kelishini umid qilib, mablag’ bilan taqdirlashadi. Ammo ba’zan stipendiyalarga da’vogarlardan, agar o’z dasturlarini tugatgandan keyin Xitoyga qaytib kelmasa, jarima to’lashni va barcha mablag’larni qaytarib berishni talab qilishadi”.

Ushbu bosimlarga qaramay, AQSh universitetlarida aniq fanlarni o’rganayotgan xitoylik doktorantlarning 85 foizdan ortig’i AQShda qolishni tanlaydi, deyiladi hisobotda.

Koronavirus va sport: universitetlar millionlab dollar yo’qotmoqda

Posted August 5th, 2020 at 2:43 pm (UTC-5)
Leave a comment

AQShdagi ko’plab kollej va universitetlar koronavirus pandemiyasi tufayli bekor qilingan sport tadbirlaridan millionlab dollar daromad yo’qotmoqda.

Milliy kollejlar sport assotsiatsiyasi (NCAA) ma’lumotiga ko’ra, har yili universitetlar sport o’yinlariga chiptalar sotish va aksiyalar o’tkazishdan bir milliard dollarga yaqin daromad qiladi. Basketbol, ​​futbol va beysboldan tushadigan pul o’quv yurtlari amaliy byudjetining yarmidan ko’prog’ini tashkil qiladi.

“Kollej sporti uchun pandemiyadan yomonroq davr bo’lmagan, chunki u basketbol bo’yicha erkaklar musobaqasi boshlanishi arafasida yuz berdi. Bu musobaqa assotsiatsiya uchun eng katta daromad manbaidir”, – deydi  kollej sporti bo’yicha mutaxassis Kristi Dosh.

“Bu yil basketbol bo’yicha erkaklar musobaqasining o’tkazilmasligi kollej sporti uchun katta yo’qotish. Agar kuzda futbol ham ham qoldirilsa, vaziyat yanada yomonlashadi”, – deya qo’shimcha qiladi u.

Sportdan tushgan pullarning bir qismi moliyaviy yordam orqali talabalar uchun ishlatiladi. Shunday grantlar asosida 20 000 dan ortiq xalqaro sportchi talaba o’quv yurtlariga qabul qilingan. Kollejlar har yili bunday talabalarga 2,9 milliard dollardan ortiq stipendiya to’laydi.

“Men mavsum davomida sport musobaqalarida ko’rsatgan natijalarim evaziga o’qishga kirish uchun stipendiya olishga ishonchim komil edi”, – deydi ogayolik yuqori sinf o’quvchisi Ira Grem.

“Ammo mavsum yakunlanmaganligi sababli bu amalga oshmadi. Hanuz grant olishdan va kollej darajasida musobaqalarda qatnashishdan umidimni uzganim yo’q” – deya qo’shimcha qiladi u.

Ba’zi kollejlar kuzgi futbol mavsumini davom ettirishni rejalamoqda. Ammo sog’liqni saqlash mutaxassislari bu sportchilar sog’ligini xavf ostiga qo’yishi haqida ogohlantirmoqda.

Klinik laboratoriyalar va diagnostik testlar bo’yicha ekspert Tomas Xuard shu yozda kollej va universitetlarga nafaqat sportchilar uchun, balki barcha talabalar uchun test sinovlarini o’tkazish qobiliyatini oshirishga yordam beruvchi “Campus Health” loyihasini boshladi.

“Test o’tkazish bo’yicha ularda zarur resurslar mavjud emas. Bu xavotirli, chunki koronavirus aniqlanmagan birorta futbol jamoasini bilmayman”, – deydi u.

Kollejlar futbol mavsumini o’tkazishi sog’lik uchun xavflarni oshirishiga qaramay, o’zi ham sobiq futbolchi Xuard mavsumni bekor qilish o’quv yurtlari uchun katta moliyaviy qiyinchiliklarni keltirishini tushunadi.

“Siz tasavvur qilganingizdek, universitetlarga iqtisodiy ta’siri juda katta. Menimcha, futboldan tushadigan daromad Texas uchun 500 million dollarga teng”, – deydi u.

“Chiptalar egalarini nima qilasiz? Siz allaqachon chipta sotib olgan odamlarga nima deysiz? Siz bu pullarning hammasini qaytarib bera olasizmi yoki uni boshqa joyga sarflab bo’ldingizmi?” – deya so’raydi u.

Ko’plab nufuzli universitetlar kuzgi sport o’yinlarini bekor qildi. Boshqalari esa hali bir qarorga kelgani yo’q.

Koronavirus davrida ta’lim: xalqaro talabalarni oldinda nimalar kutyapti?

Posted July 16th, 2020 at 5:13 pm (UTC-5)
Leave a comment

Ko’pchilik koronavirus pandemiyasi 2020-yil yoziga borib sekinlashi yoki to’xtashini umid qilgan edi. Ammo unday bo’lib chiqmadi.

Virus kuchaygandan kuchayib bormoqda. AQShda prel o’rtalarida pandemiya cho’qqisiga chiqqani taxmin qilingan edi. Ammo iyul oyiga kelib ham aprel-may oylariga qaraganda har kuni ikki barobar ko’proq odam kasallanishda davom etyapti. O’zbekiston kabi ba’zi davlatlarda esa pandemiya endi boshlangandek.

Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropaning ba’zi mamlakatlari pandemiya ustidan nazorat o’rnata oldi. Ammo ularda ham hayot o’z iziga tushdi, deyishga hali erta. Ehtiyotkorlik va cheklov choralari hanuz mavjud.

Avgust-sentabr oylaridan boshlab dunyodagi barcha maktab va oliy o’quv yurtlarida navbatdagi o’quv yili boshlanishi kerak. Bu yil darslar qanday bo’ladi?

Darslar odatdagi tartibga qaytadimi?

Ko’p ehtimol bilan o’quv yurtlarida  kuzgi semestrlar yana onlayn tartibda o’tadi. AQShning ko’plab universitetlari shunday yo’l tutishini allaqachon e’lon qildi. Boshqa davlatlar ham shu yo’ldan boryapti.

AQSh Immigratsiya va chegara nazorati agentligi 6-iyul kuni ta’lim to’liq onlayn bo’ladigan universitetlarda xalqaro talabalarning AQShdan turib o’qishini taqiqlovchi qaror chiqarishi jamoatchilik orasida keskin noroziliklarga sabab bo’ldi. Natijada oradan bir hafta o’tib hukumat bu qaroridan voz kechishga to’g’ri keldi. Ya’ni, o’quv yurtlarida darslar to’liq onlayn rejimda o’tsa ham, xalqaro talabalar AQShga kelishi yoki allaqachon AQShda bo’lsa, shu yerda turib o’qishini davom ettirishi mumkin.

Universitetlarga qabul qanday bo’ladi?

Qabul bo’yicha tartib o’zgargani yo’q. Zotan, shu paytgacha ham talabalik uchun hujjatlar deyarli hamma joylarda onlayn tartibga ko’chgan, ya’ni internet orqali qabul qilinadi. Demak, o’qish uchun hujjatlarni topshirish odatdagidek tartib va muddatlarda bo’lib o’tadi, ammo viza olish va o’qishingiz joylashgan mamlakatga sayohat qilish amaldagi cheklovlar qanchalik yumshashiga bog’liq.

Masalan, siz o’qishga qabul qilingan taqdiringizda ham, viza olishingiz uchun siz yashab turgan mamlakatdagi elchixonalar fuqarolarni qabul qilayotgan bo’lishi kerak. AQSh Davlat departamenti tarqatgan ma’lumotga ko’ra, 15-iyuldan boshlab xorijdagi AQSh konsulliklari o’z faoliyatini boshlashi ko’zda tutilgan. Ammo bu mahalliy sharoitga bog’liq ekani ham qayd etilgan. Ya’ni, masalan, O’zbekistonda karantin choralari kuchaytirilib, aholi va idoralar faoliyatiga cheklov qo’yilgan bo’lsa, AQSh elchixonasi ham shu tartibga rioya qiladi. Demak, bunday holatda, viza olish imkoniyatingiz kechikishi mumkin.

Pandemiya davrida o’qish uchun sayohat qilish mumkinmi?

Viza olgan taqdiringizda ham, o’qishingiz joylashgan mamlakatga sayohat qila olishingiz uchun o’sha davlatga havo qatnovi bo’lishi kerak. O’zbekistonda iyun oyidan havo qatnovlari qayta tiklanishni boshlagan edi, ammo mamlakatda pandemiya bilan bog’liq vaziyat og’irlashgani bois qatnlovlar yana kamaytirilmoqda. Demak, hozirgi sharoitda mamlakatdan chiqa olishingiz ehtimoli kam. Mamlakatdan xorijga qatnovlar mavjud bo’lgan taqdirda ham, sizni o’qishga borishingiz lozim bo’lgan mamlakat qabul qila olishi ham alohida masala. Chunki ba’zi davlatlar koronavirus keng tarqalgan mamlakatlardan bo’lgan fuqarolarni kiritish bo’yicha cheklovlar o’rnatgan. Demak, siz safarni rejalashdan oldin shu ma’lumotlarni ham o’rganishingiz kerak.

Qachon hammasi avvalgi normal holatga qaytadi?

Bu narsa pandemiyaning tugashi bilan bog’liq. Ekspertlarning aytishicha, koronavirusga vaksina topilmaguncha amaldagi cheklovlar turli darajada butun dunyoda amal qiladi. Yuzlab vaksinalar ustida hozir sinovlar davom etyapti. Ular keyingi yilning boshlarida tayyor bo’lishi umid qilinmoqda. Vaksina chiqqan taqdirda ham, uni yetarli miqdorda tayyorlab, butun dunyoga tarqatish va pandemiyani to’liq to’xtatish uchun kamida 1-2 yil vaqt kerak.

Demak, 2021-yil oxirigacha dunyo pandemiya bilan bog’liq cheklovlardan to’la xoli bo’lmasligi aniq.

Men nima qilay?

Siz hozir qilayotgan ishingizni to’xtatmang. Ya’ni, o’qishni, imtihonlarga tayyorlanishni davom ettiring. Ingliz tilingiz ustida ishlang, universitet va grantlarga hujjat topshirishni rejalagan bo’lsang, rejangizni davom ettiring. Barcha davlatlarda va universitetlarda hoir ham qabullar davom etyapti. Ammo viza olishingiz yoki safar qilib, o’qishingiz joylashgan mamlakatga bu yil bora olishingiz savol ostida.

Juda bo’lmaganda, birinchi yil ta’limini o’z vataningizda turib onlayn amalga oshirasiz. Keyingi yil yo’llar ochilganda universitetga borib qo’shilishingiz mumkin. Yoki qabul qilinsangiz, o’qishni boshlashni bir yil keyinga qoldirishni universitetingizdan so’rashingiz mumkin. Odatda, ayniqsa, hozirgi pandemiya bilan bog’liq sharoitda ko’plab oliy o’quv yurtlari xalqaro talabalarga yengilliklar yaratib bermoqda.

AQShda bir yil malaka oshirishni istaysizmi?

Posted June 17th, 2020 at 10:03 am (UTC-5)
Leave a comment

Fulbrayt ta’lim almashinuv dasturlari doirasiga kiruvchi Hyubert Hamfri (Hubert Humphrey) dasturi o‘zbekistonlik mutaxassislarga AQShda o‘n oy davomida ilmiy unvonsiz magistratura darajasida tahsil olish va o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha malaka oshirish imkonini beradi.

Qatnashchilar Amerika universitetida bir yil davomida o‘zlarining kasbiy qiziqishlariga mos keluvchi magistratura kursida tahsil oladi, lekin magistrlik unvoni berilmaydi.

Kim uchun?

Dastur davlat va jamoat tashkilotlari yoki xususiy sektorda ishlaydigan, boshqaruv qobiliyatiga ega, faol jamoatchi mutaxassislar uchun mo’ljallangan.

Grant miqdori

O’qish, yashash va safar xarajatlari to’liq qoplanadi. Oylik stipendiya va tibbiy sug’urta bilan ta’minlanadi.

Talablar

  • O‘zbekiston fuqarosi yoki O‘zbekiston tomonidan beriladigan amaldagi pasport olish huquqiga ega doimiy rezident bo‘lish hamda ariza topshirish va saralash jarayonining to‘liq muddati davomida shu mamlakatda muqim istiqomat qilish;
  • Bakalavr darajasiga ega bo‘lish;
  • O’qishni bitirgandan keyin kamida besh yillik kasbiy mehnat stajiga ega bo‘lish.
  • Ingliz tilini bilish (TOEFL yoki IELTS shart emas)
  • AQShda oxirgi yetti yil ichida magistratura o’qigan yoki oxirgi besh yil ichida olti oydan uzoqroq muddat istiqomat qilgan shaxslar ushbu dasturda ishtirok eta olmaydi.

Hujjat topshirish mumkin bo’lgan yo’nalishlar (ingliz tilida)

  • Agricultural and Rural Development
  • Economic Development/Banking and Finance
  • Natural Resources, Environmental and Climate Change
  • Urban and Regional Planning
  • Communications/Journalism
  • Law and Human Rights
  • International Religions Freedom
  • Public Policy Analysis and Public Administration
  • Trafficking in Persons Policy and Prevention
  • Technology Policy and Management
  • Human Resource Management
  • Education Administration, Planning, and Policy
  • Higher Education Administration
  • Teaching of English as a Foreign Language
  • Public Health Policy and Management
  • HIV/AIDS Policy and Prevention
  • Substance Abuse Education, Prevention, and Treatment
  • Contagious and Infectious Diseases

Hujjat topshirish tartibi

Onlayn anketa SHU YERDAN topshirilishi kerak. Arizaga ikkita tavsiyanoma va ingliz tilini qanchalik bilishingiz haqidagi formani ilova qilishingiz kerak. Tavsiyanomalarni onlayn anketa orqali kiritish mumkin. Agar buning iloji bo’lmasa, tavsiyanoma formasini SHU YERDAN yuklab olib, tavsiyanoma yozib beruvchiga jo’nating. Tavsiyanomani to’ldirgan odam uni  TashkentFulbright@state.gov manziliga jo’natishi kerak.

Saralash jarayoni

Hujjatlari ma’qul topilgan nomzodlar AQSh elchixonasida bo‘lib o‘tadigan suhbatga taklif qilinadi. Suhbatdan so‘ng eng yaxshi nomzodlardan TOEFL testi olinadi. Test xarajatlari elchixona tomonidan qoplanadi. Tanlovning so’nggi natijalari keyingi yil boshlarida e’lon qilinadi. Qabul qilinganlar 2021-yilning kuz oylarida AQShga jo‘nab ketadi.

Oliy o‘quv yurtini yaqinda bitirgan nomzodlar topshirgan hujjatlar ko‘rib chiqilmaydi (kamida besh yillik ish staji kerak).

Hujjat topshirish muhlati: 2020-yil, 5-iyul

To’liq ma’lumot bilan SHU YERDA tanishing. Dastur bo’yicha savollaringiz bo’lsa, ularni TashkentFulbright@state.gov elektron pochta manziliga yuboring. Sarlavhaga “Humphrey Fellowship Program” deb yozishni unutmang. (+99871) 140-2434 va (+99871) 120-5450 raqamlariga ham qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.

Koronavirus tufayli AQSh universitetlarida baholash tizimi o’zgaryapti

Posted April 23rd, 2020 at 5:25 pm (UTC-5)
Leave a comment

Koronavirus pandemiyasi tufayli AQSh oliy o’quv yurtlarida barcha kurslar onlayn shaklga o’tgach, bu an’anaviy ta’lim olishga o’rgangan talabalar uchun turli qiyinchiliklarni tug’dirmoqda. Natijada mamlakatdagi 190 dan ortiq kolleji talabalarning akademik ko’rsatkichlari yomonlashishiga yo’l qo’ymaslik uchun alternativ baholash usullarini taklif qilmoqda.

Ko’plab universitetlar kurslar uchun beriladigan turli balli baholash mezonlarini “o’tdi/o’tmadi” deb nomlanadigan ikki xil baholash turiga o’zgartirdi, ya’ni kurs bo’yicha minimum talablarni bajargan barcha talabalarga bir xil baho qo’yiladi. Bu narsa “GPA” tizimi bo’yicha eng yuqori ball olish uchun qattiq harakat qiladigan talabalarni ortiqcha mashaqqatdan saqlashi aytilmoqda.

Shu yil boshida kollejlar va universitetlar yopilib, onlayn kurslarga o’tilganida, bir qator talabalar tashkilotlari o’zlarining universitetlaridan imtihonlardagi baholash mezonlarini o’zgartirishni so’rab murojaat qildi.

An’anaviy ta’lim tizimiga o’rgangan ba’zi talabalar yangi tartibda o’qish qiyin bo’layotganini aytadi.

“Men internetda o’qishga o’rganmaganman”, – deydi Virjiniya shtatining Feyrfaks shahridagi Jorj Meyson universiteti talabasi Sara Kurian.

Ko’plab universitet talabalari global pandemiya paytida baholar “o’tdi/o’tmadi” shakli bilan cheklanishi tarafdori ekanliklarini bildirishdi.

“Biz xohlagan narsa – bu tanlov. Bizning baho darajalarimizga va “GPA”ga zararli bo’lishi mumkin bo’lgan tizimni majburan ishlatmang. “O’tdi/o’tmadi” tizimi va balli baholash tizimi orasidan qaysi birini tanashni o’zimizga qoldiring”, – deydi Markaziy Arkanzas universiteti talabasi Emma Davenport.

“Bugun tok o’chgani uchun o’z mashinamda kompyuterim bilan o’tirishga majbur bo’ldim. Telefonim zaryadlangan, muhim topshiriqni bajarish uchun telefon internetidan foydalandim. Lekin hamma ham bunchalik omadli emas. Oddiy qilib aytganda, “O’tdi/o’tmadi” baholash tizimini qo’llash juda muhim”, – deydi texaslik yana bir talaba

“Imtihonlar uchun “O’tdi/o’tmadi” tizimi kerak, chunki hamma har xil vaziyatda, – dedi Jorj Meyson universiteti talabasi Youjin Cho. – Dastlab, men kurslarimni harfli baholash tizimi bilan yopishni rejalayotgan edim, ammo so’nggi daqiqada Koreyaga qaytib ketishga qaror qildim, chunki COVID-19 AQShda yomonlashayotgan edi. Shunday qilib, harfli baholash yoki “o’tdi/o’tmadi” tizimidan birini tanlash imkoniyatining borligi meni xotirjam qildi”.

Ba’zi universitetlar talabalarga tanlov berishning o’rniga semestr uchun “o’tdi/o’tmadi” baholash tizimini barcha uchun majburiy qildi.

Hozirga qadar nufuzli to’rt universitet – Yel, Garvard, Kolumbiya va Dartmut shu yo’ldan bormoqda. Kolumbiya, Garvard va Stenford singari AQShning eng mashhur huquqshunoslik maktablari ham kurslar uchun “o’tdi/o’tmadi” tizimini barchaga birdek majburiy qildi.

Ba’zi talabalar bundan norozi.

“O’tdi/o’tmadi” tizimi “A” bahosini olish uchun ko’p mehnat qilgan talabalar uchun sharmandalik. Bu mening eng yaxshi semestrim va yangi baholash tizimi men yig’adigan “GPA” ballarini yo’qqa chiqaradi. Stajirovka va boshqa imkoniyatlar uchun bu ballar zarur”, – deydi Alabama shtatidagi Taskigi universiteti talabasi Jasmin Makkollum.

Koronavirus tufayli Pitsburgdagi universitetlar yopildi

Posted March 12th, 2020 at 3:30 pm (UTC-5)
Leave a comment

Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahrida joylashgan barcha universitetlar COVID-19 pandemiyasining izchil tarqalib borayotgani bois talaba yoshlar hamda oʻquv yurtlari oʻqituvchi xodimlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida onlayn taʼlim uslubiga oʻtish haqida qaror qabul qildi. Ayni koʻrinishdagi rasmiy bayonot shaharda mavjud boʻlgan barcha universitetlar saytlarida eʼlon qilindi. Ayni qaror ortidan aksar universitetlar ishchi xodimlari va oʻqituvchilari zimmasiga bahorgi taʼtildan keyingi oʻquv jarayonlarini onlayn uslubga oʻtkazish uchun barcha chora-tadbirlarni koʻrish va taʼtil oldidan oʻquvchi talabalarni bu haqda ogohlantirib, tushuntirish ishlari olib borish majburiyati yuklatildi. Ayrim universitetlar esa kelayotgan haftadan eʼtiboran onlayn taʼlim uslubiga oʻtishi haqda maʼlum qildi.

“Pitsburgdagi kampuslarimiz uchun 16-17-mart kunlaridagi darslar bekor qilinadi, bu universitet xodimlari oʻqituvchilarining alternativ oʻquv uslubiga oʻtish borasidagi tayyorgarlik ishlarini yakunlab olishlari uchun imkoniyat oʻlaroq koʻrilayotgan choradir. 18-martdan eʼtiboran jamiki taʼlim jarayoni alternativ oʻquv uslubiga oʻtkaziladi. Karnegi-Mellon jamoasi semestr yakuniga qadar masofadan taʼlim berish, yaʼni onlayn taʼlim uslubida oʻz ishini davom ettiradi. Biz joriy qilinayotgan bu choralar qachongacha davom etishi yoki qachondan toʻxtatilishi haqda muntazam xabar berib borishni oʻz zimmamizga olamiz”, deyiladi Pitsburgdagi nufuzli Karnegi Mellon (Carnegie Mellon) universiteti prezidenti Farnam Jaxanyan tomonidan eʼlon qilingan murojaatda.

Dyukeyn (Duquesne) universiteti maʼmuriyati nomidan eʼlon qilingan murojaatda ham kelasi haftaning dushanba va seshanba kunlari darslar boʻlmasligi va bu chora oʻqituvchi xodimlarning muqobil oʻquv uslubiga oʻtish ishlarini yakunlab olishlari uchun imkoniyat sifatida joriy etilayotgani va 18-martdan eʼtiboran barcha taʼlim jarayonlari onlayn uslubiga oʻtishi taʼkidlanadi.

Bundan tashqari universitet maʼmuriyati xorijdagi ishchi xodimlar, ilmiy izlanishlar olib borayotgan talabalarni zudlikda ortga qaytishga, AQSh hukumati va xususan Pensilvaniya mulozimlari tarafidan joriy etilgan ehtiyot choralaridan oʻtishga chaqirgan. Shu bilan birga Dyukeyn universiteti xuddi Karnegi-Mellon universiteti kabi xorijiy davlatlardagi boʻlimlari faoliyatini toʻxtatganini maʼlum qilgan.

Karlou (Carlow) universiteti prezidenti Syuzanna K. Mellon tomonidan tarqatilgan murojaatda universitet kelasi hafta uchun belgilangan barcha oʻquv dasturlarini butkul toʻxtatgani maʼlum qilinadi. Unga koʻra, oʻquv jarayoni 23-martda yangi uslubda qayta tiklanadi va yangi uslub sifatida onlayn taʼlim uslubi tanlangani urgʻulanadi.

“Ayni damlarda onlayn uslubda taʼlim olayotgan talabalar kelasi haftaning 16-martidan oʻz o’quv mashgʻulotlarini davom ettiradilar. Ammo yuzma-yuz oʻquv mashgʻulotlariga qatnovchi talabalar uchun bu tarzdagi mashgʻulotlar toʻxtatilganini maʼlum qilaman. Hozircha yotoqxonalar va sport zallari oʻz ishini davom ettiradi, ammo ularning ish kunlari universitet sogʻliqni saqlash va muhofaza qilish boshqarmasi jiddiy nazorati ostida qoladi. Qadimdan universitet har qanday musibat oldida oʻzining bukilmas matonatini namoyish etib kelgan, bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Biz oʻz jamoamiz sogʻligi va xavfsizligini taʼminlash borasidagi barcha urinishlarimizni davom ettiramiz”, – deyiladi Karlou universiteti prezidenti murojaatida.

Ayni paytda shahardagi barcha boʻgʻinlardagi maktablar, yaʼni boshlangʻich taʼlim, oʻrta taʼlim va yuqori taʼlim maktablari hamda kollejlar oʻz faoliyatini davom ettirishi maʼlum qilindi. Mazkur oʻquv muassasalari maʼmuriyatlariga koʻra, hozirda keskin choralar koʻrish uchun hech qanday asos mavjud emas, zero hanuzgacha Pitsburgda bu virus bilan bogʻliq birorta holat aniqlangani yoʻq.

Shahar maʼmurlari ham “COVID-19” pandemiyasi xavfi tufayli tegishli choralar koʻrishni boshladi. Jumladan, har yili keng tarzda nishonlanuvchi Avliyo Patrik kuni paradi bekor qilingani maʼlum qilindi, shu bilan birga shaharda belgilangan bahorgi marafonni ham oʻtkazish yoki oʻtkazmaslik masalasi jiddiy muhokama qilinayotgani aytilmoqda. Shu oʻrinda eslatib oʻtish joiz, koronavirusga oid holat hozircha Pensilvaniyaning sharqiy qismida qayd etilgan xolos. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, virus hozircha 16 kishida aniqlangan. Shahar maʼmurlariga koʻra, garchi parad bekor qilinsa-da, odamlar uchun odatiy boʻlgan kafe va barlarda bayram qilishlariga hech qanday toʻsqinlik qilinmaydi, ammo ayrim hollarda odamlar sonining koʻpayib ketmasligi choralari koʻrilishi mumkin.

Husniddin Qutbiddinov

 

Muallif haqida


Behzod AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari matbuotda e’lon qilingan. “Talabalar shaharchasi” sahifasining muallifi va bosh muharriri.

Talabalar shaharchasi haqida


Amerikada o'qishni xohlaysizmi? O'qish uchun grantlarni qanday topish yoki viza olish yo'l-yo'riqlari haqida ma'lumot qidirayotgandirsiz? Balki Amerikadagi vatandoshlarimiz hayoti, ular erishgan muvaffaqiyatlar haqida o'qishni istarsiz? Shu va yana boshqa ko'plab mavzular haqida "Amerika Ovozi" barcha sobiq, hozirgi va bo'lajak talabalarni Talabalar shaharchasiga muloqot uchun taklif etadi.
Talabalar shaharchasi - Sizning minbaringiz. Bu yerda Siz o'z tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko'rishingiz, ijodiy ishlaringiz va fikr-mulohazalaringiz bilan blogimizda muntazam ishtirok etishingiz mumkin. Ijodiy hamkorlik uchun uzbek@voanews.com elektron manzili orqali bizga bog'lanishingizni so'raymiz.